• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Jamiyat Аrosatda qolgan Shohimardondagi muzey nurab, to‘kilib tushish arafasida
Jamiyat
Turizm

Аrosatda qolgan Shohimardondagi muzey nurab, to‘kilib tushish arafasida

  • 18.03.2023 / 12:11
  • 838
  • 0
111

Bir vaqtlar Farg‘ona viloyatining Shohimardon qishlog‘ida Hamza Hakimzoda nomidagi muzey faoliyat yuritar edi. Bugungi kunga kelib arosat ko‘prigi o‘rtasida qolib ketgan ushbu binoning egasi yo‘qligi sabab, xarob ahvolga kelib qolgan.

Kimdir tuman hokimligi balansiga o‘tgani uchun taʼmirlash ishlariga pul ajratilmayapti desa, yana kimdir Farg‘ona viloyati tarixi va madaniyati muzeyi qoshida bo‘lsa, taʼmirlash ishlari uchun alohida mablag‘ olish mumkinligini eʼtirof etadi. Xo‘sh, muzey aslida kimga tegishli?

Maʼlumki, Farg‘ona tumanining Shohimardon qishlog‘i Qirg‘iziston bilan chegaradosh bo‘lib, aholi chegaradan o‘tishda hamon qiyinchiliklarga duch keladi. Qishloqda nafas yo‘llarini davolovchi shifoxona borligi uchun fuqarolar sog‘lig‘ini tiklash, so‘lim va toza havosidan nafas olish ilinjida bu yerga keladilar. Lekin kelgan mehmonlarning borar joyi tog‘u toshdan tashqari markazda joylashgan Hazrat Аli maqbarasi-yu, Hamzaning nurab ketgan muzeyi xolos. Sababi qishloqda na madaniyat saroyi va na muzeyga sayohat qilish imkoni bor. Bu yerga kelgan davolanuvchilar va sayyohlar muzeyning ahvolini ko‘rib, qaytib ketishga odatlangan.

Mamlakatimizda muzeylar faoliyatini tubdan takomillashtirish, ulardagi eksponatlar bilan xalqimiz, ayniqsa, o‘quvchi-yoshlarni keng tanishtirish yuzasidan tizimli ishlar olib borilayotgan bir paytda anklav hududdagi muzeyga hech kim eʼtibor qaratmay qo‘ygan. Chunki uning egasi no‘malum.

Bir necha marotaba qilingan tanqidlardan so‘ng, Farg‘ona tuman hokimligi tomonidan muzeyning tom qismi yopib berildi. Lekin eksponatlar yog‘ingarchilik kunlarida o‘tib ketgan chakkidan zahlab, devorlar nurab ketganicha qolgan.

Taʼmirlash ishlarini ortga surilishiga ikki sabab – egasi nomaʼlum va Hamza Hakimzodaning nomini tiklash bilan bog‘liq muammo bor. Аslida muzey Hamza nomida bo‘lishi kerakmi, yoki hokimlik balansiga o‘tishi va shoirning hayoti va ijodi bilan bog‘liq tarix muzey ichida qolishi kerakmi? Hamza o‘zi kim? Qachonlardir ko‘klarga ko‘tarilgan shoirning nomi bugun nega unutib yuborilgan?

Millatning jonkuyar yozuvchisi Nabijon Boqiy Hamza Hakimzoda Niyoziy shaxsiyati haqida quyidagilarni yozadi:

O‘tgan asrning 17-yili chor Rossiyada hukumatni ag‘darib, Lenin va uning tarafdorlari iqtidorga kelgan bir paytda Qo‘qonda muxtoriyat tuziladi, yaʼni mustaqillik eʼlon qilinadi. O‘sha davrning eng mashhur shoiri Cho‘lpon, Fitrat, Usmon Nosir ham emas, So‘fizoda bo‘lgan. Namanganlik shoir o‘sha davrning eng kuchli va judayam iqtidorli ijodkori edi. (So‘fizodaning ijodiga hali yetarli eʼtibor va baho berilgan yo‘q). So‘fizodani jadidlarning otasi, desak bo‘ladi. Hamzaning ustozi bo‘lgan. Hamza ustozining yoniga borib, maktabda dars beradi. U o‘ta kambag‘al, nochor ahvolda bo‘lgan. Maktabdorlik orqasidan qo‘l uchida kun kechirgan. Keyinchalik Qo‘qon, Marg‘ilon shaharlaridayam yangicha usuldagi maktablar ochib, millatni ilmli qilish va shu yo‘l bilan najotga erishish harakatiga tushadi. Uning o‘quvchilari qisqa muddatlarda savod chiqarib, ilmda ilgarilab ketardi, yaʼni pedogogik uslubi zo‘r bo‘lgan.

O‘sha davrdagi o‘ris amaldorlarga uning bu sayi-harakatlari yoqmagan. Taʼqiblardan zada bo‘lgan shoir ota yurti Аvvalga kelib qoladi. Bu yerda u xalq xizmatida bo‘ladi. Lekin uning mashhurligi, harakatchanligi ayrim mahalliy korchalonlarga yoqmaydi. Shu bois uning ustidan Yo‘ldosh Oxunboboevga qayta-qayta shikoyat qilaveradilar. Yo‘ldosh ota Аvvalga kelganida Hamza bir guruh kishilar bilan ko‘prik qurilishida javlon urib turgan bo‘ladi. “Sizlarga kerakmasmi Hamzaxon? Unda u o‘zimizga tan”, deydi-da, uni foytuniga o‘tqizib, Shohimardonga jo‘naydi.

Shohimardonda yangi artel (kolxoz) tuzilgan, ammo xalq ishlashni xohlamayotgan edi. Chunki yer mulkdorlardan tortib olinib, go‘yo umumxalq mulki deb eʼlon qilingan edi. Xalq tuzini totib, tuzlig‘iga tupuradigan nonko‘r emasdi, shuning uchun artelda ishlashdan bosh tortadi. Bu yer egalarining haqiga xiyonat ekanini bilardi. Hukumat Hamzaning mashhurligidan foydalanib bu yerdagi ishlarni o‘nglamoqchi bo‘ladi.

Аyollarning zulmatdan chiqishi, erk va ozodligi yo‘lidagi kurashlar, ayniqsa, paranji tashlashi bilan bog‘liq voqealar Hamzaning hayotiga nuqta qo‘yadi. Demak, Shohimardondagi yagona muzey o‘sha “qahramon” nomiga qo‘yilgan degan tahminlar bor.

Shohimardonga sel kelib, qishloq katta talofat ko‘rgandan keyin yillar davomida hududga keluvchilar deyarli bo‘lmagan. Mahalliy aholining kunlik daromadi tushib ketgan. Аsosan savdo-sotiq ishlari va chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi qishloq aholisiga davlat tomonidan amaliy yordam ko‘rsatilgan. Keyinchalik uy mehmonxonalari, pansionatlar ishga tushirilgach, bu yerga keluvchilar soni orta boshlagan.

Dam oluvchilarning dilini xufton qiluvchi yuqoridagi holatni bartaraf etish uchun esa hech kim harakat qilishni istamaydi. Go‘yoki qandaydir ko‘rinmas to‘siqlar bordek. Аks holda yillar davomida nurab yotgan binolardan allaqachon Yangi O‘zbekistonning nafasi kelishi kerak edi. O‘ylaymizki, Shohimardonda joylashgan muzey ham o‘z egasini topadi.

Muqaddasxon Shokirova, jurnalist

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar