• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

12810.00

Sotish

12860.00

Bosh sahifa Jamiyat Panjara ortidagi chaqaloq: Marg‘ilonlik ayol fuqarolarni 850 mln. so‘mga yaqin pulga chuv tushirdi
Jamiyat
Voqealar

Panjara ortidagi chaqaloq: Marg‘ilonlik ayol fuqarolarni 850 mln. so‘mga yaqin pulga chuv tushirdi

  • 08.06.2025 / 22:55
  • 426
  • 0
111

Avvalroq Inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov Farg‘onadagi sud zalidagi panjara ortida qo‘lida go‘dak bilan tasvirlangan videolavhani e’lon qilgan edi.

Uning ta’kidlashicha, “Siz tasvirda ko‘rayotgan jarayonni ulashishga ikkilandim. Bobom: "Yalqovdan anqov yomon" derdi. Haqiqatan anqovning, fahmsizning kasofati ko‘pchilikka uradi: katta ehtimol bilan bolani panjara ortiga kiritishga "rahmdil" konvoy xodimlari ruxsat berishgan.

Video bugun Farg‘ona sudlaridan biridan olindi. Ayolning nima bilan ayblanayotgani, uning keyingi taqdiri unchalik muhimmas, bu kunda bo‘ladigan hodisa. Ammo panjara ortida chaqaloq nima qilyapti?”

Farg‘ona viloyati sudlari holat bo‘yicha munosabat bildirdi.

Joriy yilning 24-aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Marg‘ilon shahar sudining hukmi bilan M.X.ga (1991 yilda tug‘ilgan, ayol) nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi bilan JKning 60-moddasiga (bir necha hukm yuzasidan jazo tayinlash) asosan 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Muqaddam M. X.ga jinoyat ishlari bo‘yicha Toshloq tuman sudining 2022-yil 3-avgustdagi hukmi bilan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a”, “b” bandlari bilan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, JPKning 533-moddasi (hukmning ijrosini kechiktirish) 1-qismi 3-bandiga asosan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi ijrosi uning farzandi 3 yoshga to‘lgunga qadar, yani 2025-yil 13-may kuniga qadar kechiktirilgan.

M.X. sudning hukmi bilan tayinlangan jazo kechiktirilgan davrda yana qayta Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etib, jabrlanuvchilarga jami 846 477 394 so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazib og‘ir jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topilgan hamda sud zalida qamoqqa olingan.

Qamoqqa olingan vaqtda sudlanuvchining 2025-yil 19-mart kuni tug‘ilgan farzandi qo‘lida bo‘lgan va farzandini vasiylik va homiylik tashkilotiga topshirishni xohlamagan.

Farg‘ona viloyati voyaga yetmaganlar komissiyasining mutasaddi xodimlari tomonidan sudning ruxsatnomasi bilan tergov hibsxonasiga kirib bolaning hozirgi ijtimoiy va ruhiy holati va uning huquq va manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, zarurat tug‘ilgan taqdirda bolani vasiylikka olish masalasi ham ko‘rib chiqilgan.

Jinoyat-ijroiya kodeksining 132-moddasi (bolalarni jazoni ijro etish koloniyalari qoshidagi bolalar uyiga joylashtirish) talablaridan kelib chiqib, M. X. voyaga yetmagan farzandini 3 yoshga to‘lgunga qadar o‘zi bilan olib qolish huquqidan foydalangan.

M.X. jinoyat ishlari bo‘yicha Marg‘ilon shahar sudining 2025-yil 24-apreldagi hukmidan norozi bo‘lib apellyatsiya shikoyati keltirgan. Ayni paytda ushbu apellyatsiya shikoyati Farg‘ona viloyat sudining apellyatsiya instansiyasida ko‘rilmoqda.

Mazkur jinoyat ishini apellyatsiya tartibida ko‘rilishi bilan bog‘liq keyingi sud majlisida bolaning hozir bo‘lishi uning manfaatlariga zidligi nuqtayi nazaridan sud tomonidan vasiylik organiga bolani sud jarayonida ishtirok etmaslikka oid tegishli choralar ko‘rish masalasini kiritgan.

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar