• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Iqtisodiyot Tadbirkorlar bilishi kerak bo‘lgan muhim jarayon va qonunchilikka taklif
Iqtisodiyot
Huquq

Tadbirkorlar bilishi kerak bo‘lgan muhim jarayon va qonunchilikka taklif

  • 30.05.2024 / 19:56
  • 471
  • 0
111

Mamalakatimizda yuridik va jismoniy shaxslarni to‘lovga qobiliyatsiz deb e’tirof etish va undan keyingi jarayonlar “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi. Qonunning 5-moddasiga ko‘ra:

-agar tegishli majburiyatlar yuzaga kelgan sanadan e’tiboran uch oy ichida qarzdor tomonidan bajarilmagan bo‘lsa;

-shaharni tashkil etuvchi korxona hamda unga tenglashtirilgan korxonalar tomonidan esa olti oy ichida bajarilmasa;

-sudga murojaat etish sanasida qarzdorning pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlar talablarini qanoatlantirishga va (yoki) soliqlar hamda yig‘imlar bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga qodir emasligi va yoki sudga ariza berish sanasidagi va ariza berilgan yilning boshidagi hisobot davrida, agar ariza yilning birinchi choragida berilgan bo‘lsa – o‘tgan yilning boshidagi hisobot davrida qarzdorning majburiyatlari uning aktivlari qiymatidan oshib ketishi to‘lovga qobiliyatsizlik alomatlari hisoblanadi.

Ushbu alomatlar mavjud bo‘lgan hollarda qonunda belgilangan vakolatli shaxslar tomonidan sudga murojaat qilish orqali to‘lovga qobiliyatsizlik ishi qo‘zg‘atilishi mumkin va bu turdagi nizolar iqtisodiy sudlar tomonidan hal qilinadi. Bunda sudga murojaat qilish huquqiga qarzdor korxonaning o‘zi, uning kreditorlari va boshqa vakolatlari davlat organlari egadir.

Qonunning 30-moddasiga muvofiq, to‘lovga qobiliyatsizlik holatining kuzatuv, sud sanatsiyasi, tashqi boshqaruv, tugatishga doir ish yuritish kabi tartib-taomillari mavjud. Ayni bosqichlar to‘lovga qobiliyatsizlik ishini qo‘zg‘atish yuzasidan sudga murojaat qilgan paytdan boshlab to qarzdor yuridik shaxslar dalvat reyestridan chiqarilguniga qadar bo‘lgan bosqichgacha va 2 yildan ortiq vaqt davom etishi mumkin.

Mazkur taomillar qarzdor yuridik shaxsning moliyaviy holati va kreditorlar oldidagi majburiyatlarini bajara olish qobiliyatidan kelib chiqqan holda sud tomonidan belgilanadi va sud hujjatiga asosan tayinlanadi. Har bir taomil alohida o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘lib, ma’lum bir muddatga tayinlanadi.

Ayni chog‘da, “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi qonunning 50 va 51-moddalariga ko‘ra, to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ish sud majlisida qarzdorning to‘lovga qobiliyatsizligi to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi ariza ish yuritishga qabul qilinganligi to‘g‘risida ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran ikki oydan ortiq bo‘lmagan muddatda ko‘rib chiqilishi kerak. To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rish alohida hollarda bir oydan oshmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.

Bunda, shuningdek:

-to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha sud tomonidan qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash haqidagi qaror;

-qarzdorni bankrot deb topishni rad etish to‘g‘risidagi qaror;

-sud sanatsiyasi tartib-taomilini joriy etish va uning muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi ajrim;

-tashqi boshqaruv tartib-taomilini joriy etish va uning muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi ajrim;

-to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ish yuritishni tugatish haqida ajrim;

-to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi arizani ko‘rmasdan qoldirish to‘g‘risidagi ajrim;

-kelishuv bitimini tasdiqlash to‘g‘risidagi ajrim kabi sud hujjatlari qabul qilinadi.

Bunga bir hayotiy misol keltiramiz. Ya’ni, “GRAND PHARM TRADE” mas’uliyati cheklangan jamiyati sudga ariza bilan murojaat etib, “TABLET MEDIC” mas’uliyati cheklangan jamiyatining to‘lov majburiyatlari bo‘yicha kreditorlar talablarini qondirishga va majburiy to‘lovlarni to‘lash majburiyatini bajarishga qodir emasligi sababli soddalashtirilgan tartibda to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atishni so‘ragan.

Qarzdor korxonaning bir qator shartnomaviy munosabatlari natijasida kreditorlar oldida 212 202 635,40 so‘m qarzdorlik majburiyati yuzaga kelgan. Bu holat tegishli iqtisodiy sudning qarori asosida undirilishi belgilangan, biroq qarzdor korxona to‘lov qobiliyatini yo‘qotganligi, moliyaviy ahvoli sabab qarzlarni to‘lay olmagan.

Qarzdorlik yuzasidan Majburiy ijro byurosi Farg‘ona shahar bo‘limining tegishli qarorlari qabul qilinib, qarzdorni mol-mulki mavjudligi aniqlanmagani sababli, ijro hujjati davlat ijrochisi tomonidan ijro etishni imkoni bo‘lmaganligi uchun undiruvchiga ijrosiz qaytarilgan. Natijada ariza qanoatlantirilib, “TABLET MEDIC” mas’uliyati cheklangan jamiyati bankrot deb topilgan va korxonaga nisbatan tugatishga doir ish yuritish boshlangan.

Shuni alohida qayd etish joizki, sudlar tomonidan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishning bosh maqsadi korxonani tugatish emas, balki uni sog‘lomlashtirish va to‘lovga qobiliyatini tiklash hisoblanadi. Bu o‘z navbatida, davlat iqtisodiyotining rivoji uchun muayyan hissa qo‘shadi.

Milliy qonunchilikka taklif: qonunda mavjud bo‘lgan sudgacha sanatsiya institutini rivojlantirish kerak, ya’ni qarzdor va kreditorlar o‘rtasida sudgacha sanatsiya tartibi joriy qilinsa, ushbu holatda ham qarzdorning soliq va boshqa majburiy to‘lovlardan, bank qarzdorligi va ular bo‘yicha neustoyka qarzdorliklarini sudgacha sanatsiya muddatiga to‘xtatib turish amaliyotini joriy qilish lozim. Hozirda sudgacha sanatsiya instituti deyarli qo‘llanilmaydi va bu tartib-taomilda qarzdor uchun davlat tomonidan hech qanday moliyaviy ko‘mak nazarda tutilmagan.

Korxonalarning to‘lovga qobiliyatsizlik holati masalasida jahonda ilg‘or xorijiy tajribalar mavjud bo‘lib, ushbu huquqiy munosabatlar Yevropa qit’asining bir qator mamalakatlarida alohida bankrotlikka oid kodekslar, Amerika Qo‘shma Shtatlarida esa AQSH kodeksi va Bankrotlik jarayonlari federal qoidalari bilan tartibga solinadi.

AQSH va ayrim yevropa mamlakatlari tajribasidan kelib chiqib, to‘lovga qobiliyatsizlikka doir barcha normativ-huquqiy hujjatlarni jamlagan holda “To‘lovga qobiliyatsizlik kodeksi”ni ishlab chiqish lozim. Chunki, ushbu soha ham kodeks bilan tartibga solinadigan boshqa sohalardan ko‘lami va dolzarbligi jixatidan kam emas.

Shuningdek, Yaponiyada ham yuridik va jismoniy shaxslarni to‘lovga qobilyatsiz deb topish jarayoni mukammal tartibga solingan deb hisoblaymiz. Kun chiqar mamlakatda to‘lovga qobiliyatsizlikka doir masalalar hukumat tomonidan amalga oshiriladi. Sud orqali emas.

Ushbu jixatni milliy qonunchilikka joriy qilish lozim, ya’ni to‘lovga qobiliyatsiz deb topish jarayonini sud orqali emas, balki ma’lum bir ijro hokimiyati tomonidan amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish lozim. Misol uchun, soliq organlari. Soddalashtirilgan tartibda to‘lovga qobiliyatsizlikka doir ishlarni soliq organlari tomonidan amalga oshirish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Albatta, umumiy tartibdagi to‘lovga qobiliyatsizlik bilan bog‘liq ishlar sud ish yurituvida qolishi lozim.

O‘z navbatida, Osiyo qit’asi davlatlarida ham bu borada muayyan ijobiy tajriba to‘plangan. Masalan, Singapurda to‘lovga qobiliyatsizlik holatiga tushib qolgan korxonalarni sog‘lomlashtirish va tugatish bilan bog‘liq xizmatlar davlat tomonidan beriladigan litsenziya asosida ko‘rsatiladigan maxsus xizmat mavjud.

Shunday qilib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, bizning muhim vazifamiz kichik biznes va tadbirkorlik sohasini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, mamlakatimiz iqtisodiy qudratini, yurtimizda tinchlik va barqarorlik, ijtimoiy totuvlikni mustahkamlashdan, bu soha ulushini yanada oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berishdan iboratdir. Shunday ekan, bu borada korxonalarning to‘lovga qobiliyatsizlik masalasini qonuniy tartibga solish mexanizmi dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Saida Maxmudova,
Farg‘ona tumanlararo iqtisodiy sudining sudyasi

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar