Saylov – ovoz berish orqali davlat organlari, mahalliy o‘zini-o‘zi boshqarish organlari va boshqa tuzilmalarni tashkil etish vositasi. Fuqarolarning o‘z saylov huquqini amalga oshirishi – ularning davlatni boshqarishda ishtirok etishining eng muhim shakllaridan biri.
O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egadirlar. Bu huquq fuqarolarning referendumlarda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida va hokimiyatning vakillik organlari saylovida qatnashishi orqali amalga oshiriladi.
Ahamiyatlisi, joriy yilgi saylovlar Konstitutsiyada belgilab berilgan mutlaqo yangi ijtimoiy-siyosiy muhitda o‘tkaziladi. YA’ni, O‘zbekiston tarixida ilk bor Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylovlari aralash saylov – majoritar-proporsional tizim asosida o‘tkaziladi. Deputatlarning 75 nafari bevosita majoritar tizim asosida, ya’ni saylovchilar aniq shaxslarga ovoz berishi yo‘li bilan, qolgan 75 nafari esa proporsional tizim bo‘yicha siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar asosida saylanishadi. Shuningdek, barcha darajadagi saylov komissiyalari faoliyati, ularning saylov jarayonlari ishtirokchilari bilan o‘zaro munosabatlari to‘liq raqamlashtirildi. Endilikda saylov tartibotlaridagi byurokratiya, ortiqcha vaqt sarfi va hujjatlar harakati qisqartirildi.
Saylovning mamlakat hayotidagi alohida o‘rnini e’tiborga olib, ushbu jarayonda fuqarolarni keng jalb etish maqsadida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 27 oktabrdagi saylov «Mening tanlovim – obod Vatanim» shiori ostida o‘tkazilishi e’lon qilindi.
Saylovchilarga nisbatan milliy saylov qonunchiligimizda o‘rnatilgan yagona majburiyat bu – saylov qonunchiligiga amal qilish majburiyatidir. Saylovchining saylovda, ovoz berishda ishtirok etishi bu majburiyat emas, balki huquq sanaladi. Biroq bu huquqdan samarali foydalanish, o‘z taqdirini davlat, jamiyat, xalq taqdiri bilan bog‘liq holda ko‘rish, mamlakatda amalga oshirilayotgan insonparvar, adolatli islohotlarning faol ishtirokchisi bo‘lish har bir fuqaroning insoniylik burchidir.
Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizning keyingi yillardagi taraqqiyoti, rivojlanishi, qonunlar takomillashuvi mazkur saylovga, bo‘lg‘usi deputatlarimizga bog‘liq. Ana shu jarayonda barchani faollikka chaqiraman.
Bahriddin USMONOV,
Farg‘ona davlat universiteti professori, tarix fanlari doktori.
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari