Avvalroq, Xorazmda Adliya va FVB boshliqlari mehribonlik uyida tarbiyalanuvchi qizlar bilan jinsiy aloqada bo‘lib kelgani, ularga nisbatan birinchi instansiya sudi yengil jazo tayinlagani jamoatchilikning ko‘plab e’tirozlariga sabab bo‘lgan edi.
Bugun, 3-noyabr kuni Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida A.M. (1979-yilda Nukus shahrida tug‘ilgan, Xorazm viloyati Adliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan) va A.Q. (1984-yilda Yangiariq tumanida tug‘ilgan, Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan)ga oid jinoyat ishini apellyatsiya tartibida yangidan ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda Oliy sud Matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, ushbu jinoyat ishi JPKning 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rib chiqildi.
Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya instansiyasining 2023-yil 3-noyabrdagi hukmi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Xiva tuman sudining 2022 yil 6 sentyabrdagi hukmining A.M. va A.Q.ga oid qismi bekor qilinib, sudlanuvchilar A.M. va A.Q. JKning oldingi tahrirdagi 128-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 1-qismi va 1281-moddasi (o‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxsga moddiy qimmatliklar berish yoxud uni mulkiy manfaatdor etish orqali u bilan jinsiy aloqa qilish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi va JKning 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida ularning har biriga uzil-kesil 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Shu tariqa sudlanuvchilarga nisbatan qo‘llanilgan "garov" tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilinib, A.M. va A.Q. sud zalidan qamoqqa olindi.
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari