Farg‘ona viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasida qish mavsumida yong‘inlar va gaz-havo aralashmasining chaqnashi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlardan aholi va hududlarni muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda Farg‘ona viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari va tegishli bo‘lim boshliqlari hamda ommaviy axborot vostalari vakillari ishtirok etdilar.
Dastlab, so‘z olgan boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Azizbek Qo‘chqorov boshqarma va uning quyi tizimidagi davlat yong‘in nazorati organlari tomonidan 2023 yil mobaynida yong‘inni oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumotlar berdi.
Xususan, 2023 yilda 4192 ta davlat tasarrufidagi obyektlarda va 2171 ta xo‘jalik yurituvchi subyektlarda xavflilik guruhlari bo‘yicha vakolatli organni xabardor qilgan holda tekshiruvlar o‘tkazilgan.
O‘tkazilgan tekshiruvlarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etilishini ta’minlash maqsadida 4192 marotaba nazorat tartibidagi tekshiruvlar o‘tkazildi. Shuningdek, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan obyekt rahbarlariga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Bundan tashqari, alohida tasdiqlangan reja-grafiklarga asosan, viloyat hududida faoliyat ko‘rsatayotgan odamlar tunda qoladigan va odamlar ommaviy to‘planadigan obyektlarda tungi va kunduzgi tezkor tekshiruvlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
Viloyat hududida o‘tkazilgan umumxalq bayramlari va boshqa ommaviy tadbirlar jarayonida favqulodda vaziyatlarni oldini olish maqsadida tadbir o‘tkaziladigan obyektlar atrofida joylashgan 809 ta xo‘jalik yurituvchi subyektlarga tegishli maskanlarda qo‘shimcha ravishda yong‘in-profilaktik ko‘riklar o‘tkazildi.
O‘tkazilgan profilaktik-nazorat tadbirlari davomida korxona va tashkilotlarda ishchi-xizmatchilar bilan hamda mahallalarda fuqarolar bilan obyektlarda va aholi turar-joylarida yong‘in xavfsizligini taminlash hamda yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi yuzasidan uchrashuvlar tashkil etib kelinayotgani ta’kidlandi.
Tadbirni ochiq va samimiy muloqot tarzida davom ettirish maqsadida jurnalistlar tomonidan berilgan savol va takliflar muhokama qilindi.
Xususan, o‘tgan yili Qo‘qon shahridagi buyum bozorida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatlari va kelib chiqish sabablari haqida so‘z yuritilib, mazkur holatdan keyin respublika miqyosida o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar, sohani isloh qilish yuzasidan chiqarilgan qaror va farmonlar xususida gapirildi.
Shuningdek, Farg‘ona shahrida joylashgan karaoke klubida sodir bo‘lgan bir nechta insonlar o‘limi bilan bog‘liq hodisadan keyin viloyat miqyosida amalga oshirilgan keng ko‘lamli xatlov ishlari sohadagi ishlarni samarali tashkil etilishiga asos bo‘lmoqda.
Marg‘ilon shahridan bir nechta insonlarning umriga zomin bo‘lgan is gazi bilan bog‘liq holatning kelib chiqishiga sabab bo‘lgan kotyolning mamlakatga kiritilishini cheklash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar haqida aytib o‘tildi.
Tadbir yakunida kelgusida ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar xususida kelishib olindi.
Shundan keyin, OAV vakillari aholi va hududlar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan tadbirlar rejasi bo‘yicha Farg‘ona shahar "Ilg‘or" MFY hududida yangi barpo etilayotgan “Ekoshahar“ hududidagi ko‘p qavatli aholi turar-joy binolarining shaharsozlik norma-qoidalari, qurilish me’yoriy talablariga asosan barpo etilayotganligi bilan tanishish maqsadida press-tur tashkil etildi.
Yangi shaharda odamlar yashashi uchun yaratilayotgan zamonaviy, qulay sharoitlar hamda favqulodda holatlar sodir bo‘lishini maksimal darajada oldini olish choralari va rejalari bilan tanishtirildi.
Yigirma mingdan ziyod aholi yashash xonadoni va infratuzilma obyektlariga ega bo‘lgan 70 gektarda Yangi O‘zbekiston bog‘i va 230 gektarida bino-inshootlar joylashadigan bo‘lajak shahar haqida ma’lumotlar berildi.
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari