• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

12810.00

Sotish

12860.00

Bosh sahifa Fan va ta'lim Farg‘onalik talaba eskirgan shinalardan yonilg‘i olish texnologiyasini yaratdi
Fan va ta'lim

Farg‘onalik talaba eskirgan shinalardan yonilg‘i olish texnologiyasini yaratdi

  • 05.03.2025 / 11:31
  • 291
  • 0
111

Farg‘ona politexnika instituti Kimyo texnologiya fakultetining ikkinchi bosqich talabasi Sardorbek Holmamatov yaroqsiz shinalarni qayta ishlash orqali muqobil yonilg‘i olish texnologiyasini joriy qildi. Yangi loyiha atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatib kelgan bir qancha omillarni bartaraf etish imkoniyatini beradi.

Iste’moldan chiqarib tashlangan bir dona yaroqsiz rezina balon, tabiatga asrlar davomida zarar keltiradi. Boisi uning tarkibida rezina, neft, metall, sintetik moddalar mavjud. U tabiiy sharoitda 500 ming yilgacha chirimaydi. Yoqib yuborilsa, atmosferaga zaxarli karbonat angidrid gazi tarqaladi. Bu tabiat, atrof-muhit va inson salomatligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Iqtidorli talaba Sardorbekning ilmiy izlanishlari mazkur muammolarga yechim bo‘lishi mumkin.

Farzandining ilm-fan, ixtirochilik borasidagi harakatlari oila a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Yaratuvchilik yo‘lidagi sa’y-harakatlari uni Farg‘ona politexnika instituti sari yetakladi. Bilim maskani yosh iqtidor egasi hayot tarzi, kundalik ish amallarida o‘ziga xos o‘zgarishlarga qanot bo‘ldi. Hayolida charxlanib yurgan g‘oya va tashabbuslarni ro‘yobga chiqarish, ilmiy asosda boyitishga undadi. Bunda ustozlar ko‘magi, nazariy bilimlarni amaliyot asosida uyg‘unlashtirgan o‘quv jarayonlarining samarasi katta bo‘ldi. Dastlab, shunchaki qiziqishdan boshlangan izlanishlar ko‘lami kundan kunga kengayib bordi, yangi tahlillar, natijalar bo‘y ko‘rsatdi.

- Bugungi kunda insoniyat duch kelgan eng katta muammolardan biri, bu energiya tanqisligi, -deydi yosh tadqiqotchi. - Bu manbalarni ishlab chiqarishda asosiy xom ashyo, neft mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Ularning o‘rnini qoplovchi muqobil yonilg‘i manbalari yo‘q. Bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida, qattiq chiqindi hisoblangan yaroqsiz shinalardan ikkilamchi xom ashyo sifatida foydalanib, yonilg‘i olish texnologiyasini joriy qildik. Bu yo‘l orqali, yaroqsiz ayoshlarni tabiatga to‘planishi, yoqib yuborilishi bilan bog‘liq salbiy jihatlarning oldi olinadi. Bir tonna yaroqsiz shina yoqilganda atmosferaga 750 metr kub zararli gazlar chiqaradi. Bu avvalo inson salomatligi, atrof-muhit musaffoligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, turli xastaliklar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Yaroqsiz shinalar quyosh ta’sirida kichik moddalarga aylanib, ekin maydonlari, suv havzalariga ham zarar keltiradi.

Ustozim G‘ulomqodir Mirzaqulov bilan yaroqsiz shinalardan pirolis jarayoni, ya’ni yuqori xaroratda, kislorod va boshqa oksidlanuvchilar ishtirokida parchalash orqali yonilg‘i olish texnologiyasini joriy qildik. Natijada gazlar, suyuq va qattiq mahsulotlar hosil bo‘ldi. Bular dizel o‘rnini bosuvchi yonilg‘i, po‘lat, tabiiy gaz va sirtfaol modda (absorbent)lardan iborat. Mahsulotlar xalq xo‘jaligi va sanoat tarmoqlari uchun muhim xom ashyo vazifasini o‘taydi. Tahlillarimizga ko‘ra, bular tabiiy dizel mahsulotiga 98 foizga o‘xshash. Ular zamonaviy katolizatorlar yordamida tozalangani, sifat samaradorligini oshirish imkoniyatini berdi.

Mazkur texnologiyada chiqindi deyarli bo‘lmaydi. Olingan gazni o‘ziga yo‘naltirib, yonilg‘i sifatida foydalanish mumkin. Bir tonna yaroqsiz shinalardan 500 litr muqobil yonilg‘i olish mumkin. Uning tabiat, atmosferaga zararli jihatlari yo‘q.

Prezidentimizning yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvi ish samaradorligimizni yanada oshirishga, yangi tadqiqotlar ustida ishlash, izlanishlarga da’vat etdi. Ayniqsa, yoshlar tomonidan tatbiq etilayotgan startap loyihalarini moliyalashtirish uchun imtiyozli mablag‘lar ajratilayotgani, ilm-fan rivoji yo‘lida berilgan yangi imkoniyat eshiklarini ochish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashda muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi, deydi Sardorbek.

Yosh kashfiyotchining ilmiy izlanishlari iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasi, Yoshlar ishlari agentligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Mirzo Ulug‘bek vorislari” respublika tanlovida istiqbolli loyihalar qatoridan joy oldi.

- Loyihadan ko‘zlangan maqsad, umidlarimiz katta. Shu kunga qadar, bu yo‘nalishda olib borilgan ilmiy izlanishlarda bunday ijobiy natijalar kuzatilmagan, - deydi kimyo texnologiya fakulteti dekani, texnika fanlari  doktori G‘ulomqodir Mirzaqulov. Loyihalarimiz bu bilan cheklanib qolayotgani yo‘q. Ayni kunda, yomg‘ir suvidan foydalanib, sug‘orish murakkab bo‘lgan hududlarda “Yashil zona”lar tashkil qilish ustida ish olib boryapmiz. Yurtimizda yog‘ingarchilikning o‘rtacha yillik hajmi 186 mm.ni, adir va tog‘oldida 300-550 mm.ni tashkil etadi. Tog‘li hududlarda esa 800-900 mm.gacha yetib, 70-90 kungacha yog‘ingarchilik kuzatiladi.

Hisob-kitobga ko‘ra, 1 kvadrat metr tom sathidan o‘rta hisobda 186 litrga teng yomg‘ir suvini to‘plash mumkin. Bu sug‘orish murakkab bo‘lgan yerlarni o‘zlashtirish, suv bilan ta’minlash orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish imkoniyatini beradi. Tabiiy yomg‘irdan yig‘ib olingan suv quvurlar yordamida bevosita o‘simlik ildizlari atrofiga kichik me’yorlarda tomizib sug‘orilishi hisobiga, mehnat sarfi kamayadi, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi.

Yana bir jihati, yomg‘ir suvidan foydalanish orqali, bir kishi kuniga o‘rtacha 71 litrgacha ichimlik suvini tejashi mumkin. Ishlab chiqarish jarayonlari, maishiy xizmatlar, uy-xo‘jaligi, avtomobil yuvish shaxobchalarida yomg‘ir suvidan foydalanishni yo‘lga qo‘yish orqali, ichimlik suvini sezilarli miqdorda tejash mumkin. Loyiha, iqlim sharoitdan kelib chiqib, mavjud resurslarni iqtisod qilish va iste’molchilarning suvga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirish imkoniyatini beradi.

Sirasini aytganda, bilim olish igna bilan quduq qazishga qiyoslanadi. Uning zamirida sabr-toqat, mehnat va izlanish kabi hayot haqiqatlari mujassam. Yosh tadqiqotchi Sardorbek Holmamatov bu hayot haqiqatiga amal qilib, yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida o‘z bilim va salohiyatini namoyon etayotgan iqtidorli yoshlardan.

Rasuljon Kamolov, jurnalist

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar