Qiynalganda yordam berish, yiqilganni suyash, mehr-oqibat ko‘rsatish xalqimizga xos fazilatlardan. Qadri baland qadriyatlar tufayli yuzlab oilalar holidan xabar olinib, ko‘ngil so‘ralmoqda, quvonch-shodlik ulashilmoqda.
Farg‘ona tumani, Yangiyo‘l mahalla fuqarolar yig‘inida umrguzaronlik qilayotgan Zaribjon Mirzaev bir necha yildirki xasta. Turmush o‘rtog‘i ishsiz, yollanma mehnat bilan shug‘ullandi, topgani ro‘zg‘ordan ortmaydi. Ikki nafar voyaga yetmagan farzandlari bor. Dori-darmon, shifoxonada yotib davolanish uchun har doim ham imkon topa olishayotgani yo‘q.
Fuqaro “Youtube” videotarmog‘iga sog‘lig‘ini tiklash uchun moddiy yordam so‘rab murojaat qoldirgan edi. Uning murojaati e’tibordan chetda qolmadi.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Farg‘ona viloyat bo‘limi boshqaruvi fuqaro xonadonida bo‘lib, uning hayot tarzi bilan yaqindan tanishdi. Zaribjonga davolanish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida (2 mln. 700 ming so‘m) mablag‘ni bank plastik kartasiga moddiy yordam sifatida o‘tkazib berdi. Bundan tashqari, oilaviy sharoitini yanada yaxshilash maqsadida oila a’zolariga issiq ust-bosh, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
– Shu kunga qadar 600 nafardan ortiq ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarga 232 mln. so‘mdan ortiq moddiy yordam ko‘rsatildi, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat boshqaruvi raisi Bahodirjon Yulbarsov. – Shuningdek, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan, Xalq deputatlari Kengashi qarorlari asosida 66 ming 805 nafar oilalarga 32,4 mlrd. so‘mlik yordamlar ko‘rsatilishi ta’minlandi.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi
viloyat boshqaruvi matubot xizmati.
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari