
Axborot texnologiyalari tobora rivojlanib borayotgan bugungi davrda yoshlarning zamonaviy kasblarni, xususan, IT sohasini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish va intilishlari ham ortmoqda.
Bu esa ularni axborot maydonidagi bilimlarni chuqur egallash bilan birga, fikrlash doirasini o‘stirish, aql-tafakkurini rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga mamlakat taraqqiyoti va rivojiga keng yo‘l ochib, kelgusida yangi va istiqbolli loyihalar yaratilishida puxta zamin yaratmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ahmadjon Abduhoshimjonov ham ana shunday bilimli yoshlardan biri. U yosh bo‘lishiga qaramay, bugungi kunga qadar IT sohasi bo‘yicha e’tirofga loyiq yuqori natijalarga erisha oldi. Bolalik chog‘idanoq kompyuter texnologiyalarini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi bugungi kunda unga mukammal va foydali dasturiy loyihalarni yaratishga turtki bo‘lmoqda.
- Faoliyatim davomida bir qancha yirik loyihalarda ishtirok etdim, - deydi yosh dasturchi. Jumladan, “Buypin” va “Buy-Up” onlayn o‘yinlar uchun to‘lov tizim platformalari, U-logistik yuk tashish va logistika jarayonlarini avtomatlashtiruvchi platforma. “Alimarket”, “Band Booster” kabi boshqa ilovalarni yaratishga muvaffaq bo‘ldim. Hozirda “Flutter” orqali mobil ilovalar, “Django, baskend” kabi tizimlar hamda “OpenAi” texnologiyalarida sun’iy intelekt bilan faollashmoqdaman, - deydi qahramonimiz.
Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahrida tavallud topgan Ahmadjon o‘rta maktabni tamomlab, o‘zi tanlagan yo‘nalishni yanada mukammal egallash maqsadida 2022 yilda Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Farg‘ona filialiga dasturiy ta’minot muhandisligi yo‘nalishiga o‘qishga kiradi. U ayni damda talaba bo‘lishiga qaramay qator yutuqlarga erishishga ham ulgurdi. Jumladan, turli startap loyihalarda faol ishtirok etib kelmoqda. Yaqinda ICPC xalqaro dasturlash musobaqasida O‘zbekistonning 15 talik jamoasi tarkibida mamlakat sharafini himoya qildi. Shuningdek, yosh dasturchi xalqaro frilans platformalarida amaliy tajriba orttirgan yoshlardandir.
- Bugungi axborot asrida “AyTi” sohasi yoshlar o‘rganmoqchi bo‘lgan eng muhim va foydali soha sanaladi. Uni o‘rganish orqali yoshlar mobil qurilma, sun’iy intelekt kabi tarmoqlarning imokoniyatlaridan samarali foydalanadi. Xususan, yoshlarning telefonga qaramlik hissidan xalos bo‘lishiga yordam beradi. Chunki undan faqat foyda olish, daromad topish, til o‘rganish, zamonaviy kasblarni puxta egallashga chorlab turadi, - deydi yosh suhbatdoshimiz.
Darhaqiqat, jamiyatimizda bilimli, kasbu-korli yoshlarning har jihatdan o‘z mahoratlarini oshirishga bo‘lgan qiziqishlari, bu yo‘lda olib borayotgan intilishlari ularni o‘z oldiga qo‘ygan oliy maqsadlariga erishishlarida ko‘prik bo‘lib xizmat qiladi. Bunda esa albatta, oilada ota-onalar tomonidan farzandlarning ta’limi olishi uchun yaratib berilayotgan sharoit va imkoniyatlar ularning kelajagi yanada mustahkam va porloq bo‘lishida o‘z samarasini bermoqda.
Fotima Mansurova, jurnalist
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari