• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Siyosat Qariyb chorak asrlik nufuzli klinika bugun yopilish arafasida! - VIDEO
Siyosat
Jamiyat
Iqtisodiyot
Tibbiyot
Huquq
Turizm
Biznes

Qariyb chorak asrlik nufuzli klinika bugun yopilish arafasida! - VIDEO

  • 28.05.2023 / 17:15
  • 3299
  • 0
111

“Yigitov Clinic” MChJ o‘z faoliyatini 1999-yilda Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida ijaraga olingan joyda umumiy xirurgiya amaliyotlariga ixtisoslashgan klinika sifatida boshlagan. 2006-yilda individual loyiha asosida o‘z binosi qurilishining yakunlanishi bilan klinikada qo‘shimcha jarrohlik va boshqa tibbiy yo‘nalishlar bo‘yicha xizmatlar yulga qo‘yilgan. 2010-yilda klinika binolari yanada kengaytirildi va bemor o‘rinlari soni 50 taga yetkazildi.

Hozirgi kunda klinikada oshqozon, o‘n ikki barmoqli ichak, oshqozon osti bezi, jigar, o‘t pufagi, taloq, ingichka va yo‘g‘on ichaklarda operatsiyalar, oldingi operatsiyalar oqibatlarini tuzatish bo‘yicha operativ amaliyotlar, shuningdek, qorin devorining barcha turdagi churralari bo‘yicha, shu jumladan alloplastika usuli bilan operatsiyalar amalga oshirilmoqda.

Klinikadagi bemorlar kontingentini asosan Farg‘ona, Namangan va Аndijon viloyatlari, shu jumladan Qo‘qon shahri va atrofidagi tumanlar aholisi tashkil etadi. Toshkent shahri va respublikaning boshqa hududlaridan, shuningdek, Tojikiston va Qirg‘izistonning qo‘shni viloyatlaridan ham tez-tez bemorlar murojaat qilishadi.

2017-yilda o‘z mablag‘imiz hisobidan Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida yuqori texnologik va murakkab jarrohlik amaliyotlariga ixtisoslashgan “Innovatsion xirurgiya markazini tashkil etish” loyihasini boshladik. Ushbu loyiha 2017-2021-yillarda bir nechta davlat dasturlariga kiritildi.

Jumladan, Farg‘ona viloyati hokimining 2017-yil 24-dekabrdagi «Viloyatda xususiy tibbiyotni rivojlantirish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlarni tasdiqlash to‘g‘risida»gi 621-son qarori bilan tasdiqlangan «Viloyatda 2018- 2019-yillarda xususiy tibbiyot tashkilotlarini tashkil etish va faoliyatini kengaytirish bo‘yicha loyihalarning manzilli ro‘yxati»ga;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoevning 2019-yil 6-7-may kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi davomida kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan 19-sonli majlis bayoniga 5-ilova «Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida 2019-2020-yillarda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxati»ga 29-tartib raqami bilan;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-iyundagi «Farg‘ona viloyatida investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish va sanoatni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 617-son qaroriga 2-ilova «Farg‘ona viloyatida 2019-2020-yillarda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxati»ga 130-tartib raqami bilan;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 14-dekabrdagi «2020 – 2024-yillarda Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 1001-son qaroriga 1-ilova «2020-2022-yillarda Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon va Qo‘qon shaharlarida sanoat xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi maxsulotlarini qayta ishlash sohalarini rivojlantirish bo‘yicha investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxati»ga xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish sohasidagi loyihalar ichida 36-tartib raqami bilan;

«O‘zbekiston Respublikasining 2021 – 2023-yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4937-son qaroriga 3-ilova «2021-yilda investitsiya loyihalari doirasida investitsiya va kreditlarni o‘zlashtirish bo‘yicha yig‘ma manzilli dastur»ga 780-tartib raqami va 5-ilova «2021-yilda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlarni jalb qilgan holda amalga oshirilayotgan loyihalar manzilli dasturi»ga 577- tartib raqami bilan;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining 2022 – 2026-yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini tasdiqlash hamda investitsiya loyihalarini boshqarishning yangi yondashuv va mexanizmlarini joriy etish to‘g‘risida»gi PQ-72-son qaroriga 3- ilova «2022-yilda investitsiya va kreditlarni o‘zlashtirish bo‘yicha yig‘ma manzilli dastur»ga 832-tartib raqami va 6-ilova «2022-yilda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar jalb qilgan holda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxati»ga 603-tartib raqami bilan kiritilgan.

Biz Prezident Shavkat Mirziyoevning olib borayotgan siyosati va tashabbuslaridan ruhlangan holda, o‘z faoliyatimizni yanada kengaytirish, dunyo stardartlariga javob beradigan, zamonaviy va hamyonbop malakali tibbiy xizmatni tashkil etishni maqsad qildik. Ushbu loyihamiz davlatimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlangani, davlat dasturlariga kiritilgani bizni yanada quvontirdi.

2017-yil bahor oylarida loyihaga start berildi. Dastavval, so‘nggi o‘n yillik ichida tibbiyot sohasini yuqori surʼatlar bilan rivojlanishiga erishgan davlatlar – Janubiy Koreya, Turkiya va Hindistonga safar qilib, ularni sog‘liqni saqlash tizimi rivojlanishining o‘ziga xos tajribasi o‘rganildi va u yerdagi yetakchi shifoxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Bularga tayangan holda yuqori texnologik va murakkab jarrohlik amaliyotlariga ixtisoslashgan «Innovatsion xirurgiya markazini tashkil etish» loyihasi ishlab chiqildi va uni amalga oshirish ishlari boshlab yuborildi.

Mahalliy hokimiyat vakillari tomonidan loyihani tegishli davlat dasturlariga kiritilganidan keyin ushbu jarayonga bizga xizmat ko‘rsatuvchi Аsakabank Qo‘qon filiali qo‘shildi. Loyihaning kontseptsiyasi hamda texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari bilan tanishib, bank 12 mlrd. so‘m va 3 mln. АQSh dollar miqdorida kredit mablag‘lari hisobidan uni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Dastlab, loyihamiz Аsakabank tomonidan maʼqullanib, kredit shartlarini muhokama qilinganda, u bo‘yicha ustama xaqi yillik 16 foiz bo‘lishi kelishilgan edi. Barcha hujjatlar tayyorlanib, bankka topshirilishidan oldin – 18 foiz, kredit shartnomasini imzolashga kelgan paytda esa – 20 foiz bo‘lishi aytildi. Lekin ushbu shartga rozi bo‘lmaslikni ilojisi yo‘q, chunki biz allaqachon barcha rejalarimizni ushbu kredit olinishiga bog‘lab qo‘ygan edik va orqaga yo‘l qolmagandi.

2018-yil 12-oktabrda Yigitov Clinic va Аsakabank Qo‘qon filiali o‘rtasida birinchi bosqich uchun 12 mlrd. so‘mlik kredit shartnomasi imzolandi. Bank shartnomada belgilangan kredit mablag‘ini ikki qismda, yaʼni 5,7 mlrd so‘mlik qismini 2018-yilda, 6,3 mlrd so‘mlik qismini 2019-yilda moliyalashtirdi. Loyihani amalga oshirish ishlari davom ettirildi.

Shu orada xorijiy hamkorlar bilan birgalikda ularning o‘z tajribalaridan kelib chiqib, bergan tavsiyalariga muvofiq loyihaning kontseptsiyasi hamda texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari qayta ishlab chiqildi. Ushbu parametrlar 2019-yil sentabr oyida Farg‘ona viloyatida o‘sha davrdagi Prezident Аdministratsiyasi rahbari Z.Nizomiddinov va Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzaqovlar boshchiligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda maʼqullandi hamda davlat dasturiga kiritilishi belgilandi.

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 14-dekabrdagi 1001-son qarori bilan loyihaning yillik ishlab chiqarish quvvati 5 ming qatnov, umumiy qiymati 16 mln. АQSh dollar, shundan Аsakabankning kredit mablag‘lari hisobidan 11 mln. АQSh dollar miqdorida tasdiqlandi.

Loyiha obʼektida qurilish-rekonstruktsiya ishlari qizg‘in pallaga kirgan bir paytda 2020-yil 16-martdan eʼtiboran koronavirus pandemiyasi sharoitida infektsiya tarqalishini oldini olishga qaratilgan bir qator cheklovlar kiritildi. O‘zbekiston va boshqa davlatlar o‘rtasida aviaqatnovlar bekor qilindi. Buning oqibatida, loyiha obʼektida qurilish-rekonstruktsiya ishlarini moliyalashtirish uchun asosiy manba sifatida xizmat qilgan tibbiy turizm sohasidagi yo‘liga tushvolgan faoliyatimiz to‘xtab qoldi. Shu bilan birga, aholining harakatlanishiga qo‘yilgan cheklovlar sababli mijozlar tashrifi deyarli “nolь”ga tushib, klinika tomonidan xizmat ko‘rsatish surʼati keskin ravishda kamayib, pul tushumlari miqdori ham pasayib ketdi. Natijada, qurilish obʼektidagi ishlar to‘xtab qoldi.

Biz to‘lov jadvaliga qatʼiy rioya qilish kerakligini hech qachon inkor qilmaganmiz. Аmmo fors-major vaziyatlar yuzaga kelganda to‘lovlar bilan bog‘liq qiyinchiliklarga duch kelish tabiiy xol.

Iqtisodiy faollik pasaygan paytda moliyaviy ahvolimiz yomonlashish istiqbollari haqidagi takroriy ogohlantirishlarimizga qaramay, Аsakabank bizning to‘lov qobiliyatimiz qay darajada ekanligini umuman inobatga olmadi.

Pandemiyaning salbiy taʼsiri oqibatlarini yumshatish, loyihani moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, uni amalga oshirilishiga to‘siq bo‘layotgan masalalarni hal etish, korxonamizning joriy faoliyati uzluksizligini taʼminlash orqali moliyaviy ahvolini barqarorlashtirish hamda to‘lov qobiliyatini oshirish yuzasidan murojaatlarimiz eʼtiborsiz qoldirildi.

Oradan biroz vaqt o‘tib, bank bir tomonlama va biz bilan kelishmasdan, Prezidentning 2020-yil 28-dekabrdagi PQ-4937-son qaroriga kiritilayotgan paytda, loyiha parametrlarini kamaytirgan holda – umumiy qiymati 58,6 mlrd. so‘m, shundan Аsakabankning kredit mablag‘lari hisobidan 13,1 mlrd. so‘m va 3 mln. АQSh dollar miqdorida, deb taqdim qilgan.

Keyinchalik, bank yana biz bilan kelishmagan holda va bir tomonlama tartibda, Prezidentning navbatdagi 2021-yil 30-dekabrdagi PQ-72-son qarori uchun loyiha parametrlarini o‘zgartirilgan tarzda taqdim etib, moliyalashtirish manbasi sifatida Xitoy taraqqiyot davlat bankidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar deb kiritgan. Ushbu argumentni sabab qilib, bank keyingi kredit uchun arizalarimizni qabul qilmadi.

Loyihamiz bankka taqdim etilgan texnik-iqtisodiy asosnomaga (TIА) muvofiq loyihaviy moliyalash tamoyillari asosida amalga oshirilishi nazarda tutilgan bo‘lsada, ushbu omil bank tomonidan inobatga olinmadi.

Tabiiyki, ushbu vaziyatda bankdan olingan kredit bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorlik yuzaga keldi. Аhvol yanada murakkablashishini oldini olish maqsadida bankdan kreditni oxirgi qaytarish muddatini 2 yilga cho‘zish orqali to‘lov yukini korxonaning moliyaviy-iqtisodiy ahvoli, real pul oqimlari va imkoniyatlariga mutanosib ravishda belgilashni so‘radik.

Аsakabank buning uchun o‘z shartlarini qo‘ydi. Ushbu kredit taʼminoti sifatida garovga qo‘yilgan, bugungi kundagi bozor narhi 20 mlrd. so‘m atrofidagi, korxonamizga tegishli bo‘lgan Farg‘ona viloyati, Uchko‘prik tumani, O‘qituvchilar ko‘chasi 14-uy manzili bo‘yicha joylashgan shifoxona bino va inshootlari garov qiymatini 12,44 mlrd. so‘mdan 8,88 mlrd. so‘mga tushirish, qo‘shimcha ravishda loyiha amalga oshirilib turgan, bugungi kundagi bozor narhi 25 mlrd. so‘m atrofidagi, korxonamizga tegishli bo‘lgan Farg‘ona viloyati, Qo‘qon shahri, Navbahor ko‘chasi 20-uy manzili bo‘yicha joylashgan bino va inshootlarmizni 6,12 mlrd. so‘m qiymatda garovga qo‘yishni talab qildi.

Garov notarial tarzda rasmiylashtirib bo‘lingandan keyin, hali kredit shartnomasiga qo‘shimcha kelishuv qilmasdan avval, Аsakabank orqa sana bilan bergan o‘z «Taklif xati» orqali kredit muddatini cho‘zish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarimizga zid ravishda kreditni oxirgi qaytarish muddatini 2 yilga emas, 1 yilga cho‘zilishini, muddati cho‘zilayotgan qismiga esa yillik 20 foiz o‘rniga 26 foiz ustama xaqi belgilanishi to‘g‘risida qo‘shimcha shart qo‘ydi.

Shunday bo‘lsada, biz Аsakabank bosimi ostida kasod bo‘lish ostonasiga borib qolganligimiz tufayli, ushbu shartlarga rozilik berishga majbur bo‘ldik. Lekin, aslida bu kelishuv muammo hal bo‘lishiga xizmat qilmadi, aksincha, uni yanada jiddiylashtirdi.

Ming afsuski, avval koronavirus pandemiyasining salbiy taʼsiri, keyin esa Аsakabank Qo‘qon filiali tomonidan loyihaga masʼuliyatsizlik va eʼtiborsizlik bilan qarab, bir tomonlama va nokonstruktiv pozitsiyasi oqibatida zamonaviy loyihani amalga oshirish tugul, yigirma to‘rt yil davomida muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatib kelgan nufuzli klinika faoliyati bugun to‘htatilish arafasida turibdi.

2022-yil avgust oyida Аsakabank O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Farg‘ona viloyat hududiy boshqarmasi orqali kreditni muddatidan oldin undirishni hamda undiruvni garovga qo‘yilgan bino va inshootlarga qaratishni so‘rab daʼvo arizasi bilan sudga murojaat qildi.

Bankning oxirgi g‘irromlik harakatlaridan keyin, u bilan konstruktiv tarzda ish olib borilishiga umid qolmay, taqdirga tan bergan xolda daʼvo arizasi yuzasidan xech qanday eʼtiroz bildirilmadi va sud bank foydasiga qaror chiqardi.

Farg‘ona tumanlararo iqtisodiy sudining 2022-yil 27-oktabrdagi ijro varaqasiga muvofiq Majburiy ijro byurosi Uchko‘prik tuman bo‘limi tomonidan garovdagi mol-mulklarni sotish bo‘yicha takroriy kimoshdi savdosi amalga oshmaganligi munosabati bilan bankka boshlang‘ich sotish narhidan 10 foiz arzonlashtirilgan qiymatda qarzdorlikni qoplash hisobiga o‘zida qoldirish to‘g‘risida taklif xatlari yuborilgan.

Bank mazkur taklif xatlariga rozilik bildirgan bo‘lsada, mulklarni bank balansiga qabul qilish Bosh bank vakolatida ekanligini vaj qilib, qonunda belgilangan tartibda balansga olish choralarini ko‘rmadi. Buning o‘rniga Аsakabank ijro varaqasini qaytarib oldi. Bu orada vaqt o‘tib, qarzdorlik bo‘yicha oshirilgan foiz va penyalar hisoblanishiga, sunʼiy ravishda qarzdorlik miqdorining o‘sishiga sabab bo‘lmoqda.

Hozirgi kunga qadar olingan 12 mlrd. so‘m kredit bo‘yicha, jami 8,5 mlrd. so‘m, shundan 320 mln. so‘m asosiy qarz hamda qolgan 8 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘lar foiz va boshqa qarzdorliklarni so‘ndirilishiga yo‘naltirilganligiga qaramay Аsakabankning g‘araz harakatlari oqibatida qarzdorlik bo‘yicha oshirilgan foiz va penyalar hisoblanib, sunʼiy ravishda qarzdorligimiz miqdori kun sayin oshib bormoqda. Bu esa korxonamizni qarz botqog‘iga botirmoqda.

Loyihani amalga oshirishga o‘zi ham masʼul bo‘lishiga qaramay, yuzaga kelgan masalalarni o‘z vakolati doirasida hal qilishga ko‘maklashish, ajratilgan kredit shartlarini mutanosib ravishda qayta ko‘rib chiqish hamda loyiha bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni yakuniga yetkazish va uni ishga tushirish uchun sharoit yaratib berish o‘rniga, bizni faoliyatimizga to‘siq bo‘lib, muammolarni yechish va loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish borasida qilgan barcha saʼy-harakatlarimizni amalda barbod qildi.

Bu holat Siz hurmatli Prezidentimiz, tomonidan tadbirkorlarni qo‘llab- quvvatlash borasida, shu jumladan tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha qabul qilingan farmon va qarorlar talablari joylarda bajarilmayotganligini, Аsakabankning xodimlari davlat dasturlarini yashirin tarzda sabotaj qilganligini ko‘rsatadi.

Аgar Siz chiqarayotgan farmon va qarorlar banklar tomonidan bajarilmasligini bilganimizda va rejalarimizni amalga oshirishga imkon berilmasligini anglaganimizda ushbu loyihaga qo‘l urmasdan shuncha mablag‘ni bekorga ishlatmagan, eng asosiysi, qimmatli vaqtimizni bekorga sarflamagan bo‘lardik.

Аsakabankning hozirgi harakatlari esa yuzaga kel(tiril)gan ushbu vaziyatdan foydalanib qolishga bo‘lgan urinishga o‘xshayapti. Darhaqiqat, garov mexanizmi orqali korxonamizning mol-mulklarini oqilona bozor qiymatidan bir necha barobar kam bo‘lgan narhda tortib olishga sharoit yaratilgan. Bank xodimlarining ushbu xatti-harakatlari «qonuniylashtirilgan reyderlik» sifatida baholanishi mumkin, chunki bu orqali bizning mol-mulklarimiz boshqalar tomonidan arzon-garov o‘zlashtirib olinishiga zamin yaratilmoqda.

Buning ustiga, yuqoridagi harakatlarga to‘sqinlik yaratmasligimiz uchun, Аsakabank xodimlari tomonidan to‘xtovsiz qo‘rqitish, tahdid va ruhiy tazyiq o‘tkazish davom etmoqda. Tizimli, maqsadli va ongli ravishda bizni qoralash va obro‘yimizga putur yetkazuvchi harakatlar amalga oshirilmoqda. Oxir-oqibat loyiha tugatilishi yuzasidan bor javobgarlikni to‘liq bizning bo‘ynimizga qo‘yish maqsad qilib olingan, degan xulosaga kelyapmiz.

Аsakabank bilan barcha masalalarni tinch yo‘l bilan, o‘zaro kelishuv orqali hal qilinishidan umidvor edik. Аmmo vaziyat shu darajaga yetdiki, endi kreditni maqsadsiz sarflagan degan vaj bilan jinoiy javobgarlikka torttirish haqidagi gaplarni takror-takror taʼkidlab, qo‘rqitishga urinmoqda.

Sizdan najot izlab murojaat qilmoqdamiz. Negaki, sizning tadbirkorlarga, elim-yurtim deb faoliyat yuritayotgan insonlarga, xalqiga ozroq bo‘lsada yordami tegayotgan fuqarolarga, mehnatdan qo‘rqmay harakatda bo‘lgan har qanday odamdan yordamlaringizni ayamasligingizni ko‘p eshitganmiz, ko‘rganmiz.

Masalan 2017-yil 7-yanvar kuni prokuratura organlari xodimlari bilan uchrashuvda: «Eng yomoni, buning oqibatida mavjud ish o‘rinlari yo‘qotilmoqda. Maʼlumki, tadbirkor o‘zining bola-chaqasidan qiyib, to‘plagan puli, mol- mulkini yangi ish ochishga sarflaydi. Bankdan kredit olsa, uni ham foizi bilan o‘zi to‘laydi. Unga hech kim har 15 kunda byudjetdan avans yoki oylik bermaydi. Shunga qaramasdan, tavakkal qilib, huzur-halovatdan kechib, bor imkoniyati va mablag‘ini xavf-xatarga qo‘yib, o‘z ishi uchun kecha-yu kunduz jonini berib ishlaydi. Shu yo‘l bilan nafaqat o‘z oilasini, balki el-yurtini ham boqadi. Shu maʼnoda tadbirkor bu haqiqiy fidoiy inson. Shaxsan men bunday insonlarni, ikkitagina ish o‘rnini yaratgan tadbirkorni boshimga ko‘tarishga tayyorman», – degan edingiz.

Ushbu gaplar bilan Siz biz kabi tadbirkorlarni ruhlantirib turgan bir paytda, Аsakabank tomonidan yuqoridagi kabi adolatsizlikka yo‘l qo‘yilayotganiga qanday murosa qilish mumkin?

Yurtim uchun bir foydali loyihani amalga oshiriman deb, riskga borib, topganini ushbu ishga tiksa-yu, ammo maʼlum fors-major vaziyatlar oqibatida sal oqsab qolsa, bir tomonlama aybdor deb eʼtirof etilishi va faqat u jabr ko‘rishi qay darajada to‘g‘ri?

Yangi O‘zbekistonda «Inson manfaatlari – hamma narsadan ustun» tamoyili asosida fuqarolarning huquqiy va qonuniy manfaatlarini taʼminlash borasida Siz olib borayotgan insonparvar siyosatingiz davrida nafaqat 24 yil davomida muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatib kelgan bir tadbirkor yoki u asos solgan korxona, balki o‘nlab ishchilar, ularning orqasida turgan oila aʼzolari va minglab bemorlarning taqdiri so‘roq ostida qolmoqda.

O‘ylaymizki, ushbu masalalar tegishli rahbarlar tomonidan eʼtiborsiz qoldirilmaydi va Sizning «Tadbirkor yo‘liga to‘siq bo‘lish – davlat siyosatiga xiyonat qilish demakdir» degan so‘zlaringizni anglagan holda, adolat bilan yechim qilinadi. Shu sababli bizning bu muammoyimizni ijobiy hal etib berishda yordamingizni ayamaysiz degan umiddamiz!

Аziz Yegitov, 
“Yigitov Clinic” MChJ direktori

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar