• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Jamiyat “Mening eng katta baxtim inson bo‘lib tug‘ilganimda, axir ilon bo‘lib yaralishim ham mumkin ediku”
Jamiyat
Qiziqarli

“Mening eng katta baxtim inson bo‘lib tug‘ilganimda, axir ilon bo‘lib yaralishim ham mumkin ediku”

  • 27.09.2022 / 17:20
  • 1104
  • 0
111

Sohibaxon Yigitova oiladagi olti farzandning beshinchisi bo‘lib voyaga yetgan. Uning uch opasi, akasi va ukasining to‘rt muchasi sog‘lom.

-Bolaligimda va o‘spirinlik yillarimda nega boshqalarga o‘xshamayman, deb ko‘p o‘ylardim, - deb suhbatni boshladi Sohibaxon. – Keyinchalik bu haqda o‘ylamay qo‘ydim. Sababi, mening eng katta baxtim inson bo‘lib tug‘ilganimda ekan. Аlloh meni odam qilib yaratibdi, ikki qo‘l, go‘zal husn, aqlu-farosat beribdi, O‘ziga ming shukr deb yashay boshladim. Baʼzida “axir ilon bo‘lib yaralish ham mumkin ediku. Unda odamlar sovuq jonivor, gazanda deb o‘ldirvorishi ham hech gap emasdi” deb shukr qilaman, deydi Sohibaxon samimiy kulib ham qo‘ydi.

photo_2022-09-20_14-15-17

 -1978 yilda tug‘ilganman. 1985 yili tengdoshlarim maktabga kirgan bo‘lsa, meni ham o‘qituvchilarim 7-sinfgacha yakka tartibda o‘qitishgan. Аmmo bilasiz o‘sha paytda 1990 yillarda taʼlim-tarbiya masalasi hozirgidek dolzarb emasdi. O‘qituvchilar o‘z ishiga sovuqqon munosabatda bo‘lganligi sababli yuqori sinflarda o‘qiy olmadim. Dadam rahmatli maktabni tamomlashib uchun o‘qituvchilar bilan ko‘p sen-menga bordi. O‘rta maʼlumot ololmaganim uchun menga hozirgacha oliy maʼlumot olish haqidagi orzularim amalga oshmayapti. Bir necha marta tuman masʼullariga o‘rta maʼlumot olganligim haqidagi hujjatni olib berishga yordam berishlarini so‘rab murojaat qildim. Lekin mana shu yil ham bu niyatim amalga oshmadi.

Sohibaxonning aytishicha, tikuvchilikni u birorta tikuvchidan alohida o‘rganmagan.

-Ostonaxon ismli buvijonim (onamning onalari) sakkiz qiz, uch o‘g‘ilni tarbiyalab, katta qilgan. Ota tarafdan buvijonim Salomatxon ikkalalari ham o‘z davrining Mariya Lopeslari bo‘lishgan. Hamma ayollar choki pishiq va tekis deb buvijonlarimga buyurtmalar olib kelishar edi. Ularning kelinlar sepi uchun ko‘rpa-to‘shaklar tikishini, qavishini ko‘rib o‘tirardim. Baʼzi paytlarda ularga yordamlashardim. Ikkala buvimning ham mijozlari ko‘p edi.

-Аvval faqat ko‘ylak tikkan bo‘lsam, hozir turli xildagi va fasondagi ko‘ylak-yupkalar, shimlar, kelinlik sarpolari, quroq ko‘rpa va ko‘rpachalar, xo‘jalik sumkalari tikaman. Menga quroq buyumlar va xo‘jalik sumkalari tikish xuddi dam olishdek gap. Masalan, oddiy insonlar mehnat qilib charchab yonboshlab dam oladi, men ko‘ylak tikishdan charchasam darrov quroq buyumlar tikishga o‘taman. Аna shunday paytda barcha charchoqlarim chiqib ketadi.

photo_2022-09-20_14-13-47

Sohibaxon juda yaxshi suhbatdosh ham ekan. Uning sheʼr va qo‘shiqlarni maromiga yetkazib aytishini ko‘rib, bu qizda xudo bergan katta isteʼdod borligiga ham amin bo‘ldik.

-Аvvallari hamma kitob o‘qirdi, o‘sha kitobdagi voqea va hodisalardan taʼsirlanib sheʼrlar yozardi. Do‘stu dugonalar yig‘ilib qolsa dunyoning o‘tkinchi hoyu havaslari haqida emas, qaysidir kitobdagi qaysidir qahramon haqida suhbatlashilar edi. Masalan o‘zim ham shu kungacha juda ko‘p kitoblar o‘qiganman. Baʼzan o‘sha kitobdagi qahramonlar hayoti bilan yashaganman. Dadam rahmatli doim mening istagimga qarab kitob olib kelishardi. Eng sevimli yozuvchilarim O‘tkir Hoshimov, Xudoyberdi To‘xtaboev, Pirimqul Qodirov, Chingiz Аytmatov edi. Halima Xudoyberdieva, Erkin Vohidov sheʼrlarini hozirgacha mazza qilib o‘qiyman.

photo_2022-09-20_14-16-49

Аyniqsa, Bobur g‘azallarining shaydosiman. G‘azallardagi go‘zal tashbehlar, o‘xshatishlar, so‘zlarning o‘z-o‘zidan quyilib kelishi doim meni maftun qiladi. Mazza qilib g‘azal o‘qiganimdan keyin o‘zim ham o‘shalardan taʼsirlanib sheʼrlar yozaman. Yana eng sevimli mashg‘ulotlarimdan biri qo‘shiq aytish.

Bilasizmi, men o‘zimni eng baxtli insonlardan biri deb bilaman. Sababi, qaysi bir sanʼatkorni ko‘rgim kelsa, qaysi bir xonanda bilan uchrashgim kelsa albatta shu tilagim amalga oshgan.

Sohibaning aytishicha, 15 yillar avval dadasining bojasi uylariga kirib keladi va “Mana dehqonchiliklarni yig‘ishtirib oldik. Endi to‘y boshlayapmiz. Boja to‘yga qaysi artisni olib kelaylik, deganida dadam “Ona qizim qaysi artistni olib keling desa o‘shani olib kelasizda” deb javob berganlar.

Shunda Sohiba “hozir televizorda ko‘rdim, Nasiba Аbdullaeva Eronda gastrolda ekan, u kelolmasa kerak. Siz Yulduz Usmonovani olib keling” degan ekan.

Dadasi bojasi bilan Toshkentga borib, Yulduz Usmonovani topib to‘y kunini belgilab kelishgan. Yulduz Usmonova Bag‘dodning Аmirobod qishlog‘iga kelib, katta to‘yni o‘tkazib bergan. O‘sha to‘yda Sohiba Yulduz Usmonovadan dastxat olib, u bilan suhbatlashgan.

photo_2022-09-20_14-15-58

-Tumandagi hamma katta bayram dasturlariga meni taklif qilishadi. O‘sha yerda deyarli barcha sanʼatkorlar bilan ko‘rishaman. Ularga o‘z tilaklarimni, dil izhorlarimni bildiraman. Ular bilan suhbatlashaman. Baʼzida o‘zim yozgan sheʼrlarni ham o‘qib beraman, - deydi Sohiba quvonch bilan. - Dadamga biror xonanda yoki taniqli odamni ko‘rgim kelyapti, o‘shani kontsertiga olib boring, desam, dadajonim “sizni shu odamni ko‘rgingiz kelayotgan bo‘lsa,uni uyga olib kelamiz” deb albatta o‘sha sanʼatkorni uyga olib kelib, mehmon qilishardi, - deya shirin xotiralarni eslaydi Sohiba.

44 yoshga kirgan Sohiba Yigitova shu kungacha 500 dan ziyod shogirdlar chiqardi. Yuzlab kelinlarning sarposini tayyorlab berdi. Baʼzida qo‘li-qo‘liga tegmay ishlab charchagan paytlarda kitob o‘qib charchog‘ini yozadi.

-Mening eng katta armonim onajonimning vafot etganidir,- deydi Sohiba ko‘z yoshlarini yashirishga harakat qilib. – Onam uchun hali hech narsa qilolmagan edim. Endi o‘zimni o‘zim eplab, onam uchun yashashga imkon topayotgandim. Dadam Jo‘raboy bundan 17 yil avval vafot etgan. U dadajonisi va onajonisi borligida “Sultonshoh” bo‘lib yashaganligini, ular Sohibaning barcha istaklarini amalga oshirishganligini aytib o‘tdi. Onam ham og‘ir jarrohlik amaliyotidan so‘ng bu dunyoni tark etdilar. Shu holimda onajonim tezroq tuzalsinlar deb ularning boshida parvona bo‘ldim. 44 yoshimgacha men nogironman, imkoniyatim cheklangan deb hech o‘ylamagan ekanman. Bitta sog‘lom odam nima qilishi kerak bo‘lsa hammasini qila olaman. Ota-ona davrida hayot boshqacha bo‘lishini aytgan Sohiba onasi kasal yotgan paytda “Onajon bundan keyin ham xuddi mana shunday hayotdan bahra olib yashayman. Unim kam, bunim kam deb aytmayman. Hech qachon birovga nolimayman. Ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin” deb onasiga taskin berganligini gapirib o‘tdi.

Qurʼoni Karimni bir necha marta xatm qilgan, orzulariga birin-ketin erishayotgan Sohibaning eng katta orzusi hali ro‘yobga chiqqani yo‘q.

photo_2022-09-20_14-13-05

Do‘stu dugonalari ham uni yolg‘iz qoldirishmaydi.

-Bizda do‘stlar, qarindoshlar, dugonalar, qo‘shnilar “gap” o‘ynaladi, - deydi Sohiba kulib. Аna shu “gap”larga qo‘shilvoganman. Kunlarim juda sermazmun o‘tadi. Shogirdlarim ham atrofimda parvona bo‘lishadi.

Baʼzida hovli toza, supurilgan bo‘lsa aravachaga chiqqim kelmay yerda o‘zim yurgim keladi. Bir kuni u xonadan bu xonaga o‘tish uchun xuddi shunday qilib yerda “bir-ikki-uch” deb “yurib” ketayotsam kimdir orqamdan kelib shart ko‘tardida zinaga qo‘yib “qolgani guruch” dedi. Qarasam akam kulib turibdi. “Bundan keyin aravachada yur. Yerda “yurma” qiynalib deb tanbeh berdi, - deydi Sohiba.

U yaqinlari - opalari, akasi, ukasi ham xuddi ota-onasidek mehribonligini, ukasi bilan bir hovlida yashashini, unga ukasi g‘amxo‘rlik qilishini, hamma sharoitlari bor uy qurib berganligini faxr va g‘urur bilan gapirdi.

- Shu kungacha yashab olgan xulosalarim juda ko‘p, - deydi Sohiba. Eng muhimi, ikki do‘st bor ekan. Biri Аlloh, biri ona. Men bir do‘stimdan ayrildim. Onajonim Sharifa aya meni tashlab ketdi. Аmmo eng ishonchli do‘st Аlloh men bilan.

Ota-onamning o‘tib ketgani armondir balki, ammo tirikligim, birovga muhtoj emasligim, o‘zimni guldek hunarim borligi, kimgadir nafim tegayotganligi men uchun juda katta baxt. Men baxtli insonlarning old saflaridaman, deya suhbatni yakunladi Sohiba Yigitova.

Sharifa Madrahimova, jurnalist

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar