• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

12810.00

Sotish

12860.00

Bosh sahifa Jamiyat “Ayollar daftari” imkoniyatlar daftarimi? Unga kimlar kiritiladi? Imtiyozli kreditlar...
Jamiyat
Iqtisodiyot

“Ayollar daftari” imkoniyatlar daftarimi? Unga kimlar kiritiladi? Imtiyozli kreditlar...

  • 07.11.2024 / 20:59
  • 411
  • 0
111

“Ayollar daftari” haqida so‘z borarkan, “Ayollar daftari” va “Ayollar daftari” tizimini bir-biridan farqlab olish zarur. “Ayollar daftari” tizimi — ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlashga, bilim va kasb o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bo‘lgan ishsiz xotin-qizlarning muammolarini aniqlash, bartaraf etish va nazoratini olib borish bo‘yicha chora-tadbirlar majmuidir.

“Ayollar daftari” — ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlashga, bilim va kasb o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bo‘lgan ishsiz xotin-qizlarning muammolarini aniqlash, bartaraf etish va nazoratini olib borish bo‘yicha ma’lumotlar bazasi hisoblanadi.

“Ayollar daftari”ga kimlar, qanday asoslar bo‘yicha kiritiladi? Ayollar daftariga quyidagi 30 yoshdan oshgan ayollar kiritiladi:

Ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar — bandligi ta’minlanmagan, ishlash istagida bo‘lgan va daromad manbaiga ega bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlar;

Tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizlar — bandligi ta’minlanmagan, tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizlar;

Boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlar — boquvchisi vafot etgan, jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan, ruhiy kasallikka chalingan, I-II guruh nogironligi bo‘lgan hamda doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmagan, bedarak yo‘qolgan (sud qaroriga asosan) ehtiyojmand xotin-qizlar, shuningdek, nikohi bekor qilingan ehtiyojmand xotin-qizlar va ehtiyojmand yolg‘iz onalar (FHDYO organlarining ma’lumotnomasi asosida);

Ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan, shuningdek, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar — mehnatga layoqatsiz, o‘zgalar parvarishiga, shuningdek, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar;

Uy-joyga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar — noturar joylarda istiqomat qilayotgan, doimiy yashash uchun turar joyi bo‘lmagan, bir xonadonda (kichik hovlida) uch va undan ortiq oila yashayotgan (uy-joy maydoni belgilangan ijtimoiy normadan kam bo‘lgan), biroq o‘zining yoki birgalikda yashovchi oila a’zolarining nomida turar joy mavjud bo‘lmagan, xususiy uy-joy fondida ijara huquqi asosida istiqomat qilayotgan ehtiyojmand xotin-qizlar;

Qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandi mavjud ehtiyojmand xotin-qizlar — nogironligi bo‘lgan voyaga yetmagan (I guruh nogironligi bo‘lgan farzandi yoshidan qat’iy nazar) farzandini bevosita parvarishlayotgan ehtiyojmand xotin-qizlar.

Bunda “Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritiladigan xotin-qizlar yuqoridagi toifalardan faqat biriga kiritilishi mumkin.

Ayollar daftariga kirish uchun ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar Fuqarolar yig‘ini huzuridagi Ayollar maslahat-Kengashiga, mahallaga murojaat qilishlari kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, har yaim yilda umumiy xatlov o‘tkazish orqali yuqoridagi toifaga mansub xotin-qizlar Ayollar daftariga kiritiladi. “Ayollar maslahat kengashi”ga va “Ayollar daftari” axborot tizimi orqali murojaat qilingan holatda, anketa-so‘rovnomalar mahallalardagi xotin-qizlar faollari tomonidan to‘ldirilib, sektor ishchi guruhiga taqdim qilinadi.

Sektorlar — Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, tumanlar, shaharlar hududlarining tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) hokimlari, prokuratura, ichki ishlar va davlat soliq xizmati hududiy organlari rahbarlari boshchilik qiladigan tumanlar (shaharlar) va hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha tegishli mahalliy davlat hokimiyati organining ko‘maklashuvchi kollegial ishchi tuzilmasi.

Shunday qilib, sektorlar rahbarlari va tumanlar (shaharlar) oila va xotin-qizlar bo‘limlari birgalikda muammolarning haqqoniyligini o‘rganadi va har oyda o‘rganilgan va “Ayollar daftari”ga kiritilishi kerak bo‘lgan xotin-qizlar ro‘yxatini xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashiga taqdim etadi. Anketa-so‘rovnomalar to‘ldirilgandan so‘ng 3 kun muddatda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Kadastr agentligi, Pensiya jamg‘armasi va boshqa tashkilotlarning ma’lumotlari bilan solishtiriladi hamda xotin-qizlarning ijtimoiy himoyaga muhtojlik darajasi (toifasi) aniqlanib, sektorlar rahbarlari hamda tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i tomonidan ularning individual dasturlari shakllantiriladi.

Individual dasturlar asosida sektorlar rahbarlari, tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i tomonidan 3 kundan oshmagan muddatda “Ayollar daftari”ga kiritiladigan xotin-qizlarning ro‘yxatlari ularning muammolarini bartaraf etishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” loyihasi imzolangan holda, xalq deputatlari tuman-shahar Kengashiga tasdiqlash uchun kiritiladi.

Biroq, “Ayollar daftari”ga kirishda ham biz e’tibor qaratishimiz zarur bo‘lgan cheklovlar mavjud. Misol uchun: “Temir daftar”ga kiritilgan oilalardagi xotin-qizlar, farzandi “Yoshlar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar, shuningdek, ilgari “Ayollar daftari”ga kiritilib, bandligi ta’minlangan yoki tadbirkorligi yo‘lga qo‘yilgan xotin-qizlar takroran “Ayollar daftari”ga kiritilmaydi.

“Ayollar daftari”ga kiritiladigan xotin-qizlar ro‘yxatini shakllantirishda ustuvorlik ilgari “Ayollar daftari”ga kiritilmagan xotin-qizlarga beriladi.

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida kam ta’minlangan oila sifatida ro‘yxatga olingan oilalardagi xotin-qizlar “Ayollar daftari”ning faqat “Ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar”, “Tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizlar” va “Uy-joyga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar” toifalariga kiritilishi mumkin.

Xo‘sh, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar uchun qanday imkoniyatlar mavjud?

Birinchidan, xotin-qizlarning bandligi ta’minlanadi. Sektorlar rahbarlari tuman (shahar) investitsiya bo‘limlari, mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazlari, Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari, tijorat banklari hamkorlikda tarmoq va hududiy investitsiya dasturlariga kiritilgan loyihalarda xotin-qizlar uchun yaratilayotgan yangi ish o‘rinlariga ishga joylashtiriladi.

Bundan tashqari, Davlat soliq inspeksiyalari tomonidan kasb-hunarga va tadbirkorlikka o‘qitishni tashkil etish, tadbirkorlikka jalb etish, o‘zini o‘zi mustaqil ravishda band qilishni rivojlantirishga doir faoliyatni tashkil etish orqali bandlikni ta’minlashga yordam beriladi.

Ikkinchidan, ro‘yxatga kiritilgan xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilish ham “Ayollar daftari”ning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Bunda, o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagida bo‘lgan xotin-qizlar uchun “Mikrokreditbank” ATB, “Agrobank” ATB va AT “Xalq banki”ning tuman (shahar) filiallari orqali tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan kredit ajratiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ayollar daftari”ni yuritish orqali xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 4-bobi 2-qismiga muvofiq Kreditlar 33 million so‘mgacha miqdorda hokim yordamchilarining tavsiyalari asosida ajratiladi.

Kreditlar 14 foizlik stavkada:

oilaviy tadbirkorlik, daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish istagini bildirgan xotin-qizlarga — 3 oydan 6 oygacha bo‘lgan imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga;

chorvachilik (chetdan keltirilgan naslli qo‘y va echki), baliqchilik va parrandachilik (tuxum yo‘nalishi) uchun — 1 yilgacha bo‘lgan imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga;

bog‘dorchilik, uzumchilik va limonchilikni tashkil etish, issiqxona, qishloq xo‘jaligi texnikasi va asbob-uskunalarni xarid qilish uchun — 3 yilgacha bo‘lgan imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga ajratiladi.

“Ayollar daftari”ga kiritilgan va o‘zini o‘zi band qiladigan xotin-qizlarga ayrim turdagi faoliyatni amalga oshirish (kasanachilik, hunarmandchilik, issiqxona qurish va shu kabilar uchun zaruriy xom ashyo, ehtiyot qism hamda qurilish mollarini sotib olish) maqsadida 5 mln so‘mgacha miqdorida kredit mablag‘lari naqd pulda berilishi mumkin.

Kreditlarni ilgari olingan kreditlar yoki har qanday boshqa qarzlarni qaytarishga, shaxsiy ehtiyoj uchun avtotransport vositasi sotib olishga, ma’muriy xarajatlarni to‘lashga, jumladan, avtotransport vositasining ta’minoti, mebel, aloqa xizmatlari to‘lovi va uyali telefon sotib olishga hamda qonunchilik hujjatlari va Markaziy bankning qoidalariga ko‘ra taqiqlangan faoliyatlarga ajratishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Xulosa qilib aytganda, bu kabi dasturlarning ishlab chiqilishi, davlat tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarga yaratilayotgan imkoniyatlar jamiyatimizda ayollarga o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishining kafolati bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida yurtimizda ijtimoiy adolat mavjudligining muhim belgilaridan biri deb mubolag‘asiz aytish mumkin.

Faqat har bir xotin-qiz o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirish uchun kimga, qaysi organga murojaat qilishlarini bilishlari va beriladigan imkoniyatlardan oqilona foydalanishlari talab etiladi.

Dilnozaxon Abdujabborova, 
Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar