Bugun, 5-aprel kuni Fargʻona shahridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari uyida “Nodirabegim“ markazining “Inson taqdiri – hayot omili“ loyihasi doirasida odam savdosiga qarshi kurashish mavzusida davra suhbati oʻtkazildi. Unda Fargʻona shahar xalq taʼlimi boʻlimi tasarrufidagi umumtaʼlim maktablarining maʼnaviy-maʼrifiy masalalar boʻyicha direktor oʻrinbosarlari ishtirok etishdi.
Tadbirni OʻzNNTMA viloyat hududiy boʻlinmasi rahbari D.Fozilov ochib berdi. U oʻz soʻzida davlat va nodavlat notijorat tashkilotlarining hamkorligi va ushbu yoʻnalishdagi hamkorlik dolzarb boʻlgan muammolarning tezkor hal qilinishida katta ahamiyatga ega ekanligini aytib oʻtdi.
Tadbir davomida “Nodirabegim” markazi rahbari odam savdosiga qarshi kurashish loyihasining bejiz ”Inson taqdiri – hayot omili" deb nom olmaganligini, juda koʻplab jabrdiyda insonlarning bu illat domiga tushib qolayotganligini taʼkidladi va loyiha boʻyicha qilinayotgan ishlar haqida gapirib oʻtdi.
Shuningdek, ushbu loyiha boʻyicha ish samaradorligini oshirish va muammolarni kengroq tahlil qilish boʻyicha veb-sayt yaratilgan boʻlib, 54 nafar fuqaro ushbu saytdan foydalangan holda murojaat qilgan va tegishli maslahatlar berilib, davlat organlariga yoʻnaltirilgan.
Bugungi kundagi aholi migratsiyasi, shu jumladan, mamlakat tashqarisida mehnat faoliyati bilan shugʻullanish maqsadidagi migratsiya jahon koʻlamidagi voqelik boʻlib, shu bilan birga oʻzining salbiy oqibatlarini keltirib chiqarayotganligi atroflicha muhokama qilindi.
Odam savdosi qurboniga aylangan va undan jabr koʻrgan hamyurtlarimizga yordam berish, nafaqat davlat organlarining balki barchamizning muhim vazifamiz ekanligi taʼkidlandi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar bilan markaz tomonidan yoshlar va fuqarolar oʻrtasida huquqiy madaniyatni oshirish, xorijda ishlash boʻyicha maʼlumotlarni toʻliq yetkazish, taʼlim dargohlaridagi bitiruvchi sinflarda suhbatlar tashkil etish boʻyicha kelishib olindi.
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari