
Bosh prokuraturaning xabar berishicha, Oʻzbekistonda 25 milliondan ziyod xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun oʻrtacha meʼyorda 12,5 mingta Sanitariya-gigiyena shoxobchalari (SGSH), yaʼni jamoat hojatxonalariga ehtiyoj mavjud.
2019-2021 yillarda SGSHlar qurish uchun yer uchastkalari auksionsiz berilgan. Ushbu imtiyozdan ayrim “tadbirkorlar” umuman foydalanmagan boʻlsa, ayrimlari uddaburonlik bilan foydalangan.
“Oʻrganishlar, ushbu tartibga asosan hokimliklar tomonidan 485 ta yoki har toʻrtta murojaatlardan uchtasiga yer uchastkalari ajratilmaganligini koʻrsatmoqda.
Ajratilganlarida esa, SGSHlar qurilishi, ishga tushirilishi oʻrganilmagan yoki masʼullar tomonidan bu borada noqonuniy qarorlar qabul qilingan”, — deya xabar bermoqda Bosh prokuratura.
Maʼlumotlarga koʻra, SGSH uchun ajratilgan 41 ta yer maydonida savdo, maishiy xizmat va ovqatlanish maskanlari qurilib, ularga egalik huquqi noqonuniy rasmiylashtirib berilgan.
Jumladan, Samarqand shahri va Mirobod tumanida 1 tadan, Angrenda 2 ta, Uchtepa va Parkentda 3 tadan, Olmaliq shahri, Guliston va Oqoltinda 4 tadan, Mirzaobodda 8 ta va Sardobada 11 ta shunday holat aniqlangan.
“Shu jumladan, yer uchastkalari oʻlchamiga (80-100 m2) qoʻyilgan talablar ham qoʻpol ravishda buzilgan. Masalan, hojatxona uchun Mirzaobodda “M.T.” fermer xoʻjaligi va fuqaro S.K.ga 1 gektardan, fuqarolar S.X. va B.J.ga 0,8 gektardan yer maydoni ajratib berilgan.
Aniqlangan holatlar yuzasidan kadastr va qurilish boʻlimlari masʼullariga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari