Kuni kecha Fargʻona shahridagi “Fayz” tantanalar majmuasida uy-joyga muhtoj xotin-qizlarga ipoteka krediti boʻyicha uy-joylarning hisoblangan qiymatining 15 foizi miqdorida boshlangʻich badal toʻlab berish uchun sertifikatlarni topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.
Yangi yil bayrami oldidan tashkil etilgan tantanali tadbirda viloyat hokimining oʻrinbosari – mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻi Bahodir Xoliqov, shahar-tumanlar hokimliklari masʼul xodimlari, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Viloyat hokimi oʻrinbosari yigʻilganlarni viloyat hokimligi nomidan yangi yil bayrami bilan tabriklab, Prezidentimiz tashabbusi bilan xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga olib chiqilganligini aytib oʻtdi.
Davlatimiz rahbarining ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar, shu jumladan nogironligi boʻlgan shaxslar, nogironligi boʻlgan farzandlarini tarbiyalayotgan, kam taʼminlangan, farzandlarini toʻliqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qarorlari doirasida uy-joyga muhtoj xotin-qizlarni uy-joy bilan taʼminlash maqsadida Fargʻona viloyati mahalliy byudjetiga 15 milliard soʻm mablagʻ ajratilganligi haqida maʼlumot berildi.
Hozirda sertifikatlar topshirilgan 2-3 xonali xonadon egalari uy-joylarining boshlangʻich toʻlovlari toʻlab berilgani maʼlum qilindi.
Shundan soʻng viloyatimizning shahar va tumanlaridagi “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan 184 nafar xotin-qizlarga “Yangi yilda yangi uylar bilan” shiori ostida subsidiya asosida imtiyozli uy-joylar olish uchun sertifikatlari tantanali tarzda topshirildi.
Tadbirda ishtirok etgan koʻplab xotin-qizlarning sevinchdan koʻzlari yoshlandi. Kimlardir oʻzi va farzandlari bilan bir hovlida bir nechta oila bilan yillar davomida qiynalib yashab kelganligini aytsa, yana bir guruh ayollar ijara uylarda koʻp muammolarga duch kelganliklarini soʻzlab bunday eʼtibor va gʻamxoʻrlik uchun davlatimiz rahbariga oʻz minnatdorchiliklarini bildirdilar.
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari