• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Siyosat O‘zbekiston bayrog‘idagi ranglar va belgilar nimani anglatadi?
Siyosat
Jamiyat

O‘zbekiston bayrog‘idagi ranglar va belgilar nimani anglatadi?

  • 18.11.2022 / 13:34
  • 996
  • 0
111

18 noyabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun

Bayroq qadim-qadimdan har bir xalqda mustaqillik, ozodlik, tinchlik va barqarorlik timsoli bo‘lib kelgan. Xususan, ajdodlarimiz yurt bayrog‘ini muqaddas bilib uni ardoqlaganlar, ko‘z qorachig‘idek saqlaganlar.

Bugun BMT binosida unga a’zo bo‘lgan 193 mustaqil davlat qatori O‘zbekistonning ham bayrog‘i hilpirab turibdi. Aslida har bir bayroqning o‘z tarixi, u mansub bo‘lgan yurt suvratiyu siyratiga monand qiyofasi bor.

Bayrog‘imizdagi har bir rang, har bir belgi o‘ziga xos ma’noga ega. Undagi moviy rang kuch-qudratni, tinchlik va barqarorlikni o‘zida aks ettiradi. Oq rang poklik, beg‘uborlikni ifodalab kelgan. Yashil rang esa, yasharish va yangilanish ramzi, shuning barobarida ona tabiatimiz, asriy qadriyatlarimiz, iymon-e’tiqodimiz timsoli hisoblanadi. Qizil chiziqlar tomirimizdagi ajdodlar qoni – mangulik nishonasidir.

Bayroq atamasi eski turkiy atama bo‘lib, u bundan ming yillar avval ham aynan shu ma’noda qo‘llangan. Tilshunoslarning aytishicha, bu nom qadimgi turkchada baziraq, badiroq, batiroq tarzida ham qo‘llangan. Ya’ni, bayroq biror el-ulus, qavmning erkinlik belgisi bo‘lib, u baland joylarga, hukmdorlar chodiriga o‘rnatib, sanchib (botirib) qo‘yilgan. Uni tug‘, yalov, sanchoq (sanjoq) nomlari bilan ham ataganlar.

Tariximizda hukm surgan turli sulolalar, davlatlar ham o‘z bayroqlariga ega bo‘lgan. Masalan, qadimgi Ko‘kturk hoqonligi, Amir Temur davlati bayrog‘i moviy, qadimgi ajdodlarimiz bo‘lgan xunlarning bayrog‘i oq, G‘aznaviylar davlati, Qo‘qon xonligi bayroqlari yashil, Turkiston muxtoriyati bayrog‘i ko‘k va qizil ranglarda edi. Binobarin, bayrog‘imizni qabul qilishda, unda muayyan ranglarni belgilashda tarixiy an’analarimizga alohida urg‘u berilgan.

Hilol va yulduzlar davlat bayroqlarida juda keng tarqalgan belgilar sanaladi. Bu ramzlar o‘zbek davlatchiligi tarixidagi ko‘pgina davlat bayroqlarida o‘z aksini topgan. O‘zbekiston bayrog‘idagi yarim oy va o‘n ikki yulduz ham o‘ziga xos mazmun-mohiyat kasb etadi.

Qadimdan osmonda yangi oy ko‘ringanda yaxshi niyatlar bildirish ko‘pgina turkiy xalqlarga xos hisoblanadi. Hilol ezgulik, orzu- umidlar, umrboqiy an’analar va Islom dini timsolidir. Ko‘hna Sharqda qadimdan o‘n ikki raqami mukammallikni, komillikni anglatib kelgan. O‘n ikki oy, o‘n ikki burj... "Temur tuzuklari"da yozilishicha, Sohibqiron o‘z saltanatini o‘n ikki toifadagi kishilar bilan mustahkamlagan, davlat boshqaruvida o‘n ikki tamoyilga qat’iy amal qilgan. Azaldan o‘n ikki yoshga to‘lgan go‘dak bir muchal yashagan, balog‘atga yetgan hisoblanadi.

Sohibqiron Amir Temur saltanatida ham bayroq davlat va millatning g‘ururi sanalgan. Uch halqa tasviri tushirilgan davlat tug‘i Sohibqiron qo‘shinidagi eng ishonchli bahodirlar, sarkardalar tomonidan qo‘riqlangan. G‘animlarga qarshi jangu jadallarda yuksak mardlik va jasorat namunasini ko‘rsatgan amiru sipohiylarga ham maxsus tug‘ va nog‘ora hadya qilingani tarixiy manbalarda o‘z aksini topgan.

Yaqin tariximizga nazar soladigan bo‘lsak, hali sobiq tuzum paytidayoq, 1990-yilning mart oyida o‘tgan parlament sessiyasida yurtimizning davlat ramzlari haqidagi masala muhokama qilingan edi. O‘sha yilning 20-iyun kuni qabul qilingan Mustaqillik deklaratsiyasida ham O‘zbekiston o‘z taraqqiyot yo‘lini o‘zi belgilashi, bayroq, gerb, madhiya singari ramzlarni o‘zi ta’sis etajagi qayd etildi.

Vatanimiz mustaqillikka erishgan dastlabki pallada – 1991-yilning 18-noyabrida Davlat bayrog‘i to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi. Ushbu qonunga ko‘ra, bayrog‘imiz davlat suverenitetining ramzi bo‘lib qoldi.    

2018-yilning oktabr oyida bayrog‘imiz yana bir xalqaro tashkilot – Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (hozirda Turkiy davlatlar tashkiloti)dan ham o‘rin oldi. Darvoqe, ushbu xalqaro tashkilot bayrog‘i ham unga a’zo bo‘lgan davlatlar bayroqlaridagi ranglar va shakllar uyg‘unligidan tashkil topgan. Turkiy kengash tug‘idagi oq va moviy rang, hilol tasviri yurtimiz bayrog‘iga hamohangdir.

...Hech esimdan chiqmaydi: bundan to‘rt-besh yil muqaddam o‘zbekistonlik bir guruh jurnalistlar malaka oshirish uchun Turkiya Respublikasiga borgan edik. Turkiy xalqlarning madaniy hamkorligi tashkiloti – TURKSOY binosida o‘tkazilgan tadbir chog‘ida O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘rib, hammamiz to‘lqinlanib ketgan, shu bayroq oldida birma-bir rasmga tushgandik. Men-ku, o‘sha payti biror ishni qoyillatmagandim, lekin o‘zga yurtlarda, xalqaro sport bellashuvlarida g‘olib chiqqan sportchilarimiz sharafiga yurt bayrog‘i baland ko‘tarilgan pallada qanday holatga tushishini birrovga bo‘lsa-da, tasavvur qilganman.

Bugun xalqimizning, yoshlarimizning bayroqqa, milliy ramzlarga bo‘lgan mehri, sadoqati oshib borayotganini ko‘rib, xursand bo‘lib ketamiz. Masalan, bundan uch-to‘rt yil avval yoz oylarida bir qo‘shni davlatdagi musobaqa chog‘ida hakam o‘zbek bayrog‘iga hurmatsizlik ko‘rsatgani butun ijtimoiy tarmoqlarni junbushga keltirgan, nihoyat hakam internet orqali chiqib, butun o‘zbek xalqidan kechirim so‘ragan edi...

Xullas, Bayroq kuni barchangizga muborak bo‘lsin...

 

Rustam JABBOROV.

(uza.uz dan olindi)

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar