• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Jamiyat O‘zbekistonda ilk bor notarial harakat onlayn ravishda amalga oshirildi
Jamiyat

O‘zbekistonda ilk bor notarial harakat onlayn ravishda amalga oshirildi

  • 24.12.2021 / 09:02
  • 2279
  • 0
111

23 dekabr kuni e-notarius.uz axborot portali orqali birinchi onlayn notarial harakat masofadan turib rasmiylashtirildi. Bu Markaziy Osiyo miqyosida ham notariusga bormasdan turib amalga oshirilgan birinchi onlayn notarial harakatdir. Bu haqda Adliya vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.

Fuqaro U. V. notarial idoraga kelmasdan turib, voyaga yetmagan farzandini chet elga chiqishga rozilik berish arizasini videokonferensaloqa yordamida rasmiylashtirdi. Mazkur xizmat test rejimida ishga tushirildi va 2022 yilning boshidan to‘liq tatbiq etiladi.

Aholiga qulaylik yaratish maqsadida ayrim notarial harakatlarni amalga oshirish uchun notarial idoraga bormasdan, notarius qabulida navbat kutmasdan, uydan yoki dunyoning istalgan joyidan turib ayrim notarial harakatlarni masofadan, ya’ni videokonferensaloqa yordamida e-notarius.uz axborot portali orqali amalga oshirish imkoniyati yaratildi.

Endilikda e-notarius.uz axborot portali orqali mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lmagan ishonchnomani tasdiqlashni, ijro xatini yozishni, arizadagi imzoning haqiqiyligini shahodatlashni (doimiy yashash joyi va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yishga rozilik, voyaga yetmagan farzandning chet elga chiqishiga rozilik berish bilan bog‘liq ariza va majburiyatnomalar), shuningdek to‘lovlarni ham amalga oshirish mumkin.

Qanday amalga oshiriladi?

Onlayn notarial harakatni rasmiylashtirish uchun e-notarius.uz axborot portaliga kirib, respublikadagi istalgan notariusga masofadan turib murojaat qilinadi.

Fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida murojaat qiluvchining shaxsiga oid ma’lumotlar ONE ID – Identifikatsiyalashning yagona tizimi orqali avtomatik ravishda to‘ldiriladi. e-notarius.uz axborot portalida notariusga murojaat qilishning tartibi va bosqichlari fuqarolar tushunishi uchun qulay shaklda, alohida eslatmalar bilan o‘zbek va rus tillarida joylashtirilgan.

Ma’lumotlar murojaat qiluvchining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangandan so‘ng, onlayn notarial harakat uchun to‘lov kvitansiyalari ham avtomatik ravishda shakllantiriladi.

Murojaat qiluvchi va notarius kelishilgan vaqtda notarial harakatni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun videokonferensaloqaga chiqadi va notarial harakat rasmiylashtiriladi.

O‘zbekistonda onlayn notarial harakatlar davri boshlandi va Adliya vazirligi bu amaliyotni doimiy kengaytirib borishini ta’kidladi.

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar