• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

12810.00

Sotish

12860.00

Bosh sahifa Jahon “Ishonch, umid va muhabbat” – qo‘lsiz va oyoqsiz Nik Vuychichning shiori
Jahon
Qiziqarli

“Ishonch, umid va muhabbat” – qo‘lsiz va oyoqsiz Nik Vuychichning shiori

  • 09.06.2025 / 22:48
  • 516
  • 0
111

Nik Vuychich – butun dunyodagi millionlab insonlar baxtli bo‘lishni o‘rganadigan, g‘oyalari insonlarga mehr-muhabbat tuyg‘usi bilan yo‘g‘rilgan inson. Uning ma’rifiy fikrlari va bizni bu hayotda qurshab turgan barcha narsaga ma’naviy munosabati insonlarga o‘z kuchlariga ishonch va nekbinlik (optimizm) bag‘ishlaydi.

Nik bir yilda 250 martagacha chiqishlar qiladi. Uning nutqlaridan butun dunyodagi millionlab kishilar ruhlanadilar. Ular orasida ilg‘or fikrli kishilar, alohida ehtiyojmand insonlar, bolalar va hatto prezidentlar ham bor. U 13 ta davlatning rahbari bilan uchrashgan. Uning hayoti va iroda kuchi hech bir insonni befarq qoldirmaydi, fikrlash doirasining kengligi esa insonlarni o‘z shaxsiyatlarini rivojlantirishga rag‘batlantiradi.

Nik Vuychich qo‘l-oyoqsiz dunyoga keldi va hatto uning eng yaqin kishilari o‘zlarining eng yuksak orzularida ham yillar o‘tib, u tirik afsonaga aylanishini, uning timsoli butun dunyodagi kishilarni ruhlantirishini tasavvur ham qila olmaganlar. Bugungi kunda Nik Vuychich – eng mashhur motivatsion notiq, nogironlarga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan “Qo‘l-oyoqsiz hayot” notijorat tashkilotining direktori, “Chegarasiz hayot”, “Neuderjimiy”, “Kuchli bo‘l!” mega-bestsellarining muallifi.

Nikning auditoriyasi 8 milliondan ortiq kishini tashkil etadi. Odamlar u bilan uchrashishni orzu qiladilar va uning yuzlab muxlislari har yili uning chiqishlarida ishtirok etish uchun boshqa mamlakatlarga uchib boradilar. Bu shunchaki oddiy master-klass bo‘lmaydi, balki minglab insonlarning hayotini o‘zgartiradigan kun bo‘ladi. Uning chiqishlari hatto chuqur umidsizlik orqasidan ham muammolarning yechimini ko‘rish imkonini beradi, u ergashish va taqlid qilish uchun namuna bo‘lishga loyiq. Axir bu butun dunyo sevadigan noyob odam – hech narsaga qaramay, ulkan muvaffaqiyatlarga erisha olgan inson!

Nik Vuychichning shaxsiy misolida Siz:

- “katta” orzular qilishga va bu orzularni amalga oshirishga o‘rganasiz;

- fikrlashda ichki cheklanish va qo‘rquvlardan qanday xalos bo‘lishni tushunasiz;

- eng muhim narsani orqaga surmaydigan bo‘lasiz va o‘z hayotingizni yaxshi tomonga o‘zgartira boshlaysiz.

Nik Vuychich 43 yoshda. Hozir Los-Anjelesda yashaydi. Ikkita oliy ma’lumotga ega, kompyuterda daqiqasiga 43 ta so‘z tezligida yozishni o‘rgandi, serfing bilan shug‘ullanadi, golf o‘ynaydi, baliq oviga qiziqadi. Suzadi va hatto tramplindan suvga sho‘ng‘iydi.

Nikning missiyasi – boshqa insonlarga yordam berish. Yozuvchilik faoliyati va notiqlikdan tashqari u ko‘p vaqtini Life Without Limbs (“Qo‘l-oyoqsiz hayot”) jamg‘armasini rivojlantirishga ajratadi. Bu tashkilot xuddi Nik kabi tetraameliya tug‘ma sindromi bilan tug‘ilgan, shuningdek baxtsiz hodisa yoki kasallik sababli qo‘li va oyog‘ini yo‘qotgan insonlarga yordam beradi.

Nik Vuychich o‘z rafiqasini sevadigan er va to‘rt farzandning baxtiyor otasi. U nafaqat o‘zi to‘laqonli hayot kechiradi, balki boshqa odamlarda ham o‘ziga ishonch, umid va muhabbat tuyg‘ularini uyg‘otishga yordam beradi.

Nik Vuychich – avstraliyalik mashhur motivatsion spiker, yozuvchi, jamoat arbobi. Hayotni juda sevuvchi, ajoyib notiq, garchi u qo‘lsiz-oyoqsiz tug‘ilgan bo‘lsada, jahon hamjamiyatining yuksak ishonchini qozonganligi bilan noyob inson hisoblanadi.

Nikolas Vuychich Melburnda, Serbiyadan kelib qolgan emigrantlar Dushka va Boris Vuychichlar oilasida tug‘ilgan. U dunyoga kelayotgan paytda otasi tug‘ruq palatasida edi. Chaqaloqning qo‘lsiz yelkalariga ko‘zi tushgan ota qo‘rquvdan o‘zini koridorga urdi. Tug‘ruqdan so‘ng ota shifokordan: “O‘g‘limning qo‘llari yo‘qmi!”, - deb so‘radi. Shifokor katta afsus ila tashhis qo‘ydi. “Uning na qo‘li, na oyog‘i bor. Bu tetraameliya”.

Kasallik chaqaloqni qo‘llaridan mahrum qildi. Badanining pastki qismida uncha rivojlanmagan, panjalari bir-biriga yopishib ketgan tovon mavjud edi. Shunga qaramay, Nik sog‘lom dunyoga kelgandi. Tug‘ruqdan so‘ng, jarrohlik amaliyoti bajarilib, tovondagi panjalar bir-biridan ajratildi. Shunday qilib Nik olamni idrok etishda yordam beradigan yagona manipulyatorga ega bo‘ldi. Bu esa Vuychich uchun yozishni o‘rganishga, hatto skeytbordda uchishga imkon berdi.

Jismoniy kamchilik tufayli Nik bolaligida ko‘p tahqirlangan. Ota-onasi uni oddiy maktabda o‘qishga majbur qilardi. Bu bolaga azob berardi. Bundan tashqari, tengdoshlari o‘zlariga o‘xshamaganligi uchun Nikni mazax qilishardi. Bunga javoban bola hech narsa deya olmasdi. 6 yoshligida akasi saraton kasalligidan vafot etgach, u qattiq larzaga tushdi. Hatto 10 yoshida u o‘zini-o‘zi o‘ldirmoqchi bo‘ldi. Biroq, o‘zini-o‘zi o‘ldirish ota-onasi, uni sevuvchi kishilarga katta qayg‘u keltirishini o‘ylab, bunday qaltis o‘ydan voz kechdi. Shunda u o‘zini xristianlikda, Yaratganga bo‘lgan muhabbat ila qaytadan kashf etdi.

17 yoshida Vuychich birinchi bor cherkovga ibodatga kelganlar huzurida diniy ma’ruza o‘qidi. 19 yoshida esa uni o‘zi tahsil olayotgan Griffit universiteti talabalari uchun ma’ruza o‘qishga taklif etishdi. Ma’ruza juda katta muvaffaqiyat qozondi va yosh avstraliyaliklar jonli munosabatiga sazovor bo‘ldi.

Nostandant ko‘rinish, g‘amxo‘rlik va hayotni sevish yosh ma’ruzachiga mashhurlik keltirdi. Bu esa uning 1999-yilda “Qo‘l-oyoqsiz hayot” deb nomlanuvchi diniy xayriya tashkilotini tuzishga turtki berdi. Qisqa vaqt ichida Nikning qit’adagi mashhurligi shu darajaga yetdiki, u 2005-yili “Young Austalian of the Year” (“Yilning yosh avstraliyachisi”) nishoni bilan taqdirlandi. Shuningdek, Nik “Attitude is Altitude” deb nomlanuvchi motivatsion kompaniya sohibi hamdir.

Nik Vuychich sayohatni sevadi. Shu asnoda o‘zining dunyoqarashini keng tinglovchilar ommasiga yetkazish uchun diniy mavzuda ma’ruzalar qiladi. U 45 ta mamlakatda bo‘ldi. Ayni paytda ham o‘zining sayohatlari sonini muntazam oshirib borishga intiladi. 2015-yil mart oyida Moskva va Sankt-Peterburgda motivatsion ma’ruzalari bilan chiqishlar qildi. Hindistonda bir uchrashuvda u bilan uchrashish uchun 110 mingdan ziyod odamlar to‘plandi.

Ajoyib notiqning Alloh buyurganlarini so‘zsiz bajarish, qo‘lsiz-oyoqsiz bo‘lsada, doimo olg‘a intilish, o‘zi kabi hayotda o‘z o‘rnini topish yuzasidan qilgan ma’ruzalari odamlarni hech qachon befarq qoldirmaydi.

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar