Farg‘ona viloyatining Buvayda tumani Bastombuva qishlog‘ida shifobaxsh qum maskani bor. Ushbu maskan yozning oxirlarida, ayniqsa, avgust oyida juda gavjum bo‘ladi. Аsli cho‘l bo‘lishiga qaramay, Bastombuva qumlariga shifo istab vodiyliklar, hatto respublikamizning boshqa hududlaridan ham hamyurtlarimiz kelishadi.
Odamlar orasida “saratonda qumga ko‘milib, butun dardlarimdan forig‘ bo‘ldim” yoki “oyoq og‘rig‘idan qutuldim”, “boladagi enurez kasalligi (tag xo‘llash)ga qumli muolajalar davo ekan” kabi gap-so‘zlar ko‘p uchraydi.
Issiq qumdan foydalanish issiqlik bilan davolanish usullaridan biri hisoblanib, tibbiyotda psammoterapiya deb ataladi. Qum bilan davolash qadimdan mavjud bo‘lib, bugungi kunda butun dunyoda keng qamrovda rivojlanmoqda. Tibbiyotda organizmni chiniqtirishda qum vannalarini qo‘llash eng samarali usullardan biri deya tan olingan.
Hatto Аbu Аli ibn Sino ham o‘zining “Tib qonunlari” kitobida “Аgar qumning xususiyatlaridan oqilona foydalanilsa, insonda modda almashinuvi yaxshilanib, u kuchli va bardam bo‘ladi. Badandagi ortiqcha yog‘lar eriydi. Surunkali sovuqlik va bosh og‘rig‘i bartaraf bo‘lib, miya faoliyati mustahkamlanadi” deb yozib qoldirgan.
Qum muolajasi yozning iyunь oyidan to avgust oyi oxirigacha quyosh nurining eng yuqori isitish soatida (14:00 dan 16:00 gacha) amalga oshiriladi. Muolaja uchun issiq qumning ustki yupqa qatlami (0-5 sm.) bo‘lishi kerak. Umumiy qum vannalarida bemorning qo‘l-oyoqlari va tanasi 5-12 sm. 40-45 darajagacha qizigan qum qatlami bilan ko‘mib qo‘yiladi.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, Bastombuva qumida shu paytgacha biror foydali modda aniqlanmagan, lekin bu yerdagi qum issiqni o‘zida yaxshi saqlaydi va uni organizmning qon-tomir va boshqa tizimlariga sekin-asta yetkazib beradi. Issiq qum inson tanasini qoplar ekan, teri, teri osti yog‘ qavati va to‘qimalarni yoqimli massaj qiladi. Buning natijasida teri va uning ostidagi to‘qimalarda kapillyar qon aylanishi hamda limfa aylanishi yaxshilanadi, organ va to‘qimalarning kislorod bilan taʼminlanishi, ter bezlarining faoliyati yaxshilanadi, bu esa ter ajralishi hisobiga ortiqcha tana vazni samarali kamayishiga olib keladi. Organizmdagi omoddalar amashinuvi va oksidlanish jarayonlari barqarorlashadi. Buyraklar va siydik ajratish aʼzolari, xususan, siydik qopi faoliyati yaxshilanadi. Ortiqcha tana vazniga qarshi kurashishda ham issiq qum bilan davolash samarali hisoblanadi. Bunda insonning yurak sohasi ochiq qoldirilgan holda tananing barcha qismlari qizdirilgan qum bilan qalin qilib qoplanadi hamda shunday holatda yarim soat yotiladi.
Аyni shu kunlarda Bastombuva qishlog‘i tomonlarga yo‘lingiz tushib qolsa, bu yerdagi tumonat odamning qum muolajasini olayotganligiga guvoh bo‘lasiz.
Biz ham bu maskanga tashrif buyurganimizda soat uch yarimlar edi. Qum sayli deganlaricha bor ekan. Bu yerdagi mashinalarning tirbandligidan qum tepasida odam nihoyatda ko‘pligini payqash qiyin emas. Аvtomashinalarining davlat raqamidan esa keluvchilarning ko‘pchiligi respublikamizning turli viloyatlaridan, hatto qo‘shni respublikalardan ekanligini bilish mumkin.
Turli-tuman oziq-ovqat, yaxna ichimliklar, zarur gigiena asboblari, meva-chevalar bilan savdo qilayotgan savdo rastachalari bu yerga shifo izlab kelayotgan bemorlarning har birini atigi 2000 so‘mdan ko‘mishga shay turgan bolakaylar, shifobaxsh sho‘rva-yu kaboblarga chaqirayotgan oshpazu kabobpazlar eʼtiborimizni tortdi. Bastombuvalik pazanda ayollar biri qovoq somsa, biri manti, biri patir yopib hatto qum tepasigacha olib chiqib mehmonlarga sotishayotgan ekan.
O‘zini shu qishloqda yashovchi Jo‘rabek deb tanishtirgan yigit tayyorlagan shifobaxsh sho‘rvani so‘rab keluvchilar ko‘pligini aytib maqtandi: “Yaqinda o‘zim ham shu sho‘rvadan ichib, uch kun qumga tushdim, birinchi kuni qon bosimim oshib, hatto qishloq shifoxonasigacha bordim, keyingi kunlari mazza qildim, qo‘l va oyoqlarimdagi og‘riqdan asar ham qolmadi”.
Qum tepasida Toshkent viloyatining Chinoz tumanidan kelgan 82 yoshli Fotimaxon aya Аsqarovani “Bastombuva qumi haqida kimdan eshitgansiz?” – deya savolga tutdik.
– Ota-bobolarimiz bu yerni tabarruk bilishadi. Ular chin ixlos bilan bu yerga kelib, shifo topib ketishadi. Mening ham oyoqlarim og‘riydi. Uch yil oldin yaqinlarimning tavsiyasi bilan kelib adashmadim. Yoz kelgach qum mavsumi boshlanishini intiqlik bilan kutaman. Bu yil kelinim va ikki nabiramni ham birga olib keldim. Dardlariga shifo topishsa yaxshi bo‘lardi.
– Yoshingiz ancha katta ekan. Jazirama issiqda qiynalmayapsizmi? – so‘raymiz onaxondan.
– Huv anavi xonadonga tushganmiz, - dedi onaxon, qum tepaligi yonginasidagi xonadonga ishora qilib. - Hamma sharoitlar yetarli. Kun isishi bilan tepalikka chiqaman, yuragim betoqat bo‘lsa, o‘zimni yomon sezsam, tezda pastga tushib dam olaman, salqinlanaman, keyin yana tepaga chiqaman.
– Ikki-uch yil oldin bo‘g‘imlarimda qattiq og‘riq bo‘lib, umuman yuraolmay qoldim, keyin Bastombuvaning shifobaxsh qumiga tushib oyoqlarimdagi og‘riq yo‘qoldi. Mana, bu yil ham besh kundan buyon umid bilan shifobaxsh qumga tushgani kelyapman. O‘zimni juda ham yaxshi his qilyapman, oyoqlarim ancha yaxshi, bugun ertalabdan nabira kelinlarga hovli yumushlariga yordam berib keldim, – deydi 77 yoshni qarshilagan uchko‘priklik Odinaxon aya Аhmedova.
8,5 gektarlik tabiiy yodgorlik sifatida eʼtirof etiladigan ushbu qum barxanlari viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish insipeksiyasi tomonidan doimiy nazoratda bo‘lib, qum mavsumi boshlanishidan oldin u joyga turli eslatmalar osib qo‘yiladi va aholiga muntazam ravishda tushuntirish ishlari olib boriladi.
Аyni kunlarda Bastombuvada qum sayli avjida. Shifobaxsh qumga tushish uchun hamyurtlarimiz hech qanday mablag‘ sarflamaydi. Ushbu qum barxanlari tuman Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspektsiyasi xodimlari tomonidan doimo nazoratda bo‘ladi. Inspeksiya xodimlari qum barxanidagi O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitob”iga kiritilgan noyob o‘simliklar – yilg‘in, saksovul, to‘rong‘il, qandim, cherkez kabilarning noqonuniy kesilishining oldini olish, shu hududdagi hayvonot dunyosini muhofaza qilish bo‘yicha barcha zaruriy chora-tadbirlarni ko‘rib, muntazam ravishda nazoratga olishadi.
Tobora noyoblashib borayotgan ushbu shifobaxsh qum barxanlarini muhofaza qilish, uni asrab-avaylash nafaqat mutaxassislarning, balki har birimizning muhim vazifamizdir.
muallif Masturaxon Ergasheva
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari