
Bugungi kunda, yoshlar orasida zamonaviy kasblarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqish tobora ortib bormoqda. Tezkor axborot asrida internet, sun’iy intelekt imkoniyatlaridan oqilona foydalanayotgan yosh yigit-qizlar esa sohadagi bilimlarni avvvalo chuqur o‘rganib, shu orqali dunyoqarashini rivojlantirib, masofadan turib yuqori daromad topishni ham uddalamoqda.
Maqolamiz qahramoni 24 yoshli Marjona Jamoliddinova ham bir necha yillardan buyon IT imkoniyatlaridan samarali foydalanib, o‘z yo‘nalishida shu kunga qadar qator yutuqlarni qo‘lga kiritib kelmoqda. Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanidagi Qashqar mahallasida tavallud topgan qahramonimizni bolalikdan kompyuter o‘ziga jalb etgan.
Maktabdagi kompyuterlar bilan boyitilgan sinfxona yonidan shunchaki o‘tmas, ushbu axborot vositalari negadir uning ko‘ziga mo‘jizadek ko‘rinardi. Har bir o‘tgan kompyuter darslarida faollik bilan qatnashib, saboqlarni diqqat bilan o‘zlashtirib olardi. Nihoyat qizginaning orzusi uning 15 yoshida amalga oshdi. Ota-onasi qizlarining bu qiziqishlarini ko‘rib, unga zamonaviy kompyuter sovg‘a qilishdi. Shu kundan boshlab Marjona komyuter saboqlarini sekin-asta o‘rganib, bir yil davomida kompyuterni mukammal o‘rganishga erishdi.
- Kompyuterni o‘rganganim sari uning ichki olamiga kirib borardim. Har bir fayl, dastur hattoki, o‘yinlar qanday yaratilgani bilan qiziqa boshladim. Endi balki o‘zimni programmamni tuzarman yoki bolalar ongini rivojlantirishga qaratilgan biror o‘yin yaratarman. Buning uchun nima qilish kerak, o‘rganish kerak faqat o‘rganish, - deya bu boradagi bilimlarimni oshirib bordim, - deydi Marjona.
O‘z maqsadi yo‘lidan dadil og‘ishmay ketayotgan Marjonaga ustozlari tirgak, ko‘makchi bo‘lishdi. 2022-yilda esa o‘zi sevgan, o‘zi tanlagan yo‘nalishga ya’ni, Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Farg‘ona filialiga talabalikka qabul qilindi.
O‘qish davrida qahramonimiz axborot texnologiyalarining keng imkoniyatlarini o‘z faoliyatida qo‘llashga harakat qiladi. Xususan, Java, Piyton dasturlash tillarida dastur tuzmoqda. Marjona o‘qish bilan birga bolalarga “AyTi”ni yanada chuqurroq o‘rgatish maqsadida maxsus o‘quv markazini ochgan.
- Ushbu o‘quv markazimizda dars mashg‘ulotlarini o‘quvchilarimizga yanada qulay va oson o‘rgatish uchun raqamlashtiryapmiz. Ya’ni, oflayn dars bilan birgalikda bolalar uchun qo‘shimcha dars tayyorlash uchun sport programmasini yaratib, uni shogirdlarimga o‘rgatib kelayapman, - deydi suhbatdoshimiz.
Marjonaxon IT orqali shuningdek yoshlarga matematika, mental arifmetika, mantiqiy va tanqidiy fikrlash saboqlarini ham berib kelmoqda. Bu esa yoshlarning o‘qish va kelgusidagi ish faoliyatlarida ham juda muhimdir.
- Faoliyatimizda shu bilan birga bir loyihaga qo‘l urdik, ya’ni, “Working in travel” loyihasi ushbu dasur bilan ayollarning ITga bo‘lgan munosabati va qiziqishini oshirib, soha imkoniyatlaridan foydalanishlariga sharoit yaratish va bu boradagi bilimlarni aytini o‘rganmoqchi bo‘lgan xotin-qizlarga o‘rgatishni maqsad qilganman. Asosiysi, onlayn o‘rgatish kurslari orqali olis, chekka hududlarda yashayotgan ayollarga ham ITni o‘rgata olsak, ularning yashash sharoitlariga yanada farovonlik kiradi va biz o‘z maqsadimizga yetgan bo‘lamiz, - deydi yosh dasturchi Marjona.
Ana shunday yuksak g‘oyalar, ezgu maqsadlar bilan yashayotgan qahramonimiz o‘qishda ham faol. Xususan, “Yil talabasi” tanlovi g‘olibasi, shuningdek, Rossiya, Dubay, Daniya kabi davlatlarda chop etiladigan xorijiy jurnallarda maqolalari chop etilgan.
Marjonaning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi bor. Raqamli texnologiyalar asrida u imkoniyati cheklangan yoshlar, o‘quvchilar uchun ham maxsus darslar tashkillash va nogironligi bor yoshlarga ITni o‘ratishni niyat qilgan. Chunki, uning fikricha kelajakda boshqa sohalar ham raqamlashtirilib, faoliyat o‘z-o‘zidan ayti bilan bog‘liq bo‘lib qoladi. Bu esa ish jarayoniga yanada yengillik, qulaylik olib keladi.
Darhaqiqat, har bir davrda insonlar uchun manfaat olib keladigan qulayliklar, sharoit va imkoniyatlar yaratiladi. Bugungi axborot asrida yoshlar uchun yaratilgan kelajak kasblari ularning hayotiga o‘zgarish, yangilanish, farovonlik olib kelish bilan bilan birga, tafakkurini boyitishga, sog‘lom fikrlash va baxtli hayot kechirishiga puxta zamin yaratadi.
Fotima Mansurova, jurnalist
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari