• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Madaniyat “Turli bahonalar bilan meni ishlagani qo‘yishmadi”. “Temir xotin”dagi Qo‘chqor aka nega ishdan ketdi?
Madaniyat

“Turli bahonalar bilan meni ishlagani qo‘yishmadi”. “Temir xotin”dagi Qo‘chqor aka nega ishdan ketdi?

  • 17.01.2020 / 09:16
  • 3069
  • 0
111

U 1955 yil 1 yanvarda Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida tug‘ilgan. 1977 yilda Toshkent davlat teatr va rassomlik san’ati institutini aktyorlik, 1997 yilda rejissyorlik fakultetini ( hozirgi O‘zbekiston davlat va madaniyat instituti) tamomlagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston xalq artisti Muhammadsoli Yusupovning teatrdan ishdan bo‘shatilganligi haqida turli xabarlar tarqaldi. Ana shu xabarlarga aniqlik kiritish maqsadida aktyor bilan suhbat uyushtirdik.

– Xalqimiz sizni «Qo‘chqor aka» obrazi orqali yaxshi taniydi. Hazil-mutoyibalaringiz ham o‘ziga xos. Teatr qanday qilib sizni taqdiringizga aylandi?

– Bolaligimdan san’atga qiziqqanman. Toshkent davlat teatr va rassomlik san’ati instituti (hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti)ni tamomlab shu oliygohda yoshlarga aktyorlik mahoratdan saboq berdim. Harbiy xizmatdan qaytgach menga institut rahbari; «Bu erda ishlashingiz yaxshi, lekin teatr changini yutmay, his etmay turib yoshlarga saboq berish, namuna bo‘lish haqiqatga to‘g‘ri keladimi?. Bir o‘ylab ko‘ring, siz uchun eshigimiz hamisha ochiq » dedi. Ularning taklifida jon bor edi. O‘sha paytda juda mashhur bo‘lgan O‘zbekiston xalq artisti Baxtiyor Ixtiyorov rahbarligidagi «Yosh gvardiya» teatrida ishlashni maqsad qilib Farg‘onadagi yaqinlarim oldiga keldim. Yo‘l — yo‘lakay ustozlar, hamkasblarni yo‘qlash maqsadida Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi viloyat teatriga kirdim. Bu erda ustoz san’atkor O‘zbekiston xalq artisti Zunnun Madaliev mendan hech narsani so‘ramay, to‘g‘ri teatr direktori oldiga boshlab kirdi. Bir zumda ishga kirdim, uy — joy beriladigan bo‘ldi. Chunki poytaxtda to‘qqiz yil yashagan bo‘lsam-da, uy — joy masalasi hal etilmay kelayotgan edi. Viloyat teatrida ishlab o‘zimizga xos bo‘lgan sahna asarlar, obrazlar yaratib ko‘pning e’tiborini qozondim. Ayniqsa, «Temir xotin» spektaklida Qo‘chqor, «Toshkentga sayohat»da Asanboy, “Amir Temur va To‘xtamishxon” spektaklida To‘xtamishxon roli meni juda ham mashhur qildi. Bir necha bor nufuzli milliy va xalqaro tanlovlar g‘olibi bo‘ldik. Bu yutuqlar o‘z –o‘zidan kelib qolgani yo‘q. Hamma bir maqsad yo‘lida izlandi, ijod qildi. Teatrda bosh rejissyor sifatida ham uzoq yillar ishlab, ko‘plab elimizga manzur bo‘ladigan sahna asarlarini yaratdik. Teatrni hech qachon tashlab ketib bo‘lmaydi. Taqdirim, hayotim shu dargoh bilan bog‘langan.

– Yuqorida teatrda ishlamayapman deb aytdingiz. Ijtimoiy tarmoqlarda sizning teatrdan ketganingiz haqida turli xabarlar tarqaldi. Aytingchi, nega teatrdan ishdan ketdingiz?

– Ha, 2018 yilda teatrdan ketdim. Sababi u erdagi muhit, sharoit to‘g‘ri kelmay qoldi. Jamoada tarafkashlik, kamsitish kuchayib ketdi. Muhimi, biz ularga to‘g‘ri kelmay qoldik. Men bilan mehnat shartnomasi tuzilmadi. Turli bahonalar bilan meni ishlagani qo‘yishmadi. Viloyat teatrida atmosfera buzilgan bo‘lib, ishchilarni nohaq bo‘shatish jarayoni boshlangan edi. Men bosh rejissyor bo‘lganim uchun ham bunga qattiq qarshilik qildim. Bir ayolni ham shunday yo‘l bilan ishdan bo‘shatib yuborishdi. Ammo bu ayol teatrdagi ko‘plab qing‘ir ishlarni ochib tashladi, moliyaviy kamchiliklar fosh bo‘ldi. Rahbarlar bu ishi uchun javob ham berdi.

Kerak bo‘lmagandan keyin nima qilaman ishlab. Mehnat shartnomasi tuzilmaganidan keyin ketishga majbur bo‘ldim.

– Ijodkor hech qachon tinch o‘tira olmaydi. Bugun qanday ishlar bilan mashg‘ulsiz?

– Ayni kunda Farg‘ona shahridagi ixtisoslashgan san’at maktabida «Aktyorlik san’ati» kafedrasida yoshlarga saboq beryapman. Bugun viloyatda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan 4 ta teatrda ijod qilayotganlarning asosini mana shu maktab o‘quvchi yoshlari tashkil etadi. O‘z vaqtida Toshkentdan kelib tahsil olib, mahoratini oshirgan yoshlar ham bor. Shu bilan birga, maktab qoshida «Ijod» teatr studiyasi tashkil etganmiz. Teatr studiyasida aktyorlik san’ati yo‘nalishida tahsil olayotgan va bu sohaga qiziqqan yoshlar amaliyot darslarini o‘taydi, sahna asarlari, kontsert dasturlari tayyorlaydi. «Ijod» teatr studiyasi xo‘jalik hisobida ish olib boradi. Uning repertuari rang – barang. Mumtoz va zamonaviy, turli millat vakillarining o‘ziga xos madaniyati, hayot tarzini ko‘rsatib beruvchi spektakl, sara kuy — qo‘shiqlar, raqslar guldastasini tomoshabinlarga o‘ziga xos tarzda etkazib berishga harakat qilyapmiz. E’tiborli jihati, ijodiy faoliyatimizga qiziqqan muxlislar safi kundan kunga oshib bormoqda.

Teatr studiyasi ijodiy jamoasi bilan yangi sahna asari tayyorlanyapti. «Qarg‘alar uchsa qaraylik...», «Tabassum qil», «O‘tkir shoxli buqacha» nomli asarlarni sahnalashtirdik. Bundan tashqari, Abdulla Qodiriyning «Kalvak Maxzum xotiralari», “Toshpo‘lat tajang nima deydi“ asarlarini taniqli ijodkor Anvar Obidjon bilan hamkorlikda yangicha talqin va ko‘rinishda sahnalashtirishni maqsad qilib turibmiz.

– Kino sohasida ham yaxshi obrazlar yaratgansiz. Biroq keyingi paytlarda filmlarda ham kamroq ko‘rinyapsiz...

– Avvalo meni tomoshabinga tanitgan ham, hurmat-obro‘ olib bergan ham teatr. Kinoda ham ko‘plab rollarni ijro etdim. Mashhur «Bomba» filmida Xolmat aka rolida o‘ynaganman. Yaqinda «Azadagi to‘y» filmida ham suratga tushdim. Bugungi kunda seriallarga ham taklif etishyapti. Ijoddan sira to‘xtaganim yo‘q.

Ma’sudjon SULAYMONOV,

Muqimjon QODIROV (surat)

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar