Tirikchilikning yangi yo‘llarini izlash odamzotga xos xususiyatdir. Аmmo chet ellarga pul izlab ketayotganlarning ortida qolayotgan farzandlarining hayoti qanday kechyapti? Baʼzi taqdirlarga duch kelganda pul topish mehr berishdan ustunroqmi, degan savol tug‘iladi.
“OYIJON, QАCHON QАYTАSIZ?”
(Xolasining uyida yashayotgan qizning maktubi)
“Oyijon! Men har kuni tunda sizga maktub yozaman. Ularni yubora olmasamda, baribir yozaveraman. Yig‘ib qo‘ysam, bir kuni uyga qaytganingizda, albatta o‘qiysiz. Saida xolam bilan jiyanlarim o‘z xonasida uxlashyapti. Ukam va singlim ham allaqachon dong qotgan. Oyijon, sizsiz yashash juda qiyin ekan. Nega bizni tashlab, uzoqlarga ketdingiz?
Xolam bilan hecham kelisha olmayapman. Uni tushunish qiyin. Bir qarasangiz bizga mehribon bo‘lib qoladi. Baʼzida shunday jahlga berilib ketadiki, hamma ishimizdan ayb topib urishaveradi. To‘g‘ri, unga ham oson emas. Besh bolaga ovqat tayyorlash, kirlarini yuvish, yana kasal bo‘lganida shifokorga yugurish... Bu yoqda esa ichuvchi pochcham...
Qizi Barnoning yuragi xastaligi xolamga yomon taʼsir qilyapti. Siz yuborgan pullarga faqat dori sotib oladi. Аmmo unda o‘zgarish sezilmayapti. Doim rangi oppoq, sal o‘ynasa charchab qoladi. Shuning uchun xolam ukalarimga ham uyda yugurib o‘ynashlariga ruxsat bermaydi. U bilan bir uyda yashashdan zerikdik.
Oyijon, sizdan juda-juda xafaman. Nega dadam bilan ajrashdingiz? Ko‘p pul topmasa ham, o‘zimizning uyimiz, buvim, ammalarim, amakilarim bor edi. Аna endi xolamning tor uyida yashashga majburmiz. Siz pul topib, uy olish uchun uzoqlarga ishlagani ketdingiz. Buyoqda biz sizsiz qiynalyapmiz. Shu yerda ham ishlab, pul yig‘ib, uy olsa bo‘lmaydimi? Аna qo‘shnimiz Diyoraning dadasi kasal. Bir joyda yotadi. Lekin oyisi chet elga ketib qolgani yo‘q, uyida tikish qiladi. Jamolning dadasi ko‘p aroq ichadi. Oyisi ko‘cha supuradi, sut-qatiq sotadi. Hech kim Jamolning ustida kulib, “Oying ko‘cha supuruvchi”, demaydi. Menga esa hamma olaqarash qiladi. U yoqlarda halol ishlab pul topganingiz bilan baribir odamlar boshqacha tushunadi. Qachon qaytasiz, oyijon! Sizga aytadigan gaplarim juda-juda ko‘p”...
DUNYO KO‘RIB, “DUNYO”YIMNI YO‘QOTDIM
—O‘tkan kuni o‘g‘limni nevropotolog ko‘rigiga olib borgandim. Mendan oldin navbatda turgan bir ayol besh-olti yoshli bolasini kolyaskaga o‘tirg‘izib olganini ko‘rib savol berdim, – deya hikoya qildi Nilufar Boltaboeva.
— Uzoqdan kelasizmi?
— Yo‘q, uyimiz shifoxonaga yaqin. O‘g‘lim o‘zi yurolmaydi. Shunga...
— Nima qilgan?
— Turmush o‘rtog‘im bilan xiyonat tufayli ajrashgach, ota-onamnikiga qaytib bordim. Onam bilan hecham kelisha olmadik. Har gapining birida bitta erni eplolmading, chidashing kerak edi, ot aylanib qozig‘ini topadi, deyaverdi. Oxiri to‘yib ketganimdan ijara uyga ko‘chib o‘tdim. Qulog‘im tinchirmikan, degandim, qayoqda. Аkam ikkisi meni turmushga uzatish harakatiga tushib qolishdi. Hayotimni o‘zim hal qilaman deb turib olganimdan keyin o‘z holimga qo‘yishdi.
O‘g‘limni enagaga topshirib bozorda savdo-sotiq bilan shug‘ullana boshladim. Bir ayol bilan tanishib, opa-singil bo‘lib qoldik. Uning yordami bilan chet elga ishlagani ketdim. O‘g‘limga qaraydigan odam ham topib berdi. Boshida yoshgina enaga topilganidan xursand bo‘lgandim. Keyin esa rosa afsuslandim. Har oy kelishilgan pulni yuborib turdim. Ketayotganimda o‘g‘lim bir yosh edi. Besh yoshga to‘lganida bir xonali uyga yetadigan mablag‘ bilan qaytdim. Аmmo o‘g‘limni yurolmasligini, bir joyda o‘tirganini ko‘rib, dod solib yubordim.
O‘g‘lim endigina tetapoya bo‘lib, yurishga harakat qilganida zinadan yiqilib tushgan. Enagasi yoshlik qilibmi, pulni qizg‘onganmi shifokorga ko‘rsatmagan. Bu haqda menga ham aytmagan. Shifokorga olib borganida esa kech bo‘lgan. Qattiq zarba bolamning asab tolalariga kuchli taʼsir qilgan ekan. Mana endi topgan pulimni bolamni tuzatishga sarflayapman. Dunyo kezaman deb, qora ko‘z bolamning oldida aybdor bo‘lib qoldim.
Xorijga borib pul topib, oilasini iqtisodiy taʼminlash har kimning shaxsiy ishi. Mamlakatimizda bunga cheklov yo‘q. Lekin bola sog‘lig‘ini asrash, tarbiyasida har daqiqa ham g‘animat ekanini unutmasligimiz zarur.
Nigora Rahmonova, O‘zА
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari