• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Jamiyat Korrupsiyasiz taraqqiyot sari
Jamiyat

Korrupsiyasiz taraqqiyot sari

  • 24.09.2024 / 09:40
  • 256
  • 0
111

Bugun dunyo har jabhada shiddat bilan rivojlanib bormoqda; ma’naviyat, ilm-u fan, siyosat, iqtisod, sport... va  yana qanchalarini aytishimiz mumkin. Dunyo mamlakatlarining aqlini tanigan siyosatchilari rivojlanishning har qanday turiga choh qazuvchi illatlar bilan beayov kurashmoqda. Jamiyatning ildam rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi eng katta “dinozavrlar”dan biri, bu - korrupsiyadir! Ayrim davlatlar, masalan, Xitoyda korrupsiyaga qarshi, hatto o‘lim jazosi ham qo‘llaniladi. Bundan ko‘rinmoqdaki, korrupsiya qog‘ozga o‘ralgan eng jirkanch va qabih jinoyatlardandir.

Ikki-uchta tilni mukammal bilib, oliy ma’lumotli bo‘lgan holda jamiyatda o‘z o‘rnini topa olmay, bugun chet davlatlarda taksichilik qilayotgan, ingliz tili imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tib, o‘qish uchun Koreya yarim oroliga borib, o‘sha yerda dengiz paromlarida mardikorlik qilayotganlar ham aynan yurtimizda korrupsiyadan jabr tortgan do‘stlarimiz bo‘ladi!

Davlat tashkilotlari va korxonalarning tarkibiy qismlariga o‘rnashib olib, “yetakchilik arqoni”ni mahkam ushlab olgan, ammo qilayotgan ishining natijasi ko‘rinmayotgan, suhbatlashsangiz na dunyoqarashi, na bilim saviyasi yetarli bo‘lmagan yangi “to‘rachalar” ham ana shunday “jigarchilikka” burkangan korrupsiyaning haqqoniy ko‘rinishi hisoblanadi.

Bunga o‘xshagan misollarni juda ko‘p gapirishimiz mumkin.  Shaxsan muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich o‘zlari kamchilik va xatolarimizni qattiq tanqid qilgan holda, bunga qarshi chora-tadbirlar ko‘lamini yanada kuchaytirmoqdalar.  Kuchli, mard siyosatchi o‘laroq maydonga kelib, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida muhim islohotlarni amalga oshirishni boshlab yubordilar.

Bugun o‘z lavozimining “imkoniyatlari”dan “mohirona” foydalanib  “eng qimmat avtomashina” olishni, hashamatli uylar qurishni “niyat qilganlar” emas..., maoshining ko‘tarilishiga ishonib, ayni paytdagisiga qanoat qilib ishlaydigan..., Vatanga haqiqiy, sadoqatli, vijdonli, millatga Prezidentning oldida yelkama-yelka turadigan hamfikr va hammaslak kadrlar kerak!

Buning uchun esa korrupsiya nomli baloi azimning ustidan g‘alaba qozonishimiz shart.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2020  yil 29 dekabr kungi Oliy Majlisga Murojaatnomasining davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishdagi yangi vazifalar degan bo‘limida “Korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga murosasiz bo‘lish kundalik hayot tarzimizga aylanishi shart. Bu illatga qarshi kurashishga barcha davlat organlari, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, umuman, har bir fuqaro safarbar etilishi zarur. Korrupsiya o‘ta og‘ir jinoyat ekani va unga nisbatan murosasiz bo‘lish g‘oyasini farzandlarimizga yoshlik davridan boshlab singdirishimiz, ularga faqat halol mehnat va tadbirkorlik orqali daromad topishni o‘rgatishimiz lozim.

Korrupsiyaning oldini olishda barcha davlat organlarida qaror qabul qilish jarayonlari, ochiq bo‘lishini ta’minlash hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Moliya vazirligi davlat idoralari budjetdan tashqari jamg‘armalarining daromad va harajatlari, davlat ulushiga ega bo‘lgan tashkilotlar xaridlari, davlat subsidiya va grantlariga oid ma’lumotlarni e’lon qilish amaliyotini yo‘lga qo‘yishi kerak”, degan Prezident.

Xozirgi kunda Moliya vazirligi davlat idoralari budjetdan tashqari jamg‘armalari va bank muassasalarida aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirishga, jamiyatda korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirishga yo‘naltirilgan tizimli choralar ko‘rib kelinmoqda.

Qolaversa, keyingi besh yil davomida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, xalqaro ekspertlar hamda komplayens-nazoratga mas’ul tuzilmalar tomonidan xalqaro tajribalar asosida banklarda korrupsiyani oldini olishga qaratilgan mexanizmlar joriy etib kelinmoqda.

Bugungi kunga qadar bank sohasida korrupsiyani oldini olishga qaratilgan amaliy ishlar qatorida quyidagilarni keltirish mumkin:

Dastlab aholiga kreditlar ajratilishida korrupsiyaga eng ko‘p moyil bo‘lgan oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilayotgan imtiyozli kreditlar berilishi to‘liq raqamlashtirilib, yagona elektron platforma (oilakredit.uz) yaratilgan holda inson omilini keskin qisqartirishga erishildi.

Bank xizmatlarini ko‘rsatishda inson omilisiz real vaqt rejimida olingan raqamli identifikatsiya qilish mexanizmidan (Face ID) foydalanish imkoniyati yaratilib, mijozlarini masofadan turib identifikatsiya qilish tizimini joriy qilish uchun huquqiy asos yaratildi.

Yana bir yangi joriy etilgan jarayonlardan biri – Markaziy bank tizimida kadrlarni tanlashda eski usullardan voz kechib, ularning intellektual salohiyatini, ma’naviy fazilatlarini baholaydigan ochiq va oshkora tanlov tizimi joriy etildi. Shuningdek, korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha davlat xizmatchilarini muntazam o‘qitish va bilimini baholab borish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Bulardan asosiy maqsad davlat tomonidan aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlari turlarini kengaytirish, xizmatlardan foydalanuvchilar ko‘lamni oshirish, xizmatlarda shaffoflikni ta’minlash, ko‘rsatiladigan xizmatlarda inson omilini cheklash, raqamli texnologiyalardan foydalangan xolda barcha soxalarda korrupsiyani oldini olish sanaladi.

Ayni paytda Markaziy bank tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi barcha ishlar va tadbirlar “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida” va “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun talablariga  qat’iy rioya qilgan holda tashkil etilmoqda.

Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi komplayens-nazorat faoliyatini amalga oshirish doirasida Markaziy bankning korrupsiyaga qarshi kurashishga oid ichki normativ-huquqiy hujjatlari takomillashtirildi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tizimida 2022 yil sentabr oyida manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash va boshqarish, korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining holati to‘g‘risidagi hisobotni shakllantirish va taqdim etish, ishga qabul qilinayotgan nomzodlarni o‘rganish, xodimlarning etika va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida o‘qitilishini tashkil qilish, kontragentlarni o‘rganishga oid yo‘nalishlardagi normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori asosida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholashning 5 ta yo‘nalishida va 29 ta indikatorlar bo‘yicha ma’lumotlar hamda amalga oshirilgan ishlar E-Anticor.uz elektron platformasiga joylashtirib borilmoqda.

Bu esa o‘z navbatida banklarning xizmat ko‘rsatish sohalarida shaffoflikka erishib, asta-sekinlik bilan korrupsion holatlarga barham berish orqali xalqimiz turmush tarzini yuksaltirishga hissa qo‘shmoqda.

Yuqoridagi maqsadlarni amalga oshirishda Markaziy bankning Farg‘ona viloyati bosh boshqarmasi hamda viloyatimiz hududida joylashgan tijorat bank filiallari tomonidan aholi va bank mijozlariga xizmat ko‘rsatishda manfaatlar to‘qnashuvi hamda korrupsiyani oldini olish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi tomonidan belgilangan reja va dasturlarga muvofiq, Markaziy bank Farg‘ona viloyati bosh boshkarmasi hamda tijorat banklarida xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kunlari, aksilkorrupsiya oyligi tadbiri hamda xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuniga bag‘ishlangan “Ochiq eshiklar kuni”lari tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Viloyatimiz hududida joylashgan tuman markazlari ta’lim muassasalari hamda jamoatchilik markazlarida korrupsiyaga qarshi kurashish, aholining moliyaviy savodxonligini oshirish mavzularida joylarda fuqarolar, jamoatchilik vakillari, barcha viloyat tijorat bank xodimlari ishtiroklarida tadbirlar o‘tkazilmoqda.

A.Abduraximov,
Markaziy bankning Farg‘ona viloyati bosh boshqarmasi bosh yuriskonsulti.

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar