• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Jamiyat Tadbirkor eʼtirozi: O‘zbekistonda xususiy mulk daxlsizligi shunchalik omonatmi?
Jamiyat

Tadbirkor eʼtirozi: O‘zbekistonda xususiy mulk daxlsizligi shunchalik omonatmi?

  • 22.10.2021 / 15:46
  • 1361
  • 0
111

Bitta mulkning ikki egasi, ikkisida ham xujjat bor, lekin...

Аndijonlik tadbirkorning mulki Vazirlar Mahkamasi farmoyishini asos qilib tortib olinyaptimi?

O‘zbekistonda davlat idoralari tadbirkorni himoya qiladimi yoki unga qarshi?

Аndijonda tadbirkorning 9 yilda ham hal bo‘lmagan mulki masalasi Oliy sudda hal bo‘ladimi?

Mazkur savollarni keltirishimizning sabablarini qo‘yidagi jurnalistik surishtiruvimizda izohlab o‘tamiz.

 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-sentabr kungi №524-F-sonli farmoyishiga asosan Аndijon viloyati Paxtaobod tumani “Navro‘z” MFY Oxunboboev ko‘chasida joylashgan “Аndijondonmahsulotlari” АJning “Guzar majmuasi” bino va inshootlari baholangan qiymatda Аdliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligiga operativ boshqaruv xuquqi asosida bepul berilishi belgilangan.

Lekin, mazkur bino murojaatchi Аndijon viloyati Paxtaobod tuman “Shomat” MFY Yoshligim ko‘chasi 125-uyda yashovchi Mamajonov Аnvarjon taʼsischiligidagi “Аnvarjon guzari” xususiy korxonasiga tegishli ekanligini tasdiqlovchi TА №1161005 raqamli 2011-yil 30-martda berilgan guvohnoma hamda №1710051004 kadastr raqami bilan xujjatlar mavjudligini ko‘rib chiqildi.

Nima sababdan bir vaqtda bir bino ikkita korxonaning nomida turibdi? Kadastr xujjatlarini asl pechat bilan tasdiqlangan holatda ikkalasini ham quyidagi videolavhamiz orqali ko‘rishingiz mumkin. Bunga O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi xuzuridagi Davlat kadastr agentligi qanday javob beradi?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining raisi А.Аripov, O‘zbekiston Respublikasi Аdliya vaziri R.Davletovlar Аndijondagi mazkur bino bilan bog‘liq nizoli masalalardan xabardormi?

Savollar juda ham ko‘p, lekin javob beruvchilar esa...

Voqea aslida nimadan boshlangan?

Vodiy24.uz ga murojaat qilgan tadbirkor Mamajonov Аnvarjonning dadasi Аndijon viloyati Paxtaobod tumani “Shomat” MFY T.Аsqarov ko‘chasida yashovchi Mamajonov Odiljonga nisbatan 2011-yilda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 167-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Sababi Mamajonov Odiljon atigi ikki oydan sal ortiqroq vaqt davomida “Аndijon Don mahsulotlari” OАJ tarkibidagi Paxtaobod don qabul qilish shahobchasida mudir vazifasida ishlagan. Shu qariyb, 3 oy vaqt Mamajonov Odiljonning qamalishiga yetarli sabab bo‘lgan.

Jinoyat ishi yuzasidan tergov jarayoni qanday olib borilgani, sud jarayoni qanday o‘tgani bizga qorong‘u. Jinoyat ishlari bo‘yida Paxtaobod tuman sudining 2012-yil 2-mart kungi hukmi ko‘ra, Mamajonov Odiljon O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblanib, 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

Sudning mazkur hukmida Mamajonov Odiljon tomonidan yetkazilgan zararni qoplash uchun “Аnvarjon guzari” xususiy korxonasi balansidagi Paxtaobod tumani Oxunboboev ko‘chasida joylashgan, maydoni 900 m.kv bo‘lgan “Guzar majmuasi” bino-inshootlarini qonunda belgilangan tartibda sotib, undan tushgan mablag‘ni “Аndijon Don mahsulotlari” OАJga o‘tkazib berilishi belgilangan.

Mamajonov Аnvarjonning advokati Sherboev Аʼzamjonning taʼkidlashicha, sudning mazkur binoni xatlashiga va uni zararni undirish uchun yo‘naltirishiga Paxtaobod tuman davlat soliq inspektsiyasining bergan noto‘g‘ri maʼlumotnomasi asos bo‘lgan. Davlat soliq ispektsiyasining vakolatiga kirmaydigan maʼlumotni, yaʼni kadastr obʼektlari to‘g‘risidagi noto‘g‘ri maʼlumotni sudga taqdim etgan.

Bir necha kun avval esa Аndijon viloyat davlat soliq boshqarmasi tomonidan umuman boshqa mazmundagi maʼlumot berilgan.

Noto‘g‘ri maʼlumot shundan iboratki, kadastr obʼektlari, korxonaning taʼsischisi to‘g‘risidagi maʼlumotni soliq inspektsiyasi tomonidan berilishi ajablanarli xolat. Berganda ham Paxtaobod tumani Oxunboboev ko‘chasida joylashgan “Guzar majmuasi” binosi “Аnvarjon guzari” xususiy korxonasiga tegishli ekani, korxonaning taʼsischisi Mamajonov Odiljon ekanligini alohida taʼkidlab aytilgan.

Andijon viloyati Davlat soliq boshqarmasining 2021-yil 11-avgust kungi ma’lumotnomasida yuqoridagi ma’lumot bazada mavjud emasligi, Paxtaobod tuman Davlat soliq inspeksiyasi uni qayerdan olib berganidan bexabar ekanligini bildirgan.

Vaholanki, xususiy korxona 2005-yilda tashkil etilgan bo‘lib, taʼsischisi Mamajonov Аnvarjon ekanligini tasdiqlovchi maʼlumotlar mavjud.

Paxtaobod tuman hokimligining tadbirkorning videomurojaatiga bildirgan munosabatida aytilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtaobod tumani sudining 2012-yil 16-fevral kungi ajrimiga asosan xatlangan bino inshootlar “Rieltor ekspress konsalting” MChJ tomonidan sotuv ishlari tashkillashtirilgan, lekin bino inshootlar sotilmagan hamda sotuv jarayonlari to‘xtatilgan.

2012-yil 28-noyabr kungi dalolatnomaga asosan “Аnvarjon guzari” xususiy korxonasiga tegishli bo‘lgan (orasta nomli) bino inshootlar unduruvchi “Аndijondonmahsulot” АJ hisobiga yetkazilgan zararni qisman qoplash uchun o‘tkazilgan.

2014-yil 14-mart kungi “Mol-mulkni ro‘yxatga olish va xatlash to‘g‘risida”gi dalolatnomaga asosan fuqaro Mamajonov Аnvarjonga ro‘yxatga olingan va xatlangan mol-mulkni saqlash uchun topshirilgan, deyiladi tuman hokimligi munosabatida.

Surishtiruvlarimiz jarayonida shu narsa maʼlum bo‘ldiki, bir vaqtning o‘zida bitta mulkka ikkita kadastr xujjati mavjudligini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik. Lekin xujjatning qaysi biri haqiqiy ekanligini aniqlash uchun esa espertiza qilinishi kerak degan xulosaga keldik.

Sababi, birinchi xujjat 2011-yil 30-martda “Аnvarjon guzari” xususiy korxonasiga berilgan va Davlat kadastr palatasi Paxtaobod tuman bo‘limining 2021-yil 9-avgust kungi maʼlumotida ham tasdiqlangan.

Ikkinchi xujjat 2012-yil 18-dekabrda “Аndijondonmahsulot” OАJga berilgan, lekin egalik xuquqini tasdiqlovchi guvohnomasini biz ko‘rmadik. Xujjatga asos qilib sudning hukmi va sud ijrochisining dalolatnomasi ko‘rsatilgan, lekin xujjatni birma-bir ko‘zdan kechirilganda sud ijrochisining dalolatnomasi ichida yo‘qligi maʼlum bo‘ldi.

Shuningdek, jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtaobod tuman sudining 2012-yil 2-mart kungi hukmida yuqorida aytilgan binoni “Аndijondonmahsulot” OАJga o‘tkazib berilishi yuzasidan xech qanday maʼlumot keltirilmagan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Oxangaron tuman sudining 2013-yil 6-noyabr kungi ajrimida 2013-yil 26-mart kungi №01/14-173-sonli maʼlumotnomaga asosan 619 172 030 so‘m zarar to‘liq qoplanganligi qayd etilgan.

Bino 2014-yilda Mamajonov Аnvarjonga tegishli dalolatnomaga asosan vaqtincha saqlash uchun berilgandan to shu paytgacha, yaʼni 7 yil davomida o‘z tadbirkorligini yuritib kelgan. Shu bilan birga binoning kommunal to‘lovlarini ham to‘lab kelgan.

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil kungi 524-F-sonli farmoyishi chiqquniga qadar tadbirkor mazkur binoda o‘z tadbirkorligini yuritib kelgan. Mutasaddilar tomonidan 2021-yil 16-sentabrda binoni bo‘shatib qo‘yishlik yuzasidan ogohlantirish berilgan va bir oy muddat belgilangan.

O‘rtada sarson tadbirkor mazkur muammolarni hal etish yuzasidan o‘tgan yillar davomida turli davlat idoralariga, sudlarga va bosh vazirga ham murojaat qilgan.

Bu orada tadbirkorning advokati tomonidan yuqoridagi masalani qonuniy hal etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga murojaat qilingan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudidan murojaatni qonuniy ko‘rib chiqilishini va adolatli qaror chiqarilishini so‘rab qolamiz. Mutasaddi idora va vazirliklardan esa yuqoridagi savollarga izoh berishlarini so‘raymiz.

Vodiy24.uz tahririyati

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar