• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Tibbiyot Ishlovchi donorlarga qo‘shimcha dam olish kuni berilishi kerakmi?
Tibbiyot
Huquq

Ishlovchi donorlarga qo‘shimcha dam olish kuni berilishi kerakmi?

  • 22.09.2022 / 12:43
  • 544
  • 0
111

Farg‘ona shahar xalq taʼlimi bo‘limiga qarashli 32-maktab o‘qituvchisi U.K. donorlik qilganligi uchun qo‘shimcha dam olish kunlari berilmayotganligidan norozi bo‘lib Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasiga murojaat qildi.

Qonunchilik bo‘yicha, davlat muassasalarida ishlovchi donor fuqaro qon berganidan so‘ng bir kun dam olishi kerak. Bu uning qonuniy huquqi. To‘g‘risi, bu amaliyot tajribada juda kam uchraydi.

Аdliya boshqarmasi tomonidan ushbu murojaat o‘rganilganda, haqiqatdan ham U.K. 2022-yilning o‘tgan davri davomida 15 marotaba bemorlar uchun donorlik qilgan. Shuningdek, maktab maʼmuriyati tomonidan 2022-yil davomida 48 kunlik mehnat taʼtili berilganligi sababli, donorga boshqa taʼtil berilmasligi tushintirilib, qo‘shimcha dam olish kuni berish rad qilingan.

Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 167-moddasiga asosan xodim jamiyat manfaatlariga doir harakatlar qilganda, yaʼni avariyalar, tabiiy ofatlarning oqibatlarini tugatish, inson hayotini saqlab qolish kabi holatlarda - ana shu davrda uning ish joyi, lavozimi va o‘rtacha ish haqi saqlanadi.

Donorlik qiluvchi xodimlarga har safar quyish uchun qon topshirgan kunning albatta ertasiga dam olish uchun bir kun beriladi.

Xodimning xohishiga ko‘ra bu kun taʼtilga qo‘shib beriladi. Tekshiruvdan o‘tadigan va quyish uchun qon topshiradigan kuni ishdan ozod etilgan davr uchun, shuningdek dam olish kunlari xodimning o‘rtacha ish haqi saqlanadi.

Shuningdek, “Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi to‘g‘risida”gi Qonunning 20-moddasiga asosan qon va uning tarkibiy qismlarini topshiradigan kuni, shuningdek, tibbiy ko‘rikdan o‘tadigan kuni donor ana shu kunlar uchun o‘rtacha ish haqi saqlangan holda ishdan ozod qilinadi.

Donorga har safar qon va uning tarkibiy qismlarini topshirgan kunning bevosita ertasiga dam olish uchun o‘rtacha ish haqi saqlangan holda qo‘shimcha bir kun beriladi. Donorning xohishiga ko‘ra mazkur dam olish kuni har yilgi mehnat taʼtiliga qo‘shib berilishi ham mumkin.

Eʼtibor qaratish lozimki, donorlik uchun beriladigan qo‘shimcha dam olish kuni mehnat taʼtili hisoblanmaydi hamda taʼtillarni hisoblashda ushbu muddat inobatga olinmaydi. Donorlik uchun qo‘shimcha dam olish kuni donorlar uchun qonunchilikda belgilangan kafolatli imtiyoz hisoblanadi.

Mazkur holat yuzasidan Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasi tomonidan Farg‘ona shahar xalq taʼlimi bo‘limiga taqdimnoma kiritilib, U.K ga donorlik qilganligi uchun o‘rtacha ish haqi saqlangan holda qo‘shimcha 15 kunlik dam olish kuni berildi hamda donorning buzilgan huquqlari tiklandi.

Аbbosxon Аʼzamxonov,

Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasi

bo‘lim boshlig‘i

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar