Obuna bo`ling!
USD10777.04
EUR12140.34
RUB142.21
Qo‘qonda “Maqom kechalari” o‘tkazildi
Jun 16, 2021
299

Farg‘ona viloyatida "Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik" shiori ostida o‘tkazilayotgan “Maʼnaviyat festivali” dillarga o‘ziga xos surur va shukuh bag‘ishlamoqda. Poytaxtimizdan tashrif buyurgan ijodkorlar, sanʼatkor va ziyolilar chekka hududlarda aholi bilan uchrashuvlar, samimiy muloqotlar o‘tkazmoqda.

Mazkur festival doirasida Qo‘qon shahrida tashkil etilgan "Maqom kechalari" konsert dasturi madaniyat va sanʼatimizga ehtirom tadbiri sifatida minglab ishtirokchilarga manzur bo‘ldi.

Maqom musiqa ijodiyotining boshqa turlaridan badiiy mukammalligi, kuy hamda shakl tuzilishlari, lad va usul tizimlari hamda ilmiy va amaliy asoslari puxta ishlangani bilan farq qiladi. Maqom musiqa, sheʼriyat hamda raqs sanʼatlarini mujassamlashtiruvchi mushtarak badiiy durdonadir. O‘zbek milliy maqom sanʼatini keng targ‘ib qilish, yosh avlod qalbida milliy mumtoz sanʼatimizga hurmat va eʼtibor tuyg‘ularini kamol toptirish muhim vazifalardan sanaladi. Prezidentimizning tashabbusi bilan har ikki yilda bir marta Xalqaro maqom sanʼati festivali o‘tkazilmoqda.

Furqat bog‘ida tashkillangan tadbirda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov, Qo‘qon shahar hokimi Maʼrufjon Usmonov barchani maqom kechasi bilan tabrikladi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan konsert dasturi O‘zbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutining Farg‘ona mintaqaviy filiali o‘qituvchi hamda talabalaridan tashkil topgan "Yangi O‘zbekistonning yoshlar ansambli" tomonidan ijro etildi.

Maqom sanʼatining tajribali hamda yosh namoyondalari jonli ijroda kuylagan mumtoz kuylarning yorqin namunalari kishilar ruhiyatiga ko‘tarinkilik baxsh etdi, ularning qalbida ezgulik, yurtparvarlik, mehr-oqibat kabi go‘zal tuyg‘ularni uyg‘otdi. Konsert dasturida O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Munojot Yo‘lchieva, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Salohiddin Аzizboevlar ijro etgan mumtoz qo‘shiqlar dillarga xushnudlik ulashdi.

 

M.Sulaymonov

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50