• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Jamiyat “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni kimlarga beriladi?
Jamiyat
Huquq

“Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni kimlarga beriladi?

  • 27.09.2022 / 12:26
  • 318
  • 0
111

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2022-yil 15-avgust kuni “Imom Buxoriy” ordenini taʼsis etish bo‘yicha qonunga imzo chekdi. Ushbu qonunga ko‘ra, “Imom Buxoriy” ordeni ikki darajadan iborat bo‘lib, bular “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni va “Imom Buxoriy” ordenidan iborat.

“Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan ilm-fan va madaniyat, jumladan, islom maʼrifati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk alloma va mutafakkirlarning hayoti hamda ilmiy merosini o‘rganish va xalqaro maydonda keng targ‘ib qilishda katta yutuqlarga erishgan xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlari, xorijiy mamlakatlar parlamentlari vakillari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik vakolatxonalar, konsullik muassasalari hamda ularga tenglashtirilgan boshqa tashkilotlarning rahbarlari va vakillari, shuningdek xorijiy arboblar va olimlar, mamlakatimizning atoqli davlat va jamoat arboblari, diniy-ijtimoiy sohadagi rahbarlar va yetuk ulamolar, atoqli olimlar, adiblar, pedagoglar va ilmiy tadqiqotchilar mukofotlanadi.

“Imom Buxoriy” ordeni bilan ulug‘ allomalarimiz ilmiy merosini chuqur o‘rganib, o‘sib kelayotgan yosh avlodni ajdodlar merosiga hurmat, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashdagi xizmatlari, yuksak insoniy g‘oyalar va muqaddas qadriyatlarimizni o‘zida ifoda etgan tarixiy merosimizni tizimli asosda tadqiq etish, ulardan diniy taʼlim, maʼnaviy-axloqiy tarbiya ishlarida foydalanish maqsadida zarur darslik va o‘quv qo‘llanmalari, ilmiy-amaliy tavsiyalar tayyorlashdagi samarali mehnati, mamlakatimizdagi diniy-ijtimoiy jarayonlar hamda diniy bag‘rikenglikni taʼminlash masalalarini o‘rganishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash, targ‘ibot va tashviqot tadbirlarini o‘tkazishdagi faoliyati, “Jaholatga qarshi maʼrifat” g‘oyasi asosida islom diniga nisbatan sodir etilayotgan g‘arazli tahdid va harakatlarning oldini olish, bunday xatarlarga qarshi kurashishning ilmiy-maʼrifiy asoslarini ishlab chiqish hamda amaliyotda qo‘llash borasidagi xizmatlari, islom sivilizatsiyasining umuminsoniy qadriyatlarini, jumladan, xalqimiz maʼnaviyati va madaniyati rivojida tutgan o‘rni hamda ahamiyatini o‘rganib, ularning ilmiy-nazariy va amaliy jihatlarini tadqiq etishdagi katta xizmatlari uchun mukofotlanadi.

“Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni va “Imom Buxoriy” ordeni bilan boshqa shaxslar ham ilm-maʼrifatni rivojlantirishdagi alohida xizmatlari uchun mukofotlanishi mumkin.

“Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan mukofotlangan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yetmish baravari miqdoridagi bir martalik pul mukofoti beriladi.

“Imom Buxoriy” ordeni bilan mukofotlangan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdoridagi bir martalik pul mukofoti beriladi.

“Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni va “Imom Buxoriy” ordeni bilan mukofotlangan shaxslar qonunchilikda belgilangan imtiyozlardan foydalanadilar.

Ushbu ordenni taʼsis etilishi yurtimizda ilm-maʼrifatni rivoji uchun ulkan imkoniyatlar yaratilayotganligidan dalolatdir.

I.Madaminov
So‘x tumani adliya bo‘limi 
bosh maslahatchisi

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar