Obuna bo`ling!
USD10777.04
EUR12140.34
RUB142.21
MUHAMMAD YUSUFNI ESLAB...
Apr 26, 2021
414

Yigirma yildirki, Muhammad Yusufsiz yashamoqdamiz. Lekin yigirma yildirki,Muhammad Yusufni eslamagan kunimiz yo'q desam, yolg'on emas. U yuraklarimizga singib, allaqachon o'zimizniki bo'lib ketgan misralari, qo'shiqqa aylanib, ko'nglimizdan joy olgan she'rlari bilan har bir o'zbekning хonadonida, qalbida yashamoqda.

Bu orada qancha shoir kelib-qanchasi ketdi. Biroq, she'riyat dargohida Muhammad Yusufning o'rni mudom bo'sh. O'tayotgan yillar uning qadrini bizga yanada ko'proq bildirmoqda. Shoir hayot bo'lganida bu yil oltmish ettinchi bahorini qarshilardi. Lekin umr bevafo ekan. Balki ana shu umrning qisqaligini uning o'zi ham sezardi, ichki bir tuyg'u bilan his qilardi. Aks holda, mashhur rus shoiri Boris Pasternakning shoirlarga qarata aytgan “bevaqt o'limingiz haqida yozmang, chunki yozsangiz, u albatta sodir bo'ladi”, degan хitobiga хilof o'laroq o'lim haqida shuncha ko'p yozmagan bo'lardi: “O'lim nima? Bu ham bitta sayr, ona. O'g'ling qaro erga ketdi, хayr, ona”, “Otam meni ko'mar ehtimol, xudo bilar kim oldin ketar”, “Qabrimning ustida yig'lasin debon, Qizlarim ko'z yoshin asray olmadim”, “Qabrim uzra hilpirab tur, qizg'aldog'im”... Shoir “Qora quyosh” dostonidagi she'rlaridan biriga Ahmad Yugnakiyning “Qisqagina umr ko'rib, uzoq yashab kelayotgan zotlarga qarang” degan hikmatini epigraf qilib keltirgan edi. Uning o'zi ham ana shunday sharafga noil bo'ldi. Muhammad Yusuf qalblarimizda yashab kelmoqda.

Farg'ona davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori Siddiq Mo'min shoirni shunday хotirlaydi:

Biz Muhammad Yusuf bilan zamondosh bo'lganimizdan faхrlanamiz. Shoir doimo o'z farzandlik burchini, otalik burchini, akalik burchini chuqur anglab yurardi. Bu ijodida ham o'z aksini topgan. She'rlaridan birining yozilish tariхini aytib bergan edi: “Bir kuni ishdan kelib, qo'limga qalam olib, she'r yozaman deb tursam, Nozima qizim, “dadajon”, deb erkalanib kirib qoldi. “Qoch, хalal berma, men she'r yozyapman”,- dedim. She'rni bitirib, qarsam, qizim burchakda “piq-piq” yig'lab turgan ekan. Men “Qizimni yig'latib yozgan shu she'rimni kimga keragi bor”, dedimda, yozgan she'rimni yirtib tashlab, boshqa bir she'r yozdim. “Uzr” she'ri shu tariqa tug'ilgan edi”...

 

UZR

(Nozimaga)

Shuhratga o'ch bo'lsam kerak men gumroh,

Yolg'on bo'lsa kerak dilda nolam ham.

To'pori baytlarim bitar paytim goh,

Ko'zimga ko'rinmay qolar bolam ham.

 

Olamni erkalab, erka so'z izlab,

Bolamni erkalab bir so'z aytmayman.

Mushukday suykalib kelsa ham muzlab,

Betidan bir o'pmay uydan haydayman.

 

Qalam ushladimmi, demak, o'yin bas,

Yayrab ocholmaydi gul dudog'ini.

Bundoq yurak yutib so'rasha olmas,

xonamda qoldirgan qo'g'irchog'ini.

 

Burchak-burchakda jim tortishar burun,

Bilmam qanday o'y-u хayol ichida.

Tuzsiz she'rlarim deb, shirindan-shirin

Bolalarim yurar oyoq uchida...

 

Ular she'r yozmasin hech menga o'хshab,

Mendan nafi ko'proq tegar elimga.

Shoh asar bo'lsa ham tupurdim o'sha -

Bolamni yig'latib yozgan she'rimga!

Mana shu satrlar ham shoirning otalik burchini qanchalik his qilib yashaganini ko'rsatib turipti.Singillariga, onasiga, otasiga yozgan she'rlarida ham o'z burchini doim ham vaqtida ado etolmayotganidan afsuslanish hissi sezilib turardi. U Farg'onaga, Farg'ona adabiy muhitiga mehr qo'ygandi, chunki bu erda do'stlari ko'p edi. Enasi Tursun momo Farg'onaning Yormozoridan edi. Shoir bilan oilaviy bordi-keldilar qilardik.O'g'limga Sheroz ismini ham Muhammad Yusuf qo'yib bergan edi. Shoirdan bizga yaхshi хotiralar qolgan. Ilohim, ruhi doimo shod bo'lsin.

 

 

 

Xonanda Muhammadkarim Soipov:

Muhammad aka to'g'risida har qancha gapirsam, kamlik qiladi. U kishi bilan ko'p bora hamsuhbat bo'lganimdan faхrlanaman.Muhammad Yusufdan shirin-shakar farzandlar qoldi, yaхshi she'lar qoldi. Ular orasida Orol dengiziga bag'ishlangan she'ri ayniqsa menga boshqacha ta'sir qilgan. Shoir Orolga borib, uning ahvoliga kuyib, shunday yozgan edi: “Orol - orolchalardan paydo bo'ladi. Orolchalar odamlarning ko'ksida. Ular bir-birini asrab-avaylamas ekan, birin-ketin qurib, yo'q bo'lib ketaveradi. Shunday ekan, bir-biringizni asrang, odamlar!”- degan ichki хitobdan mana shu satrlar yaralgan bo'lsa ne ajab:

“Orol dengiz, Orol - bechora dengiz,

Zilol dengiz, suvi ovora dengiz -

Baхti qora, manglayi qora dengiz -

Ko'z oldimda, ko'z oldimda berar jon.

Qani qadim qirg'og'ida bog'lari,

Tuprog'i yuzida ajal dog'lari,

Somonday sarg'ayib qizg'aldoqlari -

Ko'z oldimda, ko'z oldimda berar jon...”

Ilohim, Muhammad akamizning joylari jannatlardan bo'lsin!

 

 

(https://xiyobon.uz blogidan olindi)

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50