Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi a’zosi bo‘lib faoliyat ko‘rsatib kelgan Rahimov Sherzod Abduxalilovich Farg‘ona viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi.
Sherzod Rahimov 1984-yilda Quva tumanida tug‘ilgan. Farg‘ona davlat universitetini hamda Toshkent davlat Agrar universitetini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 2004-yilda tarix o‘qituvchisi sifatida boshlagan. 2007-2010-yillarda FarDU aspiranti, 2010-2011-yillarda ushbu universitet qoshidagi akademik litseyda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari bo‘lgan. 2011-2015-yillarda "Kamolot" YOIH Farg‘ona viloyati Kengashi raisi bo‘lib ishlagan. 2015-2019-yillarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati bo‘lgan. 2020-yil 22-yanvardan tayinlovga qadar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi a’zosi vazifasida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.
Mazkur lavozimda 2019-yildan buyon ishlab kelgan Fayzullajon Qosimov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan, joriy yil 21-fevralda Bosh vazir kotibiyati “Mahalla yettiligi”, yoshlar siyosati va ma’naviyat masalalari departamentining rahbari etib tayinlangan edi.
Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug‘i bilan Primqulov Bobur Qahramonovich Farg‘ona viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi.
B.Primqulov 2013-yilda Andijon davlat tibbiyot institutini tamomlagan. Mehnat faoliyatini Uchko‘prik tumanidagi “Yakka mulla” qishloq vrachlik punktida umumiy amaliyot shifokori sifatida boshlagan.
Turli yillarda Farg‘ona viloyat onkologiya dispanseri onkolog-shifokori, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Farg‘ona viloyat filiali direktorining o‘rinbosari kabi lavozimlarda ishlagan.
Shuningdek, u Turkiyaning “Acibadem” va AQSHning “Memorial Sloan Kettering Cancer Center” kabi nufuzli klinikalarida malaka oshirgan.
Tayinlovga qadar B. Primqulov Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Farg‘ona viloyat filiali direktori sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.
Mazkur lavozimda 2022-yil iyun oyidan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan To‘xtaqulov Abduqayum Yuldashevich o‘z arizasiga ko‘ra vazifasidan ozod etilgan.
Maxsudali Saydullayev viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi.
Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari kotibiyati mudiri bo‘lib ishlab kelgan Saydullayev Maxsudali Ibragimjonovich viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi.
Avvalroq, mazkur lavozimda ishlab kelgan Abdullayev Anvarjon Aliyevich Qo‘shtepa tumani hokimi etib tayinlangan edi.
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari