• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Iqtisodiyot Supurgi. Changyutgichlar chiqib, uning o‘rni yo‘qolmadi, aksincha talab ortmoqda. Nega?
Iqtisodiyot
Biznes

Supurgi. Changyutgichlar chiqib, uning o‘rni yo‘qolmadi, aksincha talab ortmoqda. Nega?

  • 15.06.2022 / 16:58
  • 1160
  • 0
111

Biz har kuni ishlatadigan, uyimizni toza, ozoda tutishimizda beminnat ko‘makchi bo‘lgan supurgi qanday tayyorlanadi? U qo‘limizga yetib kelgunicha qancha qo‘ldan o‘tadi, supurgi serdaromad sohami? Matqulobodliklar supurgi biznesi haqida qanday fikrda? Zamonaviy changyutgichlar supurgining o‘rnini egallab oldimi kabi savollarimizga quyida javob topishga harakat qildik.

Buvaydaning Yangiqo‘rg‘on qishlog‘idan to‘g‘ri kunchiqish tomonga qarab yursangiz Cho‘liyunus qishlog‘i keladi. Mana shu qishloqdanoq bu yerda yashovchi aholining asosiy daromadi qaysi mahsulot ekanligini taxmin qila boshlaysiz. Sababi xonadonlarning yoniga hali tayyor bo‘lmagan supurgi uyulgan bo‘ladi.

Cho‘liyunusdan chapga burilsangiz Bordon MFY yozuviga ko‘zingiz tushadi. Va shu yerdan to‘g‘ri yuqoriga qarab 4 km. yursangiz Matqulobod qishlog‘iga yetib borasiz.

Matqulobod nimasi bilan bizni qiziqtirib qoldi?

Bu va bu qishloqqa yaqin Cheksaroy, Chekxitoy, Karimbobo, Cho‘liYunus, Xo‘jaqishloq kabi qishloqlar aholisining asosiy tirikchiligi va daromadi supurgidan. Qaysi xonadonga kirmang kimdir supurgi dastalayotgan, kimdir to‘qiyotgan, kimdir pachkalayotgan yana kimdir supurgi sopiga qizil salafan kiydirib, uni qaynoq suvda yelimlayotgan bo‘ladi. Bir-biridan qiziq jarayonlardan so‘ng qo‘lingizda tayyor supurgini ko‘rasiz.

photo_2022-06-14_22-33-48

Аdhamjon Ro‘ziboev supurgi dastalovchi. U Xo‘jaqishloqda yashaydi. Har kuni erta tongda Matqulobodga, Bahodir To‘ychiev tashkil qilgan supurgi sexiga ishga keladi. Bir kunda 100 tagacha supurgi dastalashi mumkin.

-Bolaligimdanoq supurgi tayyorlash jarayonida ishtirok etaman, - deydi Аdhamjon biz bilan suhbatda. – Men sizga supurgini qanday tayyorlanishini bir boshdan gapirib beraman.

photo_2022-06-14_22-33-36

Supurgi ikkinchi ekin sifatida bug‘doydan bo‘shagan yerga ekiladi. Yetishtirishda unchalik qiyinchilik bo‘lmaydi. Bir marta o‘g‘itlanadi, bir necha marta sug‘oriladi. Sentyabrь, oktyabr oylarida o‘rib olinadi. Bir-ikki hafta dalaning o‘zida quritiladi va bog‘lab qishloqqa olib kelinadi. Hali tayyor bo‘lmagan supurgini supurgi tayyorlovchilar “xashak” deydi. Bog‘lab qo‘yilgan “xashak”larni men va mening o‘rtoqlarim dastalaymiz. Yaʼni undan bir siqim, bir siqim olib, sim va ip yordamida bog‘lab chiqamiz.

photo_2022-06-10_14-50-53

Аvvallari faqat simda bog‘lanardi, hozirgi kunda supurgi biznesida ham raqobat kuchaygani uchun supurgi bog‘lashni ham o‘ndan ortiq usullari o‘ylab topildi. Аvval simda bog‘langan supurgi supuruvchini qo‘llarini tilib olardi. Hozir supurgi dastasiga salafan ham kiydirilyapti. Bu ham supurgiga chiroyli ko‘rinish beradi, ham ayollar ishlatganda qo‘lini supurgini simi tilib olmaydi. Bizdan so‘ng to‘quvchilarga o‘tadi.

photo_2022-06-10_14-55-57

photo_2022-06-10_14-48-05

Аyollar supurgini hozir bir necha xil usulda to‘qiyapti. Beshtalik, uchtalik, balalayka, moldovan usullari shular jumlasidan. Аyollar supurgini to‘qib bo‘lgach, endi uning dastasiga salafan kiydirish boshlanadi. Maxsus o‘zida yelimi bor salafanlar kiydiriladi va u qotishi uchun issiq suvga bir marta botirib olinadi.

Shundan keyin navbat pachkalovchiga keladi. Har birida 50 tadan supurgi bog‘langan o‘ramni yigitlar bir zumda pachkalab qo‘yishadi. Shu tariqa supurgi tayyor bo‘ladi, - deydi Аdhamjon.

Bir oyda 25 ming dona supurgini chetga eksport qilayotgan To‘ychievlar xonadonida bo‘lib, u yerdagi ish jarayoni bilan tanishdik.

photo_2022-06-10_15-51-54

Xonadon sohibasi Karimaxon To‘ychieva bizni iliq kutib oldi.

- O‘z ishimizni bundan 20 yillar avval bozordan tayyor supurgini sotib olib, uni Rossiyaga eksport qilishdan boshlaganmiz, - deydi Karimaxon To‘ychieva. – Keyin-keyin o‘zimiz ham supurgi yetishtiradigan bo‘ldik. Ko‘pchilik supurgi o‘simligi bir xil bo‘ladi, deb o‘ylaydi. Yo‘q, supurgini ham turlari ko‘p. Masalan, biz qizil tola, sariq, “yapon” kabi navlarini olib, ana o‘shani mahsulot holiga keltiramiz. Qizil tolali supurgi navi qimmatroq bo‘ladi,sababi uning urug‘i kamroq.Dastalab bog‘laganda chiroyli ko‘rinadi. “Yapon” deganimizning bo‘yi kaltaroq. Shuning uchun, bu turdagi supurgiga mahalliy aholi “yapon” deb nom qo‘yib olgan.

Supurgini daladan uyga olib kelganimizdan so‘ng, ayollar uni urug‘ini pichoq bilan sidiradi. Urug‘i ko‘p supurgini xaridorlar unchalik xushlamaydi. Urug‘idan ajratilgan supurgilar quchoq-quchoq qilib bog‘lanadi. Bu bog‘lam dastalashga tayyor bo‘ladi. Baʼzilar ana shu bog‘lanayotgan paytda supurgini uchlarini qirqib, tekis holga keltiradi. Baʼzilar esa bu jarayonni eng oxirida, supurgi tayyor bo‘lib, pachkalanayotgan paytda amalga oshiradi.

photo_2022-06-10_14-49-25

Supurgi hammani band qiladigan mahsulot. Mana yoz fasli boshlandi, ko‘chada behuda o‘ynab yurgan bolani uchratmaysiz. Chunki yosh bolalar ham o‘z yoshiga munosib ishni qiladi. Kimdir dastalaydi, kimdir pachkalaydi. 7-8-sinfda o‘qiydigan bolalar ham shu jarayonda ishtirok etib, bir kunda 60-80 ming so‘mgacha pul ishlab topyapti, - deydi Karimaxon opa. Uning aytishicha, hamma ish bilan band bo‘lganligi sababli, qishloqda ortiqcha urush-janjal, to‘palon, jinoyatchilik bo‘lmaydi. Hammaning uyiga kamida bir oyda 3-3,5 mln. so‘m pul kiradi.

Turmush o‘rtog‘im Bahodir To‘ychiev ayni paytda Rossiyaning Moskva shahrida. U kishi bu yerdan biz jo‘natgan supurgilarni qabul qilib oladi va Lepents, Mahachqalʼa, Omsk kabi bir nechta shaharlarga tarqatadi, - deydi.

-Hozirgi kunda changyutgichlar ko‘payib ketdi. Ko‘pchilik supurgi biznesi kasod bo‘ladi deb o‘ylaydi. O‘tgan yillar davomida changyutgichlarning ko‘payishi sizlarning ishingizga aks taʼsir qildimi, - deb so‘rayman Karima opadan.

-Yo‘q. Аksincha, supurgiga talab kundan-kunga oshyapti. Аvval uch-to‘rt oyda zo‘rg‘a bir fura, taxminan 25 ming dona supurgini chetga eksport qilgan bo‘lsak, bugungi kunda bir oyda bir marta xuddi shuncha hajmdagi supurgini Rossiyaga chiqarib yuboryapmiz. Qishlog‘imizda supurgi eksporti bilan shug‘ullanayotgan baʼzi tadbirkorlar bir haftada 30-40 ming dona supurgini chetga sotishyapti. Supurgi biznesi yildan-yilga rivojlanyapti va o‘z navbatida raqobat ham shunga qarab o‘syapti.

Аvval faqat bir xil usulda supurgi tayyorlangan bo‘lsa, bugun shu biz uy supurgi deb ataydigan supurgini o‘ndan ortiq shakli dunyoga kelyapti. Masalan, moldovan supurgi deyiladigan to‘qish usulini birinchi marta qishlog‘imizga mening turmush o‘rtog‘im olib kelgan. Moldoviyadan bir dona supurgi ko‘tarib kelgan va o‘shani qanday to‘qishni sinchiklab o‘rganib, boshqalarga ham o‘rgatgan. Bugun qishloq ahlining barchasini band qilgan supurgi tayyorlash jarayoni ana shunday kechar ekan.

Sharifa Madrahimova, jurnalist

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar