• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

12810.00

Sotish

12860.00

Bosh sahifa Jamiyat Uchko‘priklik dehqonlar tumanda gulchilikni rivojlantirish tashabbusi bilan chiqishmoqda!
Jamiyat
Biznes

Uchko‘priklik dehqonlar tumanda gulchilikni rivojlantirish tashabbusi bilan chiqishmoqda!

  • 03.05.2024 / 09:38
  • 798
  • 0
111

Gulchilik biznesi rivojlangan davlatlar iqtisodida ham o‘z o‘rniga ega hisoblanadi. Biznesning bu yo‘nalishi O‘zbekistonda ham tobora rivojlanib bormoqda. Avvallari bu ish bilan barmoq bilan sanoqlik odamlar shug‘ullangan bo‘lsa, hozirga kelib respublikaning har bir hududida gul yetishtiruvchilar ko‘plab topiladi.

Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumani Sobirjon mahallasining mirishkor dehqonlari ham uzoq yillardan buyon poliz ekinlari ko‘chatlarini yetishtirish bo‘yicha ancha ilg‘orlardan hisoblanar edi. Bugungi kunda esa mahallada gul ko‘chatlari yetishtiruvchilar soni ham ko‘pchilikni tashkil qilmoqda.

Gul yetishtirish bilan 5-6 yildan buyon shug‘ullanib kelayotgan Avazxon Akbarovning aytishicha, bu yil 8 sotixdan iborat issiqxonalarga 160 mingdan ziyod gul urug‘larini sepgan. Hozirda gul ko‘chatlari yetilib, ayni bozori chaqqon bo‘lgan payti.

Gul ko‘chatlarining o‘zidan bu yildagi daromad 200 milliondan ziyodni tashkil etishi kutilmoqda. – O‘tgan yilgi daromad hisobidan o‘g‘lim traktor va somon boylagich sotib olgan edi. Bu yilgi daromadning boshidan esa menga Damas avtomashinasi olib berdi, deydi u.

O‘zi baynalminal jangchi, Afg‘on urushi qatnashchisi bo‘lgan Avazxon aka qishin-yozin tinim bilmaydi. Gul ko‘chatlaridan bo‘shagan issiqxonaga bodring yoki ko‘katlar ekadi. - O‘zimizdan tashqari yana besh olti xo‘jalikni ham shu ishga qiziqtirib, gulchilik bilan shug‘ullanadigan qildik, deydi Avazxonaka.

Hozirda biz yetishtirgan ko‘chatlar o‘zimizdan tashqari qo‘shni Qirg‘iziston va Tojikiston respublikalariga ham sotilmoqda. Ishimiz yaxshi, daromadi undanda yaxshi. Lekin biz bu bilan to‘xtab qolmaymiz, sohani yanada rivojlantirish niyatlarimiz bor, tumanimiz rahbarlari bizga shu sohani rivojlantirishga imkoniyat berib, alohida yer ajratib berishsa, ayni muddao bo‘lgan bo‘lar edi, deydi xonadon egasi.

Mahalladagi keyingi manzilimiz Ikrom akaning xonadoni bo‘ldi...

Bu xonadonda yetishtirilayotgan gullar uchun qilingan issiqxona maydoni 9 sotixni tashkil etib, bu yerda gullarning 50 dan ortiq turlari parvarishlanmoqda. Jumladan, mahalliy tilda ona mehri, ya’ni malachak, kalataya, katarantus, qora shaxzoda, tolbarg, begoniya, 8-mart va geran kabi gullar ko‘zni quvnatib turibdi.

Ikromaka gulchilik bilan 5 yildan buyon shug‘ullanar ekan. - Mavsumda gullar katta-kichik hajmiga qarab 5 ming so‘mdan 200 ming so‘mgacha sotiladi, bu yerda 30-40 ming dona atrofida gullar bor. Asosan bahor oylarida sotiladi, qolgan oylarda kamroq oladi odamlar gullarni. Kuz oylarida esa yana yangi mavsumga tayyorgarlik boshlanadi bizda, deydi Ikromaka.

-Mavsum avjiga chiqqan paytda 5-6 nafar ishchini tashqaridan yollab ishlatamiz, qolgan payti o‘zimiz oilaviy shu ish bilan shug‘ullanamiz. Daromadi yaxshi, ro‘zg‘orni tebratib turibdi. Joyimiz biroz torlik qilyapti, hatto ikkinchi qavatga ham mo‘ljal qilib turibmiz issiqxona qilishni, deydi xonadon sohibi.

O‘zi haqiqiy mirishkor dehqon bo‘lsada, kamtarligi undan ortiq bo‘lgan Abdusalim aka ham bir necha yillardan beri xonadonida gulchilik bilan oilaviy shug‘ullanib keladi.

O‘zi intervyu berishga tortindimi ukasini sen gapir, gapga usatasan deb, ukasini kameramiz qarshisiga ro‘para qildi. Ukasi Burxon akani esa yana bir alohida ko‘rsatuv qilsa arzigulik talanti bor ekan.

Xonadon to‘ng‘ichi Abdusamadning aytishicha, 4 sotixdan iborat issiqxonaga 40 mingdan ziyod urug‘ ekilgan. Issiqxonada 10 dan ortiq gul navlari bor.

Asli kasbi o‘qituvchi bo‘lgan Nodir aka ham hozirda mirishkor gulchiga aylangan. Gulchilikni ota kasbi deydi u. Nodiraka haqiqatda o‘qituvchiligiga borib, darrov gullarni tanishtirishga tushib ketdi.

Mahallada Nodir akani hech kim domla so‘zini qo‘shmay chaqirmaydi. Boisi domlalikni ham maromiga yetkazib qo‘ygan. Shu bois uni hamma Nodirdomla deb ataydi.

Gulchilikning mashaqqatlari haqida gapirar ekan, Nodiraka gulchilik, sabrchilik, deb qo‘shib qo‘yadi. Buni puliga qiziqqan odam natijaga erishmaydi, avvalo odamda qiziqish va sabr bo‘lishi kerak deydi u.

Vodiy24.uz tahririyati

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar