Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 8-avgustdagi 345-sonli “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishda ziyoratchilarning manfaatlarini samarali himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi.
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoq sahifalarida mazkur qarordagi ayrim jihatlar bo‘yicha shaxsiy qarashlarga asoslangan noto‘g‘ri talqinlar tarqalmoqda.
Аslida, mazkur qaror asosida endilikda mamlakatimizda xususiy sektor tomonidan “Umra” tadbirlarini tashkil etish va amalga oshirish imkoniyati yaratilayotgani keltirilgan.
Unga ko‘ra, turistik faoliyatni amalga oshirish litsenziyasi chiqish turizmi kichik turining “Umra” xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bo‘yicha quyidagi qo‘shimcha litsenziya talablari va shartlari joriy etiladi:
100 ming АQSh dollaridan kam bo‘lmagan mablag‘larni Turizm qo‘mitasining Xavfsiz turizm jamg‘armasiga zaxira qilib qo‘yish;
“Umra” xizmatlari davomida ziyoratchilarning guruh rahbari etib O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan tuziladigan shartnoma asosida uning diniy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan mutaxassislarini tayinlash;
“Umra” xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperator shtatida diniy (islomiy) taʼlim yo‘nalishlari bo‘yicha respublika taʼlim muassasasi yoki O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining tegishli bakalavriat taʼlim yo‘nalishi yoxud magistratura mutaxassisligi bitiruvchisi bo‘lgan kamida bir nafar mutaxassisning bo‘lishi;
“Umra” xizmatlarini voyaga yetmagan fuqarolarga ko‘rsatmaslik;
“Umra” xizmatlarini Saudiya Аrabistoni Podshohligidagi hamkor tashkilot o‘rtasida imzolanadigan shartnomaga muvofiq amalga oshirish.
2023-yil 1-oktyabrdan “Umra” xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperatorlar faoliyatini reyting asosida baholash tizimi joriy etiladi. Baholash tizimi Turizm qo‘mitasining maxsus saytida eʼlon qilib boriladi.
Qarorda belgilangan qo‘shimcha litsenziya talab va shartlari 2023-yil 1-noyabrdan qo‘llaniladi.
Shu o‘rinda, muhim bir jihatga eʼtibor qaratish lozim: Qarordagi “Umra” xizmatlarini voyaga yetmagan fuqarolarga ko‘rsatish taqiqlanishi qatʼiy belgilab qo‘yilgan bo‘lsa-da, biroq mazkur jihatni turli assotsiatsiya va vakolatga ega bo‘lmagan shaxslar tomonidan shaxsiy qarashga asoslangan holda noto‘g‘ri talqin qilinishi – odamlarni chalg‘itishga sabab bo‘lmoqda.
Аslida, Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 8-avgustdagi 345-sonli qaroriga muvofiq “Umra” xizmatlarini voyaga yetmagan fuqarolarga ko‘rsatish taʼqiqlanadi.
O‘z navbatida, mazkur qarorni sharhlash va shaxsiy qarashni ommaga singdirish turli assotsiatsiya va shaxslarning vakolatiga kirmasligini maʼlum qiladi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita.
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari