
Bugun bozorga tushsangiz turli ishlab chiqaruvchilar taklif qilayotgan xilma - xil qozonlarga ko‘zingiz tushadi.
Kecha judayam arzon sotilayotgan alyumin qozonlarga ko‘zim tushdi. Nima qilibdi, arzonginaku, dersiz?! Biroq, alyumin qozonning salomatlik uchun qanchalik xavf tug‘dirishini bilasizmi? Agar qozon anodlanmagan, ya’ni maxsus qoplama bilan qoplangan bo‘lmasa, unda mutlaqo ovqat pishirib bo‘lmaydi.
Anodlangan alyumin qozonning sirti yaltirab turmaydi. Xira - ruscha qilib aytganda “matoviy” tus oladi. Bozordagi aksariyat alyumin qozonlarda esa bu qoplama yo‘q, yaltirab yotibdi.
Yaltiroq alyumin qozonlarda tayyorlanadigan taomlar keltirib chiqaradigan kasalliklar xaqida eshitganmisiz?
Anodlanmagan alyumin qozondan foydalanish inson salomatligiga salbiy ta’sir qiladi. Buning asosiy sababi – alyuminning taomga chiqib ketishi va organizmga tushishidir. Quyida shuning ehtimoliy oqibatlarini sanab o‘taman:
- Nerv tizimiga ta’siri
Alyumin miyada to‘planib, alsgeymer kasalligi va boshqa kognitiv buzilishlar xavfini oshiradi.
Haddan tashqari alyumin ta’siri xotira pasayishi va diqqatsizlikka olib keladi.
- Oshqozon-ichak tizimiga zarari
Alyumin oshqozon shilliq qavatini shikastlab, gastrit va oshqozon yarasi, so‘ng oshqozon rakini keltirib chiqaradi.
Ovqat hazm qilish jarayoniga ta’sir qilib, ich qotishi yoki diareya (ichketish) keltirib chiqarishi mumkin.
- Buyraklarga zarari
Alyumin buyrak orqali chiqariladi, lekin buyrak yetishmovchiligi bo‘lgan odamlarda u organizmda to‘planib, zaxarli ta’sir ko‘rsatadi.
- Immunitet tizimiga ta’siri
Alyumin ortiqcha miqdorda to‘plansa, immunitet tizimiga ta’sir qilib, autoimmun kasalliklar xavfini oshirishi mumkin.
- Suyuqlik va mineral muvozanatini buzishi
Alyumin kalsiyning so‘rilishini pasaytirib, suyaklar mo‘rtlashishi va osteoporozga olib keladi.
Alyumin qozon va onkologiya o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida turli tadqiqotlar o‘tkazilgan.
Alyumin va onkologiya o‘rtasidagi ehtimoliy bog‘liqliklar:
- Hujayralarning zararlanishi
Alyumin oksidlovchi stressni oshirib, hujayralarga zarar yetkazishi mumkin. Bu holat DNK mutatsiyalariga sabab bo‘lishi va onkologik jarayonni tezlashtirishi mumkin.
- Bo‘g‘im va gipotalamus kasalliklari
Alyumin ba’zi tadqiqotlarda gipotalamus va ko‘krak bezi to‘qimalarida to‘planishi aniqlangan. Ayrim olimlar bu holat ko‘krak bezi saraton xavfini oshirishi mumkin deb taxmin qilishadi.
- Estrogen ta’sir
Alyumin gormonlar muvozanatiga ta’sir qiladi va shu yo‘l bilan gormonal onkologiya (masalan, ko‘krak bezi saratoni) xavfini oshiradi.
- Harorat va kislotali oziq-ovqat bilan reaksiya
Issiq va kislotali oziq-ovqatlar (pomidor, limon, uksusli mahsulotlar) alyumin qozonda pishirilganda, metall ko‘proq ajralib chiqishi va ovqat orqali organizmga tushishi mumkin...
Men alyumin qozon sotayotgan 5 nafar sotuvchiga "qozonlar anodlanganmi, sertifikati bormi?" degan savolni berdim. Biroq beshalasi ham "arzon qozonda sertifikat bo‘lmaydi" degan javobni berishdi. Odamlar esa o‘sha qozonlarni xarid qilishyapti.
Ular bolalari, nevaralariga taom pishirib berishadi va o‘zlari bilib, bilmagan xolda yaqinlarini zaxarlashlarini bilisharmikan?
Rivojlangan davlatlarda qozon va uning o‘rnini bosuvchi idishlar faqat zanglamaydigan po‘latdan ishlab chiqariladi. Ko‘p taomlar sirlangan, ya’ni emal sirtli idishlarda tayyorlanadi. Chunki, zanglamaydigan po‘lat va sirli idishlar maksimal darajada sog‘lik uchun bexatardir.
O‘zimizda esa, ota bobolarimiz azaldan cho‘yan qozonlarni tanlashgan. Sababi, cho‘yan qozon (cho‘yandan yasalgan qozon) bir nechta muhim afzalliklarga ega:
- Issiqlikni yaxshi ushlab turadi – cho‘yan uzoq vaqt davomida issiqlikni saqlaydi, bu esa taomlarni bir tekis pishirishga yordam beradi.
- Haroratni barqaror ushlab turadi – taomlarni past haroratda uzoq vaqt pishirish uchun ideal, masalan, osh, sho‘rva yoki qaynatma taomlar uchun.
- Cho‘yan qozon yuzlab yillar davomida xizmat qilishi mumkin.
- Tabiiy yopishmaga qarshi xossasi – vaqt o‘tishi bilan qozonning ichki qismida tabiiy yog‘li qatlam hosil bo‘ladi, bu esa taomlarning tagi olmasligi (kuymasligi)ga yordam beradi.
- Taomga maxsus maza beradi – cho‘yan qozonda pishgan taomlar o‘zgacha va yoqimli tamga ega bo‘ladi.
- Barcha turdagi plitalar va olovda ishlatiladi – gaz plitasi, elektr plita, pechka va hatto ochiq olovda ham ishlatish mumkin.
- Zararli moddalar chiqarmaydi – sintetik yopishma qoplamali idishlarga nisbatan tabiiy va xavfsiz hisoblanadi.
Tanlov, o‘zingizga havola!
Bozorga tushsangiz qozon tanlashda yanglishib qolmang!
Muazzam Ibrohimova
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari