Qashqadaryoning chekka hududlarida mahalla raisi saylovi arafasida notoʻgʻri ishlar boʻlyapti. Muhtaram Prezidentimiz ayol rahbarlarni sonini oshirish haqida koʻp bor taʼkidlayotgan bir paytda, mahalla raisi va maslahatchisi faqat oliy maʼlumotli boʻlishi kerak degan bunday talab qayerdan chiqdi?
Oʻsha oʻrta maʼlumotlilar har qanday sharoitda ham kam oylikka ishladi. Shaxsan men olti yuz ming bilan pensiyaga chiqdim. Halol ishladim, kam taminlangan, yetim-yesir, keksalar, yolgʻiz ayollarga imkonim boricha oʻzimdan boʻlsada yordam qildim. Doim yeambagʻal oilalar uchun kuyub pishdim. Ayolman demadim, kechasi soat oʻn ikkimi, birmi bugʻdoy oʻrimimi, paxta terimimi qayerga deyishsa bordim. Kechasi yigʻilishlarda, ertalab soat oltidan dalada ayollar bilan tengma-teng yurdim.
250-300 nafar xotin-qizlarni har bir talabini bajardim. Paxta yogʻini dalaning tepasiga olib borib qoʻydim. Adolat bilan ishladim. Imkon qadar kam taminlanganlar uchun qaygʻurdim. Ishimni birinchi oʻringa qoʻydim, oilam ikkinchi darajali boʻlib qolgan.
Pandemiyada rahmatli turmush oʻrtogʻim vafot etdi. Raislikdan boʻshaganimda, erim oʻrtoqlariga maqtanib kelinglar osh qilib beraman, men ham xotinlik boʻldim degan, Alloh rozi boʻlsin u kishidan. Ishimni deb, u kishini rozi qiloldimmi, deb oʻylab qolaman baʼzida.
Bu yilgi saylovda biz kabi nomzodlarni maʼlumoti oʻrta deb olib tashlabdi. Mahalla raisiligiga qonunchilikda maʼlumoti oliy boʻlsin degan aniq talab bormi oʻzi? Rais kim boʻlishidan qatʼiy nazar, yoshi ulugʻroq, tajribasi bor, farzandlardan tinchigan, hayotda biror sohada ishlab maʼlum natijaga erishgan, odamlarni oʻziga ergashtira oladigan odam boʻlishi kerak emasmi?
Maslahatchi lavozimiga qoʻyilgan ayrim nomzodlarning oʻzi maslahatga muxtoj. Yoshi 65-70 yoshlilar ishlamasin emish, qayerdan chiqdi bunday talablar? Ishlatib, ishlatib endi keraksiz buyumdek uloqtirishyaptimi bizlarni?
Oyna Momo
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari