• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Jamiyat Farg‘onada shartli ozod qilingan ayol yana jinoyat sodir etib, o‘n yilga qamaldi
Jamiyat
Huquq

Farg‘onada shartli ozod qilingan ayol yana jinoyat sodir etib, o‘n yilga qamaldi

  • 26.06.2024 / 09:27
  • 261
  • 0
111

Mo‘tabar va munis deb bilganimiz, ayol jinoyatga qo‘l urdi. U o‘ziga berilgan jazodan shartli ozod qilingan bo‘lsada, tegishli xulosa chiqarmadi. Ikkinchi bor jinoyat ko‘chasiga kirdi va atrofi changakli sim bilan o‘ralgan devor ortiga ravona bo‘ldi.

F.Akbarova (ism-sharifi o‘zgartirilgan) 2023-yilning 13-iyun kuni soat 07:00 larda qarindoshini ko‘rib kelish uchun turmush o‘rtog‘i Sh.Yusupov bilan birga uning “Jiguli” rusumli avtomashinasida yo‘lga chiqishadi. Soat 13:00 larda Bag‘dod tumani Do‘rmoncha qishlog‘iga, xolasi Karomatning hovlisiga yetib borishgach, u yerda soat 17:30ga qadar ular bilan suhbatlashib o‘tirishadi. Bu orada turmush o‘rtog‘i Sh.Yu ularni tashlab, Quvasoy shahridagi uyiga bir o‘zi qaytib ketgan edi.

Ayol xolasinikidan chiqib, Bag‘dod tumani markazining mol bozori bo‘ladigan joyda, soat 18:00larda yo‘l yoqasida turgan paytda uning oldiga yoshi 40-45 lar atrofida bo‘lgan erkak kelib, undan “singlim qayerga borasiz” deb so‘raydi. U Farg‘ona shahriga ketayotganligini aytadi.

Haligi odam qo‘lidagi qora polietilen paketda bir narsa ko‘tarib olgan edi. Agar Farg‘onaga ketsa, paketni ham olib ketishini iltimos qiladi. Uni Oltiariq tumani markazidagi Farg‘onaga qatnovchi avtomashinalar turadigan joyda muzqaymoq sotadigan do‘kon yonida oq ko‘ylak va qora shim kiygan bir odam o‘zi kelib olishini, evaziga unga 500.000 so‘m berishini aytadi.

Ayol pulga zoriqib turgani uchun uni taklifiga rozi bo‘lib, unga berilgan narsani nima ekanligini ham so‘ramasdan, qo‘lidan olib mashinaga chiqib ketadi. Paketni oladigan shaxsning ismini va telefon raqamini ham so‘ramagani, unga Oltiariq tumani markaziga borib, muzqaymoqxona yoniga borsa, u yerdan o‘zi kelib olib ketishini tushuntirganini aytadi.

U yo‘lovchi “Damas”da Oltiariq tumaniga soat 19:30larda yetib kelib, Farg‘ona shahriga qatnovchi mashinalar turadigan joy yaqinidagi muzqaymoqxona yoniga borib turadi. Shu orada farzandi hojatxonaga bormoqchiligini aytgani uchun uni olib, bozor tomonga qarab yurgan paytda uning oldiga Bojxona xizmati xodimlari keladi.

Ular o‘zlarini tanishtirib, xolislar ishtirokida qo‘lidagi sumkani tekshirib ko‘rishadi. Shu vaqtda sumkadagi bolalar kiyimlarining ustida turgan bir dona qora polietilen paketdagi, yo‘lda uchragan shaxs bergan narsani xolislar ishtirokida ochib ko‘rib, uni giyohvand modda ekanligini aniqlashadi.

Bo‘lib o‘tgan surishtiruv va tergov jarayonlaridan so‘ng, ish sudga yetib keladi. Ayol sudda paketdagi narsani nima ekanligini bilmaganligini, bu moddani xech kimga sotish niyati bo‘lmaganini, qilmishidan pushaymonligini, oilaviy sharoiti og‘irligi, o‘ziga nisbatan yengillik berilishini so‘rab ko‘rsatuv beradi.

F.Akbarovaga muqaddam jinoyat ishlari bo‘yicha Quvasoy shahar sudining 2017-yil 10-fevral kungi hukmiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi JKning 223-moddasi 2-qismi “b,v” bandlari, 246-moddasi 2-qismi va 25,273-moddasi 5-qismi bilan JKning 57-moddasi qo‘llanib, JKning 59-moddasi 3-qismi tartibida 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Zangiota tuman sudining 2019-yil 25-fevral kungi ajrimiga ko‘ra, JKning 74-moddasi tartibida o‘talmagan 2 yilu 3 oy 9 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi, shu muddatga ahloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Quvasoy shahar sudining 2019-yil 23-dekabr kungi ajrimiga ko‘ra, JKning 75-moddasi tartibida o‘talmagan 1 yilu 8 oy 13 kun ahloq tuzatish ishlari jazosidan ozod qilingan.

O‘zbekiston Respublikasi JKning 34-moddasi 3-qismi “a” bandida ilgari o‘ta og‘ir jinoyati uchun yoki ikki marta og‘ir jinoyati uchun hukm qilinib, ularning har biri uchun besh yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan shaxs tomonidan o‘ta og‘ir jinoyat sodir etilishi, o‘ta xavfli retsidiv jinoyat deb topiladi, deb ko‘rsatilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Oltiariq tuman sudining 2023-yil 4-dekabrdagi hukmiga ko‘ra, F.Akbarova O‘zbekiston Respublikasi JK 25,273-moddasining 5-qismi bilan 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinib, JK 34-moddasi 3-qismining “a” bandiga asosan o‘ta xavfli retsidivist deb topilgan.

Sudlanuvchi qilmishidan pushaymon bo‘lib, ayolligini inobatga olishlarini so‘rab bergan apellyatsiya shikoyati apellyatsiya instansiyasi tomonidan ko‘rilib, hukm o‘zgarishsiz qoldirildi.

Jinoyatchi kim bo‘lishidan qat’iy nazar o‘z jazosini olishi kerak. Zero, bu Qonunlarimizda belgilab qo‘yilgan.

Vaxobjon Siddikov
Farg‘ona viloyat sudining sudyasi

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar