• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Huquq Farg‘onada 22 yil avval jinoyat sodir qilgan shaxs umrbodga qamaldi
Huquq
Voqealar

Farg‘onada 22 yil avval jinoyat sodir qilgan shaxs umrbodga qamaldi

  • 07.06.2024 / 23:31
  • 275
  • 0
111

B.Rasulov (ism-sharifi o‘zgartirilgan) ilgari sodir etgan jinoyati uchun tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosidan 1999-yilda muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilingan. O‘rgangan ko‘ngil, o‘rtansa qo‘ymas degandek, u 2001-yilning 23 avgust kuni tanishi T.Raximov bilan Beshariq shahar Boylik ko‘chasi 3-uyda yashovchi Bayzakovlar xonadoniga bostirib kirishadi.

Oilaning katta farzandi B.Bayzakov jinoyat olamida o‘z obro‘siga ega bo‘lib, 1991-yilda Toshkent shahrida sodir etgan o‘ta og‘ir jinoyati uchun unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. U AQSHning Nyu-York shtatida yashaydi. Beshariq shahrida yashovchi onasi va ukasining oilasiga yordam sifatida ko‘p miqdorda pul yuborib, moddiy tomondan ta’minlab turar edi. Bayzakovning onasi M.Bayzakova esa fuqarolardan tilla taqinchoqlar sotib olib, foydasiga sotar hamda fuqarolarga foizi bilan qaytarish shartiga ko‘ra pul qarz berar edi.

Ayolning bu ishlaridan xabari bo‘lgan ikkovlon, uning uyida juda ko‘p miqdordagi pullar va tilla taqinchoqlar bo‘lishi mumkinligini tahmin qilib, uyga kirish haqida jinoiy reja tuzishadi. Bu rejani amalga oshirish maqsadida 2001-yilning 24-avgustidan 25-avgust kuniga o‘tar kechasi xanjar turidagi pichoq va bolta bilan qurollanib, Bayzakovlar xonadoniga tunda kelishadi.

Eshik devori orqali hovliga kirib, uy egalarining uxlab yotganligidan foydalanib, ayvonga o‘tishadi. U yerda uxlab yotgan B.Bayzakovning turmush o‘rtog‘i 1964-yilda tug‘ilgan D.Bayzakova hamda ojiz ahvoldagi o‘g‘li D.Bayzakovni yotgan joylariga borib, o‘zlari bilan olib kelgan boltani orqa tarafi bilan hamda hanjar bilan ona-bolani bosh va yuz hamda bo‘yin sohalariga ko‘p marotaba urib, shafqatsizlarcha o‘ldiradi.

Shovqindan uyg‘onib ketgan M.Bayzakova (onasi) yalang oyoq holda, uxlab yotgan uyidan ayvonga yugurib kirgan vaqtida bosqinchilar uning qariligi va ojizligidan foydalanib boshiga, tanasiga boltaning orqa qismi bilan hamda hanjar-pichoq bilan bir necha marotaba urib, o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan o‘ldirishadi.

Jinoyatchilar oilaning to‘rtinchi a’zosi 1-guruh nogironi, mustaqil ravishda harakat qila olmaydigan B.Bayzakovni oldiga kirib, uning ojiz ahvolda ekanligini bilgani holda, qilmishlari sodir etilishini osonlashtirish maqsadida, shafqatsizlik bilan uning yuz qismiga boltani orqa tarafi bilan bir necha marotaba urib, qasddan o‘ldirgan.

Bosqinchilar oilaning 4 a’zosini vaxshiyona qasddan o‘ldirganlaridan so‘ng, marhum B.Bayzakovning qo‘lidagi qora rangli “agat” toshli ko‘zli erkaklar uzugini (pechatka), bo‘ynidagi 45 sm. li tilla zanjirini, uyni tintib 1 dona 55 sm.li tilla zanjir, ikki juft tilla sirg‘a hamda boshqa tilla taqinchoqlar, AQSH dollari, o‘zbek so‘mlarini olib chiqib ketishadi. Xonadondan chiqib ketayotib, Bayzakovlarning qo‘shnilari uyda hech kim yo‘q deb o‘ylashlari uchun kirish eshigiga tashqi tomondan qulf osib, voqea joyidan yashiringan.

Ularga 2001-yilning 17-sentyabrida qamoqqa olish tarzidagi extiyot chorasi qo‘llanib, qidiruv e’lon qilingan. 2022-yil 18-oktyabrda B.Rasulov qidiruvdan ushlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudining 2024-yil 30-yanvar kungi hukmi bilan B.Rasulovga O‘zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 2-qismi “a, v, j, i, p” bandlari bilan umrbod, 164-moddasi 3-qismi “v, g” bandlari bilan 14 yil, 59-moddasi tartibida umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinib, jazoni maxsus tartibli koloniyalarda o‘tashi, shundan 3 yilini turmaga qamash tariqasida o‘tattirish belgilangan.

Sud hukmidan norozi bo‘lgan B.Rasulov apellyatsiya tartibida shikoyat qilib, jinoyat sodir etilganiga 22 yil bo‘lgani uchun javobgarlikka tortish muddati o‘tgani haqida vajlar keltirib, adolatli qaror qabul qilishni so‘ragan.

2024-yil 2-aprel kuni, Farg‘ona viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining ajrimi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudining 2024-yil 30-yanvardagi hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Oradan 22 yil o‘tgan bo‘lsada, jinoyatchining qilmishiga yarasha jazo muqarrarligi ta’minlandi va u umrining qolgan qismini qamoqda o‘tkazadigan bo‘ldi.

Burxonjon Mamajonov
Farg‘ona viloyat sudining sudyasi

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar