Farg‘ona viloyatida noqonuniy obyektlarni o‘rganish davomida Farg‘ona shahar “Barkamol” MFY Yangi Asr ko‘chasi 138-d uyda joylashgan “Mavjud bino-inshootlarni buzib, o‘rniga 5 ta 7 qavatli yerto‘lali, 8-qavati pentxausli, 1 va 2-qavati savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shahobchalari, qolgan qavatlari turar-joy sifatida bino qurish hamda 100 o‘rinli xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi qurish” obyektida noqonuniy qurilish ishlari bajarilayotganligi aniqlandi. Bu haqida Farg‘ona viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyasi axborot xizmati xabar qildi.
Unda aytilishicha, obyektda Farg‘ona viloyati hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tmasdan qurilish olib borilgan.
Shuningdek, qurilish-montaj ishlari zilzilaviy hududlarda qurilish talablariga zid ravishda amalga oshirilayotganligi aniqlangan.
Mazkur qonunbuzilish holatlari yuzasidan qurilishning mas’ul shaxslariga obyektni to‘xtatish to‘g‘risida ogohlantirish xatlari berilib, o‘z hisobidan buzish bo‘yicha yozma ko‘rsatmalar berilgan.
Shuningdek, mas’ul shaxslar O‘zbekiston Respublikasining “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi Kodeksining 99-moddasi 7-qismi bilan javobgarlikka tortilgan.
Qurilish me’yor-qoidalariga zid ravishda bajarilgan qurilish ishlari joyida inspeksiya xodimlari tomonidan buzdirildi, deyiladi xabarda.
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari