• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

12810.00

Sotish

12860.00

Bosh sahifa Jamiyat Qonunni davlat xizmatchilari buzadi, jabrini oddiy xalq ko‘radimi? (1-qism)
Jamiyat

Qonunni davlat xizmatchilari buzadi, jabrini oddiy xalq ko‘radimi? (1-qism)

  • 17.04.2025 / 16:01
  • 241
  • 0
111

Gap shundaki, 2024-yil 4-sentyabr kuni Farg‘ona shahridagi "Bahor" mahalla fuqarolar yig‘inida navbatdan tashqari kengash yig‘ilishi o‘tkazilgan. Bu yig‘ilishda kengash vakolatiga kirmaydigan masala - ya’ni Sanoat ko‘chasi 36-uydagi yerda mavjud bino-inshootlarni buzib, o‘rniga 5 qavatli savdo va ofis binosi qurish masalasi muhokama qilingan. Bayonnomada ko‘plab qonunbuzarliklar va kulgili holatlar qayd etilgan.

Bayonnomada yig‘ilish raisi sifatida MFY raisi Yo.Maqsudov ko‘rsatiladi, ammo u imzo qo‘ymagan. Uning aytishicha, bu yig‘ilishni u emas, hokim yordamchisi o‘tkazgan. Bayonnoma nusxasi ham unda yo‘q. U hatto advokat so‘roviga: “Hokim yordamchisi bersa, olib beraman”, degan.

Qurilish nazorati inspeksiyasi mutaxassisi Sh.Xayitbayev ham kengash yig‘ilishida qatnashgan. Lekin mutaxassis mahalla kengashi yig‘ilishida ishtirok etishi mumkinmi? Qizig‘i, bu qurilishga ruxsat allaqachon – 2023-yil aprelda berib bo‘lingan. 2024-yilda mahalla kengashi bu masalani muhokama qilayotgani tushunarsiz.

Kengash a’zosi J.Jumayevning gaplari: “Alloh yaxshi qo‘shni bersa xayr, yomon qo‘shni turmush tinchligini buzadi” deya bayonnomada keltirilgan. Demak, 5 qavatli bino qurilishiga qarshi chiqqan qo‘shnilar “yomon qo‘shni” bo‘lib chiqyapti? Mazkur bayonnoma kimning so‘zlarini aks ettiradi: kotib - hokim yordamchisinikimi?

X.Mamajonov Islomda qo‘shnichilik ahamiyati haqida hadis keltirgan. Ammo jamoatchilik muhokamasida diniy dalillarni keltirish qanchalik maqsadga muvofiq?

Ba’zi a’zolarning fikrlari yozilmagan, yozilganlarida esa rostdan shunday aytilganiga shubha tug‘iladi. Bayonnomani o‘qib, o‘zingiz baho bering.

Farg‘ona tumanlararo ma’muriy sudi mazkur qarorni qonuniy deb topmadi. Sud xususiy ajrim chiqardi: qatnashganlar soni va ovoz berish jarayoni noaniq; bayonnomani mahalla raisi emas, hokim yordamchisi imzolagan; E.Umarova so‘zga chiqqan deb ko‘rsatilgan, lekin u ishtirok etmaganini aytgan.

Sudda qatnashgan ba’zi kengash a’zolari yig‘ilishda bo‘lmaganini, ba’zilari esa bo‘lgan, lekin imzo qo‘ymaganini tan olgan. Yana ba’zilar yig‘ilishga kelgan, lekin qanday masala muhokama qilinganini eslay olmadi. Shu sababli sud ham bu yig‘ilish haqiqiy bo‘lganmi yo yolg‘onmi - aniq xulosaga kela olmadi.

Quruvchi tadbirkor esa: “Men uyma-uy yurib, imzo to‘pladim”, deb aytgan. Shunday ekan, bayonnoma yig‘ilishda tuzildimi yoki keyinchalik tuzildimi - noma’lum.

Eng qizig‘i - aynan shu shubhali bayonnomani viloyat Arxitektura va shaharsozlik kengashi “yuridik hujjat” sifatida qabul qilgan! Bizdagi videoyozuvlar buni tasdiqlaydi.

Sud yakunida hokim yordamchisi boshqa, ikkinchi bayonnomani taqdim qildi. Tabiiy savol tug‘iladi: qaysi bayonnoma haqiqiy?

Shaharsozlik qonunchiligiga ko‘ra, qurilishdan avval jamoatchilik muhokamasi o‘tkazilishi kerak edi. Ammo bu muhokama bir yil o‘tib, hokim yordamchisi tomonidan, chegaradosh qo‘shnilar ishtirokisiz o‘tkazilgan.

Mahalla raisi esa bu ishlarni “men emas, hokim yordamchisi qilgan” deya chetga chiqmoqda. Aslida, na u, na hokim yordamchisi bunday qaror qabul qilishga vakolatli emas!

Jamoatchilik muhokamasi nomiga qilingan. Qonun buzilgan. Bayonnoma soxtalashtirilgan bo‘lishi mumkin. Lekin jabrni kim ko‘ryapti? Oddiy fuqarolar, ya’ni o‘z huquqini talab qilgan qo‘shnilar.

Shu sababli vakolatli idoralar bu holatga jiddiy e’tibor qaratadi va hokim yordamchisi hamda mahalla raisining xatti-harakatlariga qonuniy baho beradi degan fikrdamiz.

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar