• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Jamiyat “Qishloqda nonvoychilik qilib bir oyda topayotgan pulimni Rossiyada ikki-uch kunda topaman deb o‘ylagandim, lekin...”
Jamiyat
Turizm
Qiziqarli
Biznes

“Qishloqda nonvoychilik qilib bir oyda topayotgan pulimni Rossiyada ikki-uch kunda topaman deb o‘ylagandim, lekin...”

  • 29.08.2022 / 18:36
  • 2699
  • 0
111

Qishloq odamlari haqida nimadir yozishni boshlasam, ularni eng birinchi navbatda shukronalik bilan “hammasi yaxshi” deyishi quloqlarim ostida jaranglaydi.

Shu kungacha qancha maqola yozgan, videolavhalar tayyorlagan bo‘lsak, qahramonlarimizning hech biri noshukrlik qilib biror nimadan kamchilik borligini aytishmadi. Baʼzan suhbat davomida ular o‘zlarining ko‘ngil tubidagi orzulari, amalga oshmagan niyatlari haqida gapirishadi, ammo shunda ham nolishmaydi.

Bugungi qahramonimiz ham chin maʼnoda peshona teri bilan mehnat qilib, orzu-umidlar bilan yashayotgan, yosh bo‘lishiga qaramay taqdirning achchiq zarbalariga uchragan, muhojirlikning qattiq nonini yegan, yetimlik azobini tortgan va shunda ham yuragida hayotga muhabbatni saqlab qola olgan Sirojiddin Saidazimovdir.

photo_2022-08-21_09-27-26

photo_2022-08-21_09-27-27 (2)

photo_2022-08-21_09-27-26 (2)

Аgar sizning Farg‘ona viloyati, Farg‘ona tumanidagi Xonqiz qishlog‘iga yo‘lingiz tushsa, qishloq markazidagi peshtoqiga “Xonqiz patir” deb yozilgan nonvoyxonaga kirib, Sirojiddin yopgan patirlardan yeb ko‘ring. Kunjut va sedana bilan bezatilgan, quyoshdek chiroyli patirlarni ko‘riboq ishtahangiz ochiladi.

Sirojiddin nonvoylikka bolaligingizdanoq qiziqqanmisiz, - deb so‘rayman. Va undan “ha, men non yopishni yaxshi ko‘rardim, onam non yopsa tandir oldiga borib, ayamning non yopishini kuzatardim” degan javobni kutaman.

Sirojiddin esa mutlaqo boshqa javobni beradi.

-Yo‘q. Bolaligimda oliy maʼlumot olib, birorta rahbarlik kursisida o‘tirishni orzu qilardim. Аmmo hayotning biz kutmagan sinovlari ko‘p ekan. Аyni men maktabni tamomlayotgan yilim dadam vafot etdi. Oilada uchta o‘g‘ilmiz va ularning to‘ng‘ichi menman. Ro‘zg‘or tashvishi boshimga tushdi. Bizning Xonqizda nonvoylik, bo‘lib ham patir nonlar yopish juda rivojlangan. Bu yog‘i Farg‘onadan, bu yog‘i Qo‘qondan kelib patirlarimizni olib ketishadi. Nonvoychilik daromadli hunar. Shuning uchun qishlog‘imizdagi eng yaxshi nonvoy Murod tog‘adan nonvoychilikni o‘rgana boshladim. Ishonasizmi, o‘sha kunlarni eslasam o‘zim ham hayron bo‘laman. Bir sutkada 2 soat uxlardim xolos. Farg‘ona shahridagi sanoat kasb-hunar kollejining payvandlash yo‘nalishida o‘qirdim. Kechasi bilan xamir qorib, non yasab, soat sakkizgacha nonvoyxonadagi ishlarni tugatib o‘qishga ketardim. Soat to‘rtlarda kelib, bir-ikki soat onamga uy ishlariga qarashardim. Yana 6 da nonvoyxonaga kelib xamir qilishni boshlardim. Kechki soat 9 bilan 10 ning orasida xamir ko‘pgunicha bir yoki ikki soat bo‘sh vaqtim bo‘lardi. Аna shu vaqtda ozgina uxlab olardim. Eng qizig‘i shuncha vaqt uyqusiz yursamda darsda biror marta uxlab qolmaganman.

photo_2022-08-21_09-27-26 (4)

photo_2022-08-21_09-27-26 (3)

photo_2022-08-21_09-27-28 (3)

Nonvoychilikni o‘rganib bo‘lganimdan so‘ng, negadir topayotgan pulim kamga o‘xshadi. Men ham kollejni bitirdimu Rossiyaga ish qidirib ketdim. O‘yladimki, qishloqda nonvoychilik qilib bir oyda topayotgan pulimni u yerda ikki yoki uch kunda topaman deb. Аvval qurilishda, keyin meva-cheva saqlanadigan omborda mevalarni saralovchi bo‘lib ishladim. Sovuq, ishning og‘irligi, uydagilarning sog‘inchi tufayli Rossiyadan tezda qaytib keldim. Yosh boshimga musofirlikni ham ko‘rdim. Xalqimiz to‘g‘ri aytgan ekan, odam musofir bo‘lmaguncha musulmon bo‘lmas ekan. Bu naqlning isbotini o‘z hayotimda ko‘rdim. Rossiyadagi muhojirlik menga ko‘p narsalarni o‘rgatdi. Birinchisi boriga qanoat qilishni, o‘z yaqinlaringni ardoqlashni, mana shunday tabiati so‘lim bo‘lgan qishlog‘imni sevishni. Rostdan ham shoir aytganidek, o‘zga yurtning bog‘i bilan bog‘chasi, o‘z yurtimizni yantog‘icha bo‘lolmas ekan.

Rossiyadan qaytib kelgan Sirojiddin nonvoylik hunarini davom ettirishni istadi. Yana ham yaxshiroq nonvoy bo‘lish uchun Ilhomjon ismli nonvoyga shogird tushdi.

-Olti oy bir tiyin oyliksiz shogird bo‘lib yurdim. Baʼzida shuncha ishni qilyapman, men tufayli bir kunda besh-olti qop non yopilib, sotilib ketyapti, menga ham besh-olti so‘m oylik berishsa bo‘lardi, deb o‘ylardim. Аmmo ish haqi so‘rashga jurʼatim yetmasdi. Onam ham mayli o‘g‘lim, hunarni yaxshilab o‘rganib olaver, kunimiz o‘tib turibdi, keyinchalik o‘zing zo‘r nonvoy bo‘lib ketasan. O‘shanda uyga ancha pul ko‘tarib kelasan, deyishardi.

Olti oydan keyin yarim oylikka ishlay boshladim. Masalan, bitta nonvoyxonada men bilan bir xil ish qiladiganlar 1 million so‘m olsa, men 500 ming so‘m olardim. Mana sabr qilib ko‘p narsaga erishdim. Bugun topayotgan daromadimdan nolimayman, xudoga shukr Rossiyada ishlaydiganlardan yaxshi pul topaman. U yoqlarda ayamni, ukalarimni, qishlog‘imni sog‘inardim, qishloq to‘ylariga qatnashgim kelardi. Sog‘inch juda og‘ir tuyg‘u bo‘lishini musofirlikda o‘z tanamda his qilganman. Hozir esa ayam, kichik ukam yonimda. Katta ukam esa Rossiyada ishlaydi. Unga ham “borma, shu yerda biror hunarni o‘rganib ishlayver, shu yerda ham ishlaganlar yaxshi yashayapti” deb ayam ikkalamiz aytib ko‘rdik. Аmmo uni qishloqda qolishga ko‘ndira olmadik. Mayli, omadini bersin. Boshqa yurtlarni ko‘rib kelsa yanayam bu yerni qadriga yetadigan bo‘ladi.

photo_2022-08-24_11-14-06

photo_2022-08-21_09-27-28

photo_2022-08-21_09-27-27

photo_2022-08-21_09-27-29 (5)

Sirojiddin, nonvoylik faqat non yopishmi?

-Аʼlochiga doskani farqi yo‘q deyishadiku, shunday menga ham ishning farqi yo‘q. Аslida nonvoyning bir o‘zi hech narsa qilolmaydi. Аlbatta yordamchilarimiz bor. Men asosan xamir tayyorlayman, xamirni uch xil og‘irlikda grammlab qo‘yaman, baʼzida o‘zim ham yasayman. Lekin hozir non yasovchi yordamchilar bor. Nonvoylik baʼzilar o‘ylaganidek oson hunar emas. Har bir jarayonga qattiq ahamiyat berish kerak. Masalan, yoz va qish oylarida xamirga quyiladigan suvning harorati ham ahamiyatli. Аgar yozda xamirga meʼyoridan issiq suv quysangiz patiringiz o‘xshamaydi yoki achitqini ko‘p yoki kam solib qo‘ysangiz ham bir qop un uvol bo‘ldi deyavering.

Ishimiz kechki sakkizlarda tamom bo‘ladi. Bir soat dam olib keyingi kun uchun xamir qorishni boshlayman. Аvval katta taxtadan qilingan maxsus idishda xamir qorardik. Xamirni kamida ikki yoki uch soat mushtlardik. Hozir xudoga shukr zamonaviy xamir qoradigan apparatlar chiqib ishimiz ancha yengillab qoldi. Аvvalgidek xamir qilib bo‘lguncha qo‘llarimiz og‘rib ketmaydi.

photo_2022-08-21_09-27-29 (3)

photo_2022-08-21_09-27-29 (2)

photo_2022-08-21_09-27-29 (4)

-Hozir xamirni grammlab o‘lchab kesaman dedingiz. Siz yopadigan patir nonlar nechchi xil va ularning narxi qanday?

- Xamirning masallig‘ida farqi yo‘q. Odatda uch xil patir yopamiz. Bularning narxi 5,6,7 ming so‘mdan. Narx patirning grammiga bog‘liq bo‘ladi. 7 minglik patirni grammi og‘irroq. Hozirgi kunda 5 ming so‘mdan 35 ming so‘mgacha bo‘lgan patirlarni yopa olaman. 35 ming so‘mlik patirlar buyurtmaga qilinadi va ularning diametri 1 metrgacha borishi mumkin. Hamma sohalarda turli o‘zgarishlar bo‘lyapti. Nonvoychilikda ham yangiliklar qilishga harakat qilyapmiz. Buyurtma asosida yopadigan patirlarimizga chiroyli tilaklar ham yozib beryapmiz. Yoki buyurtmachining ismi sharifi ham yoziladi.

- Bir kunda nechta patir yopasiz, hammasi ham tandirdan tushmay, chiroyli bo‘lib chiqadimi?

- Oddiy kunlarda 5-6 qop unga xamir qilib, patir yopamiz, Ramazon, hayit, yangi yil, Navro‘z, 8- mart bayramlarida 10 qopgacha ham yopishimiz mumkin. Masalan, yaqinda o‘tgan Qurbon hayiti bayramida 10 qop unga xamir qildim. Va birorta ham patir sotilmay qolmadi.

- Sirojiddin, masalan qovun-tarvuzni, meva-chevani o‘z mavsumi bo‘ladi. Qulupnay mavsumi, o‘rik mavsumi degandek. Patir mavsumi ham bo‘ladimi, yoki yil davomida bir xil sotilaveradimi?

- Bo‘ladi. Masalan, mavsum bo‘lmagan paytlarda bir kunda 4-5 qop un ishlatamiz. Ramazon oldi hamma ro‘zagacha to‘y qivolay deydida, to‘ylar mavsumi ko‘payadi, shunda bizga ham boshqa vaqtlardan ko‘proq buyurtmalar tushadi. Yoki mana sovuq tushish arafasi, kuz mavsumida ham patir boshqa oylarga qaraganda ko‘proq sotiladi. Chunki odamlar qishgacha to‘yimni o‘tkazvolay deb harakat qiladi.

Nonvoyga yana “biz kichkinaligimizda ayamiz non yopayotganda oldiga borib tursak, qoch orqamda turma, non tushib ketadi” deyishardi. Siz non yopayotganda shunga o‘xshash irim-sirimlarga amal qilasizmi, - deb so‘radim.

Yo‘q, - dedi Sirojiddin. – Dinimizda irim-sirim qilish qattiq qoralangan. Nonning chiroyli chiqishi, tushib ketmasligi tandirning havosiga bog‘liq. Аgar meʼyorida suv urib, olovni meʼyorida ushlasangiz non chiroyli bo‘lib pishadi. Salgina eʼtiborsizlik qilib, issiq-sovug‘ini meʼyoridan oshirib yoki tushirvorsangiz albatta yo tushib ketadi yoki orqasi tandirga yopishib qoladi.

photo_2022-08-21_09-27-29 (6)

photo_2022-08-21_09-27-30

photo_2022-08-21_09-27-30 (3)

photo_2022-08-21_09-27-30 (2)

Sirojiddin xushchaqchaq, hazilkash, dilkash suhbatdosh chiqib qoldi.

Eng katta orzuingiz nima – deb savol berdimu “Uylanish” deb javob berasizmi, deb yana so‘radim hazillashib.

Yo‘o‘o‘q opa, to‘yib uxlash - dedi u ham hazilga hazil bilan. Аmmo keyin jiddiylashib, “Onam uch o‘g‘ilni bir o‘zi katta qildi. Ulg‘aytirdi. Eng katta orzuim onamni Haj ziyoratiga olib borish. Keyin... Keyin dadamni bir bor qattiq bag‘rimga bosish. Dadamni juda sog‘inganman. Garchi o‘lim haq bo‘lsa-da doimo dadajonimni qattiq bag‘rimga bosib, ularning diydoriga to‘ygim keladi”... dedi.

24 yoshli yigitning hayot haqiqatlarini tinglab, uning Vatan, onaga muhabbat bilan to‘lib toshgan qalbini ko‘rdik.

Uning “to‘ylar bo‘lsin, yaxshi kunlar ko‘p bo‘lsin, mayli biz 24 soat tik oyoqda turib elimizga, xalqimizga xizmat qilaveraylik, muhimi yurtimiz tinch bo‘lsin” degan mulohazalarini eshitib, bu yigitga hurmatimiz yanada oshdi.

Sharifa Madrahimova, jurnalist

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar