Sud hukmida keltirilishicha, mudhish jinoyat 2024-yilning 12-iyun kuni tumanning Isvaxon mahallasida sodir etilgan. 1974-yilda tug‘ilgan M.E. shu kuni soat 7:00 larda o‘zining yashash xonadonida 2002-yilda tug‘ilgan qizi D.U.ni ro‘mol bilan bo‘g‘ib o‘ldirgan. Bunga qizi unashtirilgan yigitga turmushga chiqishni rad qilgani, boshqa yigit bilan gaplashishini aytgani sabab bo‘lgan.
Bir necha daqiqa ro‘mol bilan qizini bo‘g‘ib turgan ota u o‘lmaganini ko‘rib, qo‘llari bilan bo‘g‘ishni davom ettirgan. Qizi o‘lgach, turmush o‘rtog‘i ishdan kelib qo‘rqib ketmasligi uchun uning murdasini uyning yerto‘lasiga olib tushib qo‘ygan.
So‘ngra M.E. qo‘shnisining oldiga chiqib, mashinasida bir joyga borib kelishni iltimos qilgan. Qo‘shnisi rozi bo‘lgach, ular tumanning Qurama mahallasi hududidagi soy bo‘yiga kelishgan. Shu yerda qotil ota qo‘shnisiga qilgan jinoyatini aytib, o‘z joniga qasd qilmoqchiligini bildirgan. Ammo qo‘shnisining bu noto‘g‘ri ekanligi haqidagi gaplaridan keyin avvaliga tuman IIBga, so‘ngra prokuraturaga borib, sodir qilgan qilmishini bo‘yniga olgan.
Sudda M.E. aybiga iqror bo‘lib, qizini o‘ldirib qo‘yganligidan qattiq pushaymonligi va afsusdaligini bildirgan hamda o‘ziga nisbatan qonuniy yengillik so‘ragan.
Marhumaning onasi T.E. sud muhokamasida o‘g‘li uchun turmush o‘rtog‘ini kechirishini, lekin u qilmishiga yarasha jazo olishi kerakligini ma’lum qilgan.
“Qizim yigit bilan ko‘rishib, avvaliga bir-birlariga ma’qul kelishganini aytgandi. Shundan so‘ng unashtirib qo‘ygandik. Lekin 2024-yil 25-may kuni qizim o‘rtoqlari bilan ko‘rishish uchun ko‘chaga chiqib ketib, kayfiyati biroz buzilgan holda uyga qaytdi. Oradan 2-3 kun o‘tganidan keyin esa uyga bo‘lajak kuyov kelib, qizim noma’lum bir yigit bilan gaplashib kelganini aytdi va to‘yni to‘xtataylik deb ketdi.
Turmush o‘rtog‘im bilan qizimni o‘rtaga olib, telefonda gaplashib kelgan bola kimligini, nima uchun bunday qilganini so‘radik. U hech narsa demadi. Ertasi kuni singlim kelganida unga ham bo‘lgan holatni aytib, qizim bilan yana gaplashdik. Shunda u telefonda gaplashgan yigit ishxonasidagi bir xodimligini, u bilan aka-singildek ekanligini aytdi.
Turmush o‘rtog‘imga taqdir ekan, mayli dedim. Ammo turmush o‘rtog‘im “mahallada gap bo‘lsa nima deyman?” deya biroz jahl qildi.
12 iyun kuni soat 6:30 larda ishga ketdim. Undan oldin qizimning xonasiga kirib, turib choy ichishini aytdim. Ishda ko‘nglim bir xavotirni sezdi. Keyin jiyanim bilan uyga kelsam, hovlida IIB xodimlari yurishgan ekan”, degan ona ko‘rsatmasida.
Sud hukmi bilan M.E. Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari