Bir paytlar uyimizda tokchalar boʻlardi. Tokchalarni nima qildik? Yoʻq qildik! Tokcha vazifasini oʻtaydigan turli koʻrinishlardagi mebellar joylashtirdik.
Tomimiz har yili tomsuvoq qilinardi. Mahalladagi doʻstlar bilan hashar uyushtirardik, oqibat bor edi-da. Lolaqizgʻaldoqlar oʻsib turardi. Nima qildik? Yoʻq qildik. Endi shiferli yoki tunukali tomimiz bor.
Sandal(tancha) boʻlardi, oyoqni koʻrpa ostiga tiqsak, belimizgacha taft kirib barcha shamollashlarni olardi. Guvalakmi xomgʻishtdanmi pechka qurilgan edi. Nima qildik? Sandalni yoʻq qildik, guvalak pechkamiz ketdi! Oʻrniga turli isitish moslamalari keldi. Issiqpollar, konditsionerlar va hokazo.
Ezilovrganidan toshga aylanib ketgan tuproq yerimizda oʻtirardik, oʻynardik, yotardik. Hovlimizning har bir qarichi turli marmarlaru toshlarga toʻldi.
Esimda, buvim shiptovoqqa qum tashlab makka qovurishardi, bodroq boʻlardi. Bugun esa Popkorn yeymiz. Fast-fudga oʻtib ketdik. “Snek” deydigan boʻldik. Darvoqe, choyxona yoʻq, hammayoq osh-xona boʻlib ketdi. Restoran, kafe! Steyk, barbekyu!
Oldin obrez boʻlardi. Hozir yotoqxonamiz yoniga kichkina hammomcha qurib qoʻyyapmiz. “Dushevoy” deb qoʻyyapmiz ham.
Shalvarimiz bor edi, chorigʻimiz bor edi, choponimiz, araqchinu doʻppimiz bor edi. Endi esa, jinsi, krasovka, kurtka, kepka!
Uydan tashqariga chiqamiz... Majnuntollar sanoqli qolgan, tollar, baqateraklar deyarli yoʻq, tutlar yoʻqolib boryapti, koʻcha-kuyda mevali daraxtni uchratish amrimahol... Nima qildik? Kesdik, yoʻq qildik! Endi archalar bor, pavloniyalar ekyapmiz!
Oldin bir kishi gazet oʻqirdi, hamma eshitardi. Keyinchalik televizor paydo boʻldi, qoʻshnilarnikiga kirib tomosha qilardik. Hozir hammaning uyida 2 tadan televizor. Yangiliklar endi gazetdan emas, telefondan oʻqiladigan boʻldi. Kitoblar ham elektron shaklga oʻtkazildi.
Uyimiz, yemishimiz, kiyinishimiz, mutolaamiz, yurishimiz oʻzgardi. Hay davlat borku desak, davlat ham oʻzimiz-da! Milliylik aks etgan shaharu qishloqlarni “Siti”larga oʻzgartirishni boshladik.
TVlarda koʻrsatuvlar oʻzgara boshladi. Dutor gitaraga aylandi, nogʻora va qoʻshnogʻora barabanga aylandi. Oldin koʻknorchoyimiz bor edi, hozir lirika bilan kayf qilamiz!
Oldin serfarzand edik! 10 ta 15 ta farzand boʻlardi. Hozir esa “boqolmaysan, qiynalib katta boʻladi, avval oʻzingni qorningni oʻyla” deb ishontirishdi. Koʻndik! 2-3 ta farzanddan keyin tikib qoʻyishadigan boʻldi. Davlat bu ishlarda ham sterilizatsiya farmonlari chiqarvordi. Ayollar salomatligi muhim deyishdi. Xop, unda farzandnimas ayolimizni koʻpaytirsakchi dedik. Darrov qonun bilan taʼqiqlab qoʻyishdi! Ongimizga “Zaynab Kumushni oʻldiradi” degan gʻoyani tiqib qoʻyishdi. Pishdi!
Oʻzgarmagan hech nimamiz qolmabdi. Tilimiz chulchut boʻldi, dinimiz parchalanib ketdi, uyimiz endi sharqona emas... Yana nimani oʻzgartirsak ekan deb bosh qotirishdi. Shunda ongimizga xujum boshlandi. Erkagimizga erkakmassan ayolsan, deb oʻqtira boshlashdi. Erkak bilan boʻlishing kerak deyishdi. Ayolimizga erkaksan va ayol bilan boʻlishing kerak deyishdi. Qaysidir joylarda yutib chiqishdi ham. Keyingi navbat koʻzga koʻrinib qoldi. Aytaymi u nima?
Oila nega kerak? Agar bu savol hooov tokchalarimiz bor paytda, sandalda kelin-kuyov oyoqlari bilan bir-birini qitiqlab turgan davrda aytilganida edi, psixolog qizimizning gapiga kulib qoʻyardim. Tomi ketganmi buni deb. Lekin aytganimdek, oʻzimizning tomimiz yangilanganku. Endi unday deyolmayman. Chunki hamma taraf oʻzgarib boʻlgan!
Pushkindan “Oltin baliq” nomli bir masal oʻqigandim... Tushunganim: sen ayolni malikaga aylantir, qasrlar qurib ber, shunda u seni haydaydi! “Nafing kerak oilaga?!” deydi.
Men esa tepadagi tokchadan qand oʻgʻirlashlarimni, aka-ukalarim bilan sandalda oyoqlarimizni chalishtirib oʻtirgan paytlarimni, tomdagi lolaqizgʻaldoqni uzib oyimga bergan kunlarimni, arigʻimizga yangi pishgan nonni otib ivitib yegan kunlarimni, mahalladan muzqaymoqchi amaki oʻtsa, burda nonga surkab bergan kunlarni eslab qolaveraman.
Afsuski, hammasini bizdan olishdi! Endi oila kerakmi?
Men kerak deyman, psixolog qizimiz esa savolni qoʻydi. Fojea savolda emas, shu savolga yetib kelgan kunimizda!
Baxodir Eliboyev
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari