• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

12810.00

Sotish

12860.00

Bosh sahifa Siyosat Prezident Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi 1-kun tafsilotlari
Siyosat

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi 1-kun tafsilotlari

  • 15.04.2025 / 19:12
  • 150
  • 0
111

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida 15-aprel kuni Andijon viloyatiga keldi.

Hududdagi o‘zgarishlar “havo darvozasi”danoq ko‘zga tashlanadi. Mamlakatimizda transport tizimini rivojlantirish borasidagi ishlar doirasida Andijon xalqaro aeroporti ham modernizatsiya qilinmoqda.

Tashrif chog‘ida davlatimiz rahbariga shu haqda axborot berildi.

Bu aeroport 1978-yilda qurilgan bo‘lib, hozirgi talablarga mos kelmay qolgan edi. Uchish-qo‘nish yo‘lagining yuk ko‘tarish qobiliyati pastligi, zamonaviy yoritish tizimining yo‘qligi sababli qatnovlarni qabul qilish imkoniyatlari cheklangandi.

Bugungi kunda rekonstruksiya ishlarining birinchi bosqichi bitkazildi. Uzunligi 3 ming 300 metr, kengligi 60 metr bo‘lgan yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi, yurish yo‘lagi va samolyotlar to‘xtash joyi qurildi. Drenaj tizimi yangilanib, yer osti suvi qochirildi. Shuningdek, bu yerda ikkinchi yurish yo‘lagi qurilishi davom ettirilib, IKAO CAT-II toifasidagi radar, meteorologiya va yoritish uskunalarini o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.

Natijada Boeing, Airbus rusumidagi yirik samolyotlarni ham, noqulay ob-havo sharoiti va tungi vaqtlarda ham qabul qilish mumkin bo‘ladi. Bu kunlik parvozlar sonini 10 barobargacha oshirish imkonini beradi.

Endi, ikkinchi bosqichda yo‘lovchi terminalini yangidan qurish ko‘zda tutilgan. Bu orqali yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish quvvati soatiga avvalgi 300 tadan 1000 taga, parvozlar soni yiliga 584 tadan 3 ming 700 taga ortadi. Bu Andijon shahri va Farg‘ona vodiysiga qatnovlar sonini ko‘paytirishga xizmat qiladi.

Faoliyatini qayta boshlagan mazkur aeroportda hozirda Toshkent – Andijon – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari bu yerda samarali boshqaruvni yo‘lga qo‘yish, xizmatlarni arzon qilib, mahalliy va xalqaro parvozlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Umuman, mamlakatimizda aeroportlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan yillarda Samarqand, Termiz, Urganch, Shahrisabz, Mo‘ynoq, Qo‘qon va Zomin aeroportlari yangilandi. Yana bir qator viloyatlarda modernizatsiya jarayonlari davom etmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev “WBM Romitex” klasterining Andijon shahrida qurilgan yangi korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

“WBM Fabrics” nomli ushbu korxona qayta ishlash zanjirining navbatdagi bosqichi. Umumiy qiymati 50 million dollarlik investitsiya loyihasi doirasida zamonaviy sanoat inshooti qurilib, Italiya va Germaniyadan yuqori texnologik uskunalar keltirib o‘rnatildi. Matoni bo‘yash va gul solish yo‘lga qo‘yildi. Korxona yiliga 24 ming tonna shunday xaridorgir mahsulot tayyorlash quvvatiga ega. Loyiha doirasida 600 ta doimiy ish o‘rni yaratildi.

Yana bir e’tiborli tomoni, majmuada Italiyadan keltirilgan zamonaviy suv tozalash inshooti barpo etilgan. Unda bo‘yoq sexidan chiqqan texnik suv tozalanib, qayta foydalanishga yo‘naltiriladi. Bu tejamkorlik va ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.

Davlatimiz rahbari korxonadagi ish jarayonini ko‘zdan kechirdi, mutaxassislar bilan muloqot qildi. Ishlab chiqarish maydonlaridan samarali foydalanish, energiya tejamkorlik orqali tannarxni kamaytirish, ishchilarning kasbiy malakasini oshirish masalalari to‘g‘risida so‘z yuritildi.

Qayd etish joiz, korxona faoliyati tashqi bozorga ixtisoslashgan, yillik eksport hajmi 55 million dollarni tashkil etadi.

Andijon viloyatida to‘qimachilik sanoati jadal rivojlanmoqda. Hududda yetishtirilgan paxtani zamonaviy klaster tizimida chuqur qayta ishlash kengayib borayotir. Viloyatning respublika to‘qimachilik sanoatidagi ulushi 16,5 foiz. 2024-yilda Andijonda 20 trillion so‘mlik to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarilib, 488 million dollarlik eksport qilingan. Bu viloyat umumiy eksportining 42 foizini tashkil etadi.

Keyingi manzil: Prezident Andijon viloyatida 2025-yilda erishilishi rejalashtirilgan asosiy maqsadlarga oid taqdimot bilan tanishdi.

Joriy yilning birinchi choragida investitsiya loyihalari samarasida hamda tijorat banklari ishtirokida 77 ming nafar fuqaro ish bilan ta’minlangan.

Umuman, 2025-yilda 5 milliard 700 million dollarlik 166 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Bu orqali 31 mingta ish o‘rni ochiladi. 31 turdagi yangi mahsulot olish yo‘lga qo‘yilib, 1,5 milliard dollarlik eksport imkoniyati yaratiladi. Korxonalarni barqaror energiya bilan ta’minlash uchun 65 megavatt yangi quvvatlar barpo etiladi.

Bu ishlarni davom ettirib, yil yakuniga qadar umumiy 305 ming nafar aholini daromadli ish bilan ta’minlash maqsad qilingan.

Taqdimotda iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, sanoatni rivojlantirish, yangi texnologiyalarni joriy etish va ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. 2025-yilda iqtisodiy o‘sish sur’ati 5,5 foizga yetishi kutilmoqda.

Prezident mutasaddilarga loyihalarni o‘z vaqtida bajarib, aholini daromadli ish bilan ta’minlash, ishsizlarni kasbga yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Undan keyin Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatining hududiy sanoat yarmarkasini borib ko‘rdi.

Bu yerda 110 ta korxonaning 500 ga yaqin mahsuloti namoyishga qo‘yilgan. Jumladan, avtomobilsozlik, mashinasozlik, to‘qimachilik, elektr texnikasi, raqamli texnologiyalar, qurilish materiallari, oziq-ovqat, gulchilik, asalarichilik, baliqchilik va boshqa tarmoqlardagi samarali loyihalar taqdim etilgan.

Davlatimiz rahbari viloyatda ishlab chiqarilayotgan keng turdagi mahsulotlar va ilg‘or ishlanmalar bilan tanishdi, ularning tashabbuskorlari bilan suhbatlashdi. Yaxshi tajribalarni qo‘llab-quvvatlab, yurtimiz miqyosida ommalashtirish zarurligini ta’kidladi.

Shu maqsadda yarmarkaga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkentdan mas’ullar va tadbirkorlar taklif etilgan. Ular mahsulotlarni birgalikda ishlab chiqarish, kooperatsiya va savdo-sotiq masalalarida fikr almashmoqda.

Bugungi kunda Andijon viloyatida 11 mingdan ziyod sanoat korxonasi bor. Ularning respublika sanoatidagi ulushi 10 foizdan yuqori.

Xususan, hududda 47 ta sanoat zonasi tashkil etilgan. Ularda 2,3 trillion so‘mlik 1 000 ta loyiha amalga oshirilgan bo‘lib, 18 ming kishi ish bilan ta’minlangan. Mazkur zonalarda 2024-yilda 1 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, qariyb 31 million dollarlik eksport qilingan.

Bugungi kunda qiymati 1 milliard dollarlik 288 ta investitsiya loyihasi amalga oshirish jarayonida.

Jumladan, bu yil 119 ta loyiha ishga tushirilib, 4 mingdan ortiq ish o‘rni yaratiladi. Sanoat mahsulotlari eksporti 47 million dollarga yetkaziladi.

O‘tgan yilgi tashrifdan so‘ng, Oltinko‘l tumanidan 16 gektar yer ajratilib, mebellarni klaster usulida ishlab chiqarish majmuasi tashkil etilgan edi. Bu yerda 100 dan ortiq ustaxona, 236 ta shourum va savdo nuqtalari joylashgan.

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar