Sudda bemor bolaning onasi o‘g‘lining dori-darmonlari uchun pul topolmay turganini aytsada, shifokor avval pulni olib kelsang, keyin ishni bitirib beraman, deganini aytgan.
Sirdaryo viloyatidagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika vrachi nogiron bolaning onasidan tibbiy xulosa uchun pul olayotganda ushlangan.
Ma’lum qilinishicha, psixionevrolog shifokori N. o‘zi davolayotgan nogiron bolaning sog‘lig‘i bo‘yicha tibbiy xulosani Asab va ruhiy kasalliklar dispanseri komissiyasidagi tanishlari orqali to‘g‘rilab berishni aytib, uning onasidan bir mln so‘m olayotganda huquq-tartibot organlari tomonidan qo‘lga olingan.
Dastlabki surishtiruvda u bu qilmishini bemor bolaning onasiga yordam sifatida qilganini aytgan. Shifokorning bu qilmishi jinoyat sifatida baholanib, jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyer shahar sudida ko‘rib chiqilgan.
Sudda bemor bolaning onasi shifokor o‘z vakolati dorisida doimiy ravishda unga yordam ko‘rsatganini, lekin bu safar undan pul so‘raganini, o‘g‘lining dori-darmonlari uchun pul topolmay turganini aytsada, u avval pulni olib kelsang, keyin ishni bitirib beraman, deganini aytgan.
Shifokor bu ishi jinoyat ekanini tushunib, sud majlisida qilgan ishidan pushaymonligini bildirgan.
Qayd etilishicha, sud Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor deb topilgan shifokorni sog‘liqni saqlash tizimida hamda mansabdor va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilgan.
Shuningdek, unga BHMning 55 barobari (1 oktyabrdan 20 625 000 so‘m bo‘ladi) miqdorida jarima hamda 2 yilu 6 oy 10 kun muddatiga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlangan.
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari