
20 yoshga kirguncha 4 marotaba sudlangan, 4-marta javobgarlikka tortilgani uchun jazo o‘tayotgan beshariqlik fuqaro Topilov yana jinoyatga qo‘l urdi. Bu gal sal qolsa otasi uning jirkanch qilmishining qurboniga aylanishi mumkin edi.
Topilov Beshariq tumanidagi choyxonalardan biriga borib ovqatlanib, spirtli ichimlik iste’mol qilib, mast bo‘lib qoladi. Cho‘ntagida bor puli harajatlarga yetmagach, minib kelgan velosipedini garov tariqasida tashlab, o‘zi taksida uyiga boradi. Yo‘l kira haqini berish uchun ota-onasidan 50000 so‘m pul talab qilib, janjal ko‘taradi. Janjal davomida yashash xonasidan bir dona pichoq olib chiqib, otasining qorin sohasiga sanchib, og‘ir tan jarohati yetkazadi.
Shifoxonaga olib ketilgan otaning hayoti saqlab qolinadi. Holat yuzasidan jinoyat ishi ochilib, tergov harakatlari olib borilgach, ish mazmunan jinoyat ishlari bo‘yicha Beshariq tumani sudida ko‘rib chiqildi.
Sud to‘plangan hujjat va dalillarga tayanib, tomonlarning muzokara so‘zlarini tinglab hukm chiqardi. Jazo tayinlashda Topilovning aybiga to‘liq iqrorligini va qilmishidan pushaymonligini, shaxsini, yoshligini, otasining da’vosi yo‘qlgini va yengilik berish haqidagi talabini jazoni yengillashtiruvchi holat deb, ilgari ham qasddan jinoyat sodir etib, jazoni o‘tash davrida yana jinoyat sodir etganini va boshqa jihatlarni jazoni og‘irlashtiruvchi holat deb baholab hukm chiqardi.
Sudlanuvchi Topilovga O‘zbekiston Respublikasi JKning 104-modda 2-qismi “l” bandi bilan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, JKning 60-61 moddalarini qo‘llab uzil-kesil 5 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni qattiq tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.
Oloviddin Hasanov
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Beshariq tumani sudi raisi
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari