• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Jamiyat Jasoratli Qudratoy
Jamiyat

Jasoratli Qudratoy

  • 14.06.2022 / 17:51
  • 642
  • 0
111

Dunyoga endigina kelgan chaqaloqning chap qo‘li yelkasidan yo‘q edi. Orziqib kutilgan birinchi farzandning bunday tug‘ilishi yosh ota-onani karaxt ahvolga solib qo‘ydi. Ota “men bu qizni boqmayman, elu yurtdan uyalaman” dedi. Ona yum-yum yig‘ladi.

Qizimizning nedir karomati bo‘lishi kerak, Karomatoy qo‘yamiz deb o‘ylashayotgandi. Tug‘ruqxona shifokori Liliya Sultonova esa “bu qizaloq o‘z ismi bilan tug‘ildi, qudratli va har ishga qodir bo‘lsin” deb, ismini Qudratoy qo‘yishni maslahat berdi. Shifokorning taklifi bilan uning ismi Qudratoy bo‘ldi.

O‘sha kunlarni qahramonimiz Qudratoy Teshaboeva shunday xotirlaydi:

– Ota-onam meni bolalar uyiga berib yubormoqchi bo‘lishgan ekan. Shunda bobom-buvim kelib, “Bola senlarga kerak bo‘lmasa, bizga kerak. 16 nafar boladan zo‘rg‘a ikki nafari tirik qoldi, bu o‘shalarning o‘rnini to‘ldiradi, hali katta bo‘lsa, qo‘li butun o‘nta odam qila olmagan ishlarni qiladi” deya meni o‘zlari bilan olib ketishgan ekan. Ukalarim tug‘ilguncha buvimlarnikida katta bo‘lgan ekanman. Uch nafar ukam tug‘ilgach, onamga dastyor kerak bo‘lgan. Ana shunda meni ota-onam olib kelishgan ekan. Yetti yoshimda dadam olamdan o‘tib qoldilar. Onamga yanada ko‘proq suyanch va hamroh bo‘ldim o‘sha paytlarda. Bir qo‘lim bo‘lmasa ham, buvim meni ayab o‘tirmasdi. 7-8 yoshimda onam ishdan kelgunicha tandirda non yopib, ovqat qilib qo‘yardim. Onam fermada 30-35 ta sigir sog‘ardi. Ba’zi paytlarda onamning mazasi bo‘lmay qolsa, fermaga borib, bir qo‘llab apparat ulab, sigirlarni sog‘ib kelardim. Maktabdan kelganimdan keyin buvim qo‘limga darrov etak va o‘roq berardi-da, “bor, mollarga o‘t qilib kel” deya dalaga jo‘natib yuborardi. Ikki qo‘li butun dugonalarim kabi bir choyshab o‘tni boshimga qo‘yib kelardim. Ukalarimni bir qo‘limda olib yurib o‘ynatardim. Buvim va onam hech qachon meni ayamas, menga ularning rahmi kelmasdi. Doimo qiyin-qiyin ishlarni buyurishardi. O‘zim uy tozalab, supurib, axlat olardim, ovqat tayyorlardim, ukalarimning kiyimlarini yuvardim. Erta turib, ko‘cha-hovlilarni supurib, suvlarni sepib qo‘yardim. Endi o‘ylab qarasam, ularni meni keyingi hayotimga shunday tayyorlashgan ekan. Birovga qaram bo‘lmasin, och qolmasin, birovning yordamiga muhtoj bo‘lmasin, degan maqsadda meni qiynashgan ekan.

Maktabga borishni juda yaxshi ko‘rardim. Bolalar “qani bir qo‘ling, nega bitta qo‘ling yo‘q, nega qo‘lingni yengingni ichiga tiqvogansan, chiqarvol, nega bunaqa tug‘ilgansan” deya haqorat qilib, masxaralasa ham, maktabga boraverardim. Rimma Oxunova degan rus tili o‘qituvchimiz bor edi. U kishi meni Katya deb atardi. Doim “Katya, o‘qi, senga o‘qish juda kerak” deb beminnat qo‘shimcha dars o‘tardi. Matematika fani o‘qituvchisi O‘lmasjon domlamizni ham “menga ko‘proq o‘rgating, manov misolni yechish yo‘lini ko‘rsating” deb bezor qilib tashlardim. Tarix, ona tili va adabiyoti darslarini juda yaxshi ko‘rib o‘rganardim. O‘qituvchilarimni hanuz minnatdor bo‘lib eslayman, chunki ular menga boshqa sinfdoshlarimga qanday bo‘lsa, shunday muomala qilishardi. Ayniqsa, matematika, tarix o‘qituvchilarim “Qudratoy, hayot juda murakkab, sening bu holingda faqat yaxshi biliming yordam beradi. Chunki yaxshi o‘qisanggina yengilroq ish topa olasan”, deb ko‘p nasihat qilishardi. Ana o‘shalarning sa’y-harakatlari bilan maktabda yaxshi o‘qidim.

Qahramonimiz 9-sinfni tamomlagach, Farg‘ona shahridagi imkoniyati cheklanganlar uchun tashkil etilgan hunar-texnika bilib yurtiga o‘qishga boradi. U yerda buxgalterlik yo‘nalishida tahsil ola boshlaydi.

– Menga yotoqxonadan joy yetmay qolgan. Shuning uchun texnikumga yaqin hovlida ijarada turishga majbur bo‘lganman. Bu xudoning menga inoyati bo‘lganini yillar o‘tgach angladim, – deb o‘sha kunlarni xotirlaydi Qudratoy opa. – Uy egasi tikuvchi edi. Buyurtmalari juda ko‘p bo‘lardi. Men uy vazifalarini qilib bo‘lgach, u kishining yonida qilayotgan ishiga qarab o‘tirardim. Bir kuni “Qudratoy, tikuvchilikni o‘rgataymi” deb qoldi. O‘sha paytda “bitta qo‘lim yo‘qku, qanday ko‘ylak tikaman”, deb o‘ylamabman. “Ha” deb javob beribman... O‘sha ayol menga avval bichishni, so‘ngra tikishni qunt bilan o‘rgatdi. Oyoq tepkili tikuv mashinasi bor edi, oyoqlarim yordamida oddiy matoni ko‘ylakka aylantirardim. Talabalik paytida hamma uyidan pul olib ketsa, men uyga ko‘ylak tikib topgan pulimni olib kela boshladim. Ayam negadir shubhalandi. “Sen qiz shaharda nima qilib yuribsan, nega buncha ko‘p pul olib kelyapsan, nima ish qilyapsan, ishqilib o‘qishni tashlab yubormadingmi” deb bir kuni o‘zi Farg‘onaga keldi. Ustozim bilan ko‘rishdi, undan meni yaxshi tikuvchi bo‘lib qolganimni eshitib, yum-yum yig‘ladi. Keyin uydan olib borgan sut-qatiq, qaymoq, pomidor-bodringlarni tashlab, ustozimga qayta-qayta rahmat aytib, uyga qaytdi. “Qizimga shunchalik hunar o‘rgatibsiz, rahmat sizga, xudo xohlasa, rozi qilaman” degandi, ustozim “qizingizning zehni juda o‘tkir ekan, hatto bir qo‘llab ham ko‘ylaklarni tikib tashlayapti, men hech ish qilmadim, faqat uni yo‘naltirdim, shu qiz hayotda qiynalmasa bo‘ldi, shuning o‘zi menga katta rahmat bo‘lib qaytadi” dedi.

Shu tariqa tikuvchilikni ham o‘rganib olgan Qudratoy Teshaboeva bilim yurtini tamomlagach, Farg‘ona pedagogika instituti (hozirgi FarDU)ning tarix fakultetiga o‘qishga kiradi.

– Rosa tarix fanini yaxshi ko‘rardim. O‘zim bilgan narsalarni boshqalarga ham o‘rgatay deb, shu fakultetga kirgandim, – deydi talabalik yillarini eslab qahramonimiz. – Ammo 2-kursga o‘tganimda, tog‘am rahmatli “har bir qizning boshida turmushga chiqish savdosi bor, seni turmushga bermasak bo‘lmaydi” deb meni uzatvorishgan. Turmushga chiqqanimdan so‘ng sharoitim to‘g‘ri kelmay, o‘qishni tashlashga majbur bo‘ldim. Juda ko‘p kitob o‘qiyman, hozir audiokitoblar eshitib ham ko‘p ma’naviy ozuqa olyapman.

To‘rt muchasi sog‘ yigitga turmushga chiqqan Qudratoy opa yillar davomida besh nafar o‘g‘ilni dunyoga keltirdi. O‘tgan yillar bu ayol uchun oson kechmaganini, besh o‘g‘ilni katta qilish, ularni tarbiyalash, vaqtida toza-ozoda kiyintirish, ovqatini vaqtida tayyorlash, ustiga-ustak kolxozda buxgalterlik qilish, kechga tomon bir qo‘lida xamir yoyib, xonim, manti tayyorlab, fabrika ishchilariga sotib chiqishning qanchalik mashaqqatli yumush bo‘lganini hech bo‘lmaganda bir nafar farzand katta qilgan odam tushunadi.

“O‘g‘illarim endigina katta bo‘lib, esini taniy boshlaganida turmush o‘rtog‘im meni tashlab ketdi. Mayli, uni ham ayblamayman. Uning ham ko‘ngli o‘zi kabi sog‘lom ayol istagandir”, deydi Qudratoy opa.  

O‘tgan yillar davomida hech kimdan, hech narsa so‘ramaslikka o‘rgangan, hamma narsaga mehnat qilib erishish kerak degan gapni o‘ziga shior qilib olgan Qudratoy opa Izzatbek, Shahzodbek, Shohruhbek, Ilyosbek va Sharofiddin ismli bir-biridan pahlavon o‘g‘illarni tarbiyaladi.

– Kechalari manti, xonim pishirib sotardim, kunduzlari chok mashinada bir tadbirkor ayolning mahsuloti – bolalar kiyimlarini tikib berardim. Sigir sog‘ib, mollarning yemini, suvini berib, tomorqada ishlashga ham ulgurardim, – deb eslaydi Qudratoy opa.

Har doim qiyinchilik bo‘lgan. Ikki qo‘li butun, ikki oyog‘i sog‘lom odamlar qanchalik qiynaladi-yu bu hayotda, men qiynalmaymanmi?

Qudratoy Teshaboeva birinchi o‘g‘liga qanday kelin topganini aytib berdi.

– Biz asli Rishton tumanining Zohidon qishlog‘idanmiz. Bir kuni Bag‘dod tumanining Do‘rmoncha qishlog‘iga bir ish bilan keldim. O‘shanda shu katta kelinimni ko‘rib qoldim. Ertasiga uyini surishtirib topib, yana keldim. Bo‘lajak qudalarim faqat bir gapni aytishdi “qizimiz qop-qora, o‘g‘lingiz oppoq, chiroyli ekan. Sizlar “do‘m”da yasharkansizlar, mening qizim qishloqda katta bo‘lgan. Shaharga unchalik o‘rgana olmasa kerak”. Taqdiri nasiba ekan. O‘zim yaxshi ko‘rgan qizni kelin qildim. Mana, shu kungacha ahil-inoq yashab kelyapmiz.

Ikki kelin, besh o‘g‘il bilan ko‘p qavatli uyning ikki xonali xonadonida qiynalib yashayotgan Qudratoyning orzularidan biri yer olib, uy-joy tiklash edi. Rishton shahrida yer qimmatligi, hali bolalari yetarli pul topmayotgani uchun katta kelinining yurtidan, ya’ni Bag‘dod tumanining Do‘rmoncha qishlog‘idan 11 sotixli sotiladigan yer daragini eshitib qolgan Qudratoy mana shu yerni qudalari yordamida sotib oladi.

Hovliga kirsangiz, issiqxonada qalampir, pomidor, bulg‘or qalampiri, bodringga ko‘zingiz tushadi, anjir, bir necha xil olma, shaftoli, olcha mevalarini ko‘rib, bu oilaning naqadar mehnatkash va yerni e’zozlovchi, ardoqlovchi kishilar ekaniga amin bo‘lasiz.

Xushchaqchaq, hayot sinovlari qaddini buka olmagan qahramonimiz erta turib sigir sog‘ishini, sutni qaynatib, qatiq ivitishi-yu, o‘zi sabzi to‘g‘rab, palov tayyorlashini eshitib, ochig‘i, biz ham lol qoldik. Shuncha ishi kamdek, yana sopol buyumlarga naqsh chizishni ham o‘rganib olgan ekanlar.

Hozir u kelinlari, ellikdan ortiq shogirdlari bilan birga sopol buyumlarga gul chizish bilan shug‘ullanmoqda.

– Bilasiz, rishtonliklarning hammasi kulol. Bu hunar ota-bobomizdan bizga meros bo‘lib kelgan. Bir dona buyumga gul chizsangiz, uch so‘m beriladigan zamonlardan buyon mana shu ishni qilaman. Chunki bu pulni o‘sha paytda yaxshigina qadri bor edi. Menga ish beruvchilar ataylab eng qiyin naqshlarni chizdirishardi. Sababi, o‘z ishimni sidqidildan va puxta qilaman. Chunki ertaga bu buyumni sotib olgan odam “voy, qo‘li gul odam naqsh solgan ekan” deyishi kerak-da! O‘zim “mendan ketguncha, egasiga yetguncha” qabilida ish qilishni yoqtirmayman. Naqsh chizishim ish beruvchilarga yoqib qolgani uchun avval ikki-uch nafar shogird tayyorlashimni aytishdi, keyin ularning safi ko‘paya bordi. Hozirgi kunda men kasanachilik bilan shug‘ullanyapman. Ya’ni, sopol buyumni kulollar olib kelib beradi, uyda shogirdlarim bilan birga unga gul solamiz. Bir kunda bitta odam 60-70 ta sopol buyumga naqsh chizishi mumkin, – deydi opa.

Birovdan bir tiyin ta’ma qilmagan, boshqa odamlardek hokimiyatlar eshigiga yordam so‘rab yotib olmagan Qudratoy Teshaboeva 2021 yilning avgust oyida “Jasorat” medali bilan taqdirlandi.

Uning jasorati, qilayotgan mehnatlari munosib e’tirof etildi.

Hayot davom etmoqda. Qudratoy Teshaboeva kabi qahramonlar ham sizu bizning oramizda yashab yuribdi. Qudratoy opa jasorati barchaga o‘rnak bo‘lishi kerak, nazarimda.

Sharifa MADRAHIMOVA, jurnalist.

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar