• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Huquq Yangi tahrirdagi jinoyat-protsessual kodeksiga immunitet institutini kiritish zaruriyati
Huquq

Yangi tahrirdagi jinoyat-protsessual kodeksiga immunitet institutini kiritish zaruriyati

  • 27.06.2024 / 21:50
  • 253
  • 0
111

Immunitet – (lot immunitas) biror narsadan xalos, ozod bo‘lish, qutilish ma’nosini bildiradi.

Huquqiy institut sifatida immunitetning paydo bo‘lishi Rim qonuni bilan bog‘liq bo‘lib, u birinchi navbatda soliqlardan yoki davlat bojlaridan ozod qilish, shaxsga, toifaga yoki jamiyat bir qismiga Senat yoki imperator tomonidan berilgan maxsus huquq sifatida mustahkamlanib, jinoyatchining va jabrlanuvchining ijtimoiy holatiga qarab huquqiy javobgarlik tarzida tarixda birinchi marta immunitet tushunchasini berdi.

O‘zbekiston Respublikasi jamiyatning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va huquqiy tizimlarini isloh qilish yo‘lidan borar ekan, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish mexanizmlarini konstitutsiya darajasida mustahkamlashga e’tibor qaratmoqda. Bunday mexanizmlardan biri immunitet instituti O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Jinoyat-protsessual kodeksida asta sekin huquqiy kamol topmoqda.

Jinoyat huquqida immunitet - davlat va jamiyatda kasbiy vazifalarni bajarishda alohida maqomga ega shaxslarni, ularning kasbiy faoliyatiga noqonuniy aralashishdan, bosim, shu jumladan ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortishdan himoya qilish, daxlsizligini ta’minlashdan iborat huquqiy kafolatdir.

Jamiyatimizda immenitetga ega shaxslarni xizmat faoliyatini mustaqil va adolatli amalga oshirishiga to‘sqinlik qilish yoki ushbu shaxslar tomonidan o‘z immunitet imtiyozini suiste’mol qilish holatlari uchrayotgani immunitet bilan bog‘liq ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish zaruriyatini vujudga keltirmoqda.

Immunitetni institut sifatida jinoyat protsessiga olib kirish, uning subyektlari va turlari ko‘paytirib, unga advokat, tergovchilar va boshqa maxsus subyektlarni qo‘shish, jinoiy protsessual normalarni immuniteti bor shaxslarga nisbatan tahlil qilish, protsessual immunitet tushunchasi, mazmuni va ma’nosiga yangi yondashuvlar ishlab chiqishni hayot taqozo qilmoqda.

Amaldagi Jinoyat-protsessual kodeksining 4, 223, 239, 596-moddalarida immunitetga ega shaxslarga oid normalar mavjud bo‘lib, ushbu normalar xozirgi jinoiy huquqiy tizimdagi munosabatlarni to‘liq tartibga sola olmaydi.

Chunonchi, prokuror va uning tergovchisida immunitet mavjud xolatda, prokuror tergovchisida ushlab turish jarayonida immunitet mavjud emasligi, aksincha boshqa idora tergovchilari, advokat, hisob palata auditorlarida esa umuman immunitet mavjud emasligi, immunitetga ega shaxslar tomonidan sodir qilingan jinoyatlar bo‘yicha olib qo‘yish, tintuv, lavozimdan chetlashtirish va boshqa tergov harakatlari hamda protsessual majburlov choralari o‘tkazishning alohida tartibini belgilanmagani, ombudsmanning guvohlik daxlsizligi (o‘z vakolatlarini amalga oshirishi munosabati bilan unga ma’lum bo‘lgan holatlar to‘g‘risida ko‘rsatma bermaslik huquqi) belgilanmagani, immunitet huquqiga ega shaxslar lavozimdan ozod etilgach ushbu lavozimdagi faoliyati bo‘yicha immunitet huquqidan foydalanish zarurligi, immunitetga lavozim vazifalarini bajarishda ega bo‘lishi kerakmi yoki ishdan tashqari shaxsiy hayotidagi munosabatlarda ham immunitetga ega bo‘lishi kerakmi degan savollar tug‘ilgan.

Sudlar, advokatura va prokuratura to‘g‘risidagi qonunlarga ko‘ra, jinoyat ishi qo‘zg‘atish sudyaga nisbatan Bosh prokuror tomonidan, advokatga nisbatan Bosh prokuror, Qoraqalpog‘iston prokurori, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlari tomonidan, prokuror, uning tergovchisi va surishtiruvchisiga nisbatan prokuratura organlarining tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.

Sudlar to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, tumanlararo, tuman (shahar) sudining, hududiy harbiy sudning sudyasiga nisbatan jinoyat ishi yuqori turuvchi sud sudloviga, boshqa sudlarning sudyalariga nisbatan esa O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudloviga tegishli.

Yuqoridagi qonunlarda aks etgan normalar O‘zbekiston Respublikasi JPKda aks etmagan, vaholanki JPKning 1-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston hududida jinoyat ishlarini yuritish tartibi Jinoyat protsessual kodeksi bilan belgilanadi.

Shuning uchun yangi tahrirda qabul qilinadigan Jinoyat-protsessual kodeksiga alohida shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atishning, protsessual majburlov choralarini qo‘llashning, tergov harakatlari o‘zkazishning maxsus tartibi va o‘ziga xos xususiyatlarini o‘z ichiga oladigan “Immunitet yoki imtiyozga ega shaxslarga nisbatan ish yuritish” nomli yangi bob bilan to‘ldirishni taklif qilinmoqda. O‘ylaymizki, kiritilayotgan ushbu institut immunitetga ega shaxslarning o‘z vazifalarini bajarishlarida har qanday bosimlardan himoya qilib, kelgusida yanada takomillashib boradi.

Begzod Xaydarov
Farg‘ona viloyat sudi sudyasi

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar