
Farg‘onalik Dilnoza Abdurasulova dasturlash sohasiga o‘zgacha mehr qo‘yib, ushbu sohada katta yutuqlarga erishib kelayotgan hamyurtlarimizdan biridir. U Muhammad Al Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Farg‘ona filialida “Dasturiy injiniring va kiberxavfsizlik” kafedrasida assistent lavozimida ishlab keladi.
Yuqori bilim egallash yo‘lida doimiy intiluvchi, harakatchan va bugungi kunda zamonaviy kasblarning sir-asrorlarini mukammal o‘rganib, uni yoshlarga ham o‘rgatayotgan, sohasida e’tirofga loyiq yutuqlarga erisha olgan qahramonimiz kuni kecha mamlakatimizdagi eng nufuzli va ko‘plab qizlarning orzusi sanalgan Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga loyiq deb topildi. Bu hushxabar Dilnozaning jamiki yaqinlari, hamkasblari, ustozlarini nainki, uni Farg‘onada taniydigan barchani birdek quvontirdi.
Muvaffaqiyatga juda munosib qiz, deya e’tiroflar bildira boshlandi. Bu esa farg‘onalik qizlarning turli sohalar qatori, xususan, axborot texnologiyalari yo‘nalishida ham ilg‘or natijalarga erishayotganini yana bir bor isbotladi.
Dilnoza ushbu universitetning bakalavr va magistratura bosqichlarida o‘qiyotgan davrlarida ham ko‘plab olimpiadalar, respublika tanlovlarida faol ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni egallagan. Jumladan, xalqaro dasturlash bo‘yicha nufuzli olimpiadalarda Respublika bosqichida qatnashib, bir qator nomdor stipendiyalarga, xususan, 2017-yili “Al Xorazmiy” va 2018-yili “Beruniy stipendiyalari” sohibasiga aylandi. O‘zbekiston Respublikasi miqyosida o‘tkazilgan “Ixtirochi ayollarning eng yaxshi yuzta loyihasi” tanlovlarida viloyat va respublika bosqichlarida faol qatnashib, yuqori natijalarni qo‘lga kiritdi.
Dilnoza oilaning gulu-rayhonlari sanalgan qizlarning o‘qib, izlanib, jamiyatda ham oilada ham o‘z o‘rnini egallab, yuksak natijalarga erisha olishini o‘z hayoti misolida ko‘rsatib yashaydi. Uning erishayotgan natijalari o‘zbek qizlariga har jihatdan ibrat namunasini ko‘rsatadi. Xususan, u 2019-yili Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Farg‘ona filialiga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi. Va intiluvchanligi, kuchli qobiliyati sabab 2021-yili magistrlik disertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib “Dasturiy injiniring” kafedrasiga ishga qabul qilinadi.
Mehnat faoliyati jarayonida ham o‘zining tashabbuskorligini namoyon etib, “It Star”, “Start Up”, “ICP”, “Haskaton”, “TUIT digital Girils”, “Hududning 100 ta eng yaxshi ixtirochi ayoli”, “Yosh olim” kabi ko‘plab nufuzli tanlovlarda faol qatnashib, muvaffaqiyatli natijalarga erishib kelmoqda.
Dilnoza o‘zi ishlayotgan Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Farg‘ona filialida “Dasturchi qizlar” to‘garagini tashkil etib, u yerdagi qizlarning dasturlash sohasidagi bilimlarini yanada oshirishga harakat qilib kelmoqda. Xususan, ana shu maqsadda tashkil topgan Winners jamoasi bilan ko‘plab xalqaro dasturlash bo‘yicha loyihalarda ishtirok etib kelmoqda va shu orqali qizlarning axborot texnologiyalari sohasida ham yuqori bilimlarga ega bo‘lib, davlat va jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishini ko‘rsata oldi.
Shuningdek, qahramonimizning Scopus bazalarida 2 ta xalqaro va respublika jurnallarida 30 dan ortiq ilmiy maqolalar va 40 dan ortiq tezislari chop etilgan. Google scholar xalqaro indekslar bazasida 27 ta maqolalari idekslangan va 408 ta iqtiboslar muallifi hamdir.
O‘qish va izlanishdan tolmaydigan, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari yo‘lida ravon boradigan, tinib-tinchimaydigan Farg‘ona qizi o‘zining chet tillarini o‘rganishiga qiziqishi sabab, ingliz tilidan B2 darajasini olganligi va muloqot qila olishi sabab bugun xalqaro tanlovlarda ham O‘zbekiston sha’nini yuqoriga ko‘tarmoqda. Xususan, Github.com, Envato.com, kabi xalqaro ilovalarda va Figma C++ Java, Python, PHP. Javasripti, Yil2, Fluter, Photoshop kabi dasturlarda samarali faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Farzandning oilada dunyoga kelishi bilan ota-ona uni sog‘lom kamolga yetishini, baxtu-kamolini ko‘rishni orzu qiladi. Orzu-havas, niyat o‘z yo‘lida, bu yo‘lda farzandi kelajagi uchun yaratib berilgan imkoniyat, sharoit “ko‘z qorachig‘i” sanalgan dilbandini kamolga yetib, jamiyatda ham o‘z o‘rnini topishiga, Vataniga, xalqiga munosib xizmat qilishiga sabab bo‘ladi.
Dilnozaxonning otasi Botirali aka va onasi Ortiqxon opa ham ana shunday qizlarning tarbiyasi, kamoli yo‘lida barcha imkoniyat va sharoitlarni yaratib berishdi. O‘qib intilishi, orzulari sari dadil odimlari uchun mustahkam qanot bo‘la olishdi. Ana shu mehnatlar mana bugun o‘zining natijalarini ko‘rsatib, quvonchlari yuz karra ortmoqda.
Shuningdek, mehribon, vafodor turmush o‘rtog‘i Tohirjon Abduhafizovning ham qo‘llab-quvvatlashi zamirida bugun yuksak natijalar bo‘y ko‘rsatmoqda. Shiringina dilbandi jajji o‘g‘li Muhammadali esa uning hayotiga quvonch, fayz bag‘ishlab, yuksak ishlarga yanada ruhlantirmoqda.
Bugun o‘zbek qizlari erishayotgan ana shunday yuksak g‘alabalar, zabt etilayotgan yuqori bilim cho‘qqilari, dilbar qizlarimizni cheksiz salohiyat egasi bo‘la olishini namoyon etmoqda. Faqat buning uchun yurakda ezgu maqsad, bilim olish uchun intilish, izlanish bo‘lsa kifoya. Orzular albatta o‘z ro‘yobini albatta topadi.
Fotima O‘ktamova, jurnalist
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari