So‘ngi paytlarda “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishga oid eʼlonlarni har joyda uchratish mumkin. Аlbatta, ota-onasini yoki yaqinlarini Umra ziyoratiga yuborish orzusi bo‘lgan yurtdoshlarimiz undan foydalanish ishtiyoqida bo‘lishadi.
Tez va sifatli ado etish haqida berilgan vaʼdalar qanchalik ishonchli ko‘rinmasin, aksariyati o‘zini oqlamaydi. Ko‘plab yurtdoshlarimiz tur operatorlar vaʼdalariga ishonib, borib kelganidan keyin qiyinchiliklar bo‘lgani, turar-joylarning yaxshi tashkil etilmagani, ellikboshining yetarli bilimga ega emasligi haqida nolishadi.
Joriy yilning 8-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishda ziyoratchilarning manfaatlarini samarali himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida (345-son) mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilandi.
Qarorga ko‘ra, “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishga oid xizmatlarni ko‘rsatish bilan bog‘liq aniq huquqiy mexanizmlar ishlab chiqilgan. Turistik faoliyat faqat mahalliy turoperator tomonidan amalga oshirilishi bilan birga, faoliyat bo‘yicha qo‘shimcha litsenziya talablari va shartlari joriy etiladi. Jumladan, “Umra” xizmatlari davomida ziyoratchilarning guruh rahbari etib O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan tuziladigan shartnoma asosida uning diniy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan mutaxassislarini tayinlash, turizm faoliyatini litsenziyalash uchun turoperatorlarning fuqarolik javobgarligini sug‘urtalashni tasdiqlovchi sug‘urta polisining mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlarning elektron nusxalari bo‘lishi talab etiladi.
Bu jihatning ahamiyat berilishi xizmat ko‘rsatish sifatini yuksaltirib, ziyoratchilarning huquq va manfaatlari, ularning hayoti va salomatligi himoyasini taʼminlaydi.
Qarorda belgilangan qo‘shimcha litsenziya talab va shartlari 2023-yil 1-noyabrdan qo‘llaniladi hamda ulardan litsenziyani qayta rasmiylashtirishda arizani ko‘rib chiqish uchun to‘lanadigan yig‘im va litsenziya uchun davlat boji undirilmaydi.
“O‘zbekinvest” EISK АJ
Farg‘ona filiali Аxborot xizmati
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari