Bugun «O‘zbekinvest» eksport-import sug‘urta kompaniyasi АJ Farg‘ona filialida «Bozor iqtisodiyotida sug‘urtaning tutgan o‘rni va ahamiyati» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Mehmonlar anjuman avvalida filialning bo‘limlari ish faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi. Ular jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, sug‘urtalash faoliyatini amalga oshirish va uning hisobini yuritish, kadrlar bilan ishlash bo‘limlarida bo‘lishib, masʼul xodimlardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar.
Shundan so‘ng sug‘urta kompaniyasining Farg‘ona filiali direktori Mamasaidov Аʼzambek Egamberdievich ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Filial direktori sug‘urta kompaniyasining tashkil etilishi tarixi, hududiy tashkilotlari, asosiy faoliyat yo‘nalishlari, mamlakat sug‘urta bozoridagi faoliyati, shuningdek kompaniyaning viloyatdagi tashkilotlarining ushbu jarayonlardagi ishtiroki va o‘rni yuzasidan atroflicha maʼlumotlar berib o‘tdi.
Taʼkidlanishicha, “O‘zbekinvest” eksport-import sug‘urta kompaniyasi 29 yildan buyon mamlakat sug‘urta bozorida yetakchilik qilib kelmoqda. Kompaniya 1994-yil 13-aprelda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qarori bilan tashkil etilgan. 2020-yil 1-iyulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Eksport faoliyatini moliyalashtirish va sug‘urta mexanizmlarini kengaytirish to‘g‘risida"gi Farmoni ijrosi doirasida va Respublika Vazirlar Mahkamasining tayinlanishiga javoban "O‘zbekinvest" kompaniya aktsiyadorlik jamiyatiga aylantirilgan.
Hozirgi kunda Farg‘ona viloyatida kompaniyaning 21 ta hududiy bo‘limlari faoliyat yuritib kelmoqda. Filialning 57 ta shtat jadvali bo‘yicha xodimlari mavjud. Ularning 5 tasi hozircha vakant. Fuqarolik shartnomasi bo‘yicha 15 ta xodim ishlaydi. Kompaniyada ish o‘rinlari chegaralanmagan. Ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar, ayniqsa yoshlar tashkilotga kelib, mutaxassislardan sohaga doir bilimlarni o‘zlashtirib, malakasini oshirib, fuqarolik shartnomasi asosida ishlashlari mumkin. Buning uchun ulardan faqatgina, mijozlarni faol qidirish va jalb qilish, o‘z mijozlari bazasini shakllantirish kerak bo‘ladi. Ularning oylik maoshi pul tushumiga qarab belgilanadi.
Kompaniyaning www.uzbekinvest.uz rasmiy veb sayti, shuningdek aholi va mijozlar bilan qayta aloqani yo‘lga qo‘yish, ularning murojaat (ariza, shikoyat va taklif)lari bilan ishlashni tashkil qilish maqsadida 1160 qisqa raqamli hamda (71) 207 6000 ishonch telefoni faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Аgar raqamlarga murojaat qilinsa, 2023-yilning birinchi yarmida kompaniya tomonidan 2107 ta daʼvo arizalari bo‘yicha 45,5 milliard so‘m miqdorida sug‘urta tovonlari to‘langan. Eng ko‘p sotilgan sug‘urta polisi transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilishdir.
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari