• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Jamiyat Aybsiz aybdorlar: “Har safar jangga kirayotib, bu gal aniq qaytib kelmayman, deb o‘ylardim”
Jamiyat
Voqealar

Aybsiz aybdorlar: “Har safar jangga kirayotib, bu gal aniq qaytib kelmayman, deb o‘ylardim”

  • 02.06.2024 / 17:39
  • 498
  • 0
111

Afg‘on urushi qatnashchisi, 2-guruh nogironi Ermuhammad Tojiboyev Andijon tumani Zavroq qishlog‘ida tug‘ilgan. 18 yoshida muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan. Bir yildan so‘ng sovet-afg‘on armiyasidan iborat birlashgan kuchlar safida mujohidlarga qarshi jang qilish uchun Afg‘oniston Demokratik Respublikasiga yuborilgan. Shiddatli janglarda bir oyog‘idan ayrilgan.

Qo‘rqinchli tush: Qunduzdagi operatsiya

Dushman ularni uch tomondan qurshab olgan. Ermuhammad okop vazifasini o‘tayotgan suvsiz ariqqa qarab yuguryapti. “Bum-m-m-m!” Atrofni chang-to‘zon qopladi. Qulog‘i tom bitib qolgan Ermuhammad bir zum nima bo‘lganini anglayolmay o‘tiraverdi. Biroz o‘ziga kelgach, usti boshini changdan qoqa boshladi. Hayriyat, tirik ekan. Safdoshlari aytgandi: “yaralanganingda og‘riq darrov bilinmaydi”, deb. Demak, yaralanibdi. Faqat hech narsani idrok qilolmayapti. “Hechqisi yo‘q, tibbiy punktga borvolsam, yaralarimni davolashadi”, o‘yladi Ermuhammad. Baribir, nimadir g‘alati... Ermuhammad butun badanini paypaslay boshladi. O‘ng shimi o‘qdan ilma-teshik bo‘pketibdi. Chap oyog‘i esa... “Granatomyotdan o‘qqa tutishibdi” deb o‘ylagan Ermuhammad, minani bosib olgani va bir oyog‘idan ajralganini endi angladi. Angladiyu, hushini yo‘qotdi.

Uning hayotini o‘zgartirib yuborgan, orzularini chilparchin qilgan o‘sha mash’um kun tez-tez tushlariga kirib turadi. Uzoq muddatli davolash kurslaridan so‘ng jang xotiralari hartugul bezovta qilmay qo‘ygan edi. Kecha quroldosh do‘stlaridan yana biri bu olamni tark etdi. Fotihadan kelganidan buyon Ermuhammad hud-behud, kechasi bilan uxlolmay, aloq-jaloq tushlar ko‘rib chiqdi. Go‘yoki barchasi yana qaytadan boshlanganday...

-1983-yil may oyida harbiy xizmatga jo‘naganman. Ammo, Afg‘onistonda xizmat qilishimni bilmasdim. 6 oy Toshkentda mashg‘ulotlarda bo‘ldik, so‘ng 250 nafar harbiy xizmatga chaqiriluvchilar qatori Afg‘onistonning Qunduz viloyatiga yuborildim, - deya hikoya qiladi E.Tojiboyev. - Artilleriyachi bo‘lganim uchun, hamisha oldingi saflarda edim. Biror kun otishmasiz o‘tmagan ekan, eslasam. Kechayu kunduz, hatto kerak bo‘lsa, uyqumda ham otishim kerak edi. Har safar jangga kirayotib, "bu gal aniq qaytib kelmayman!" deb o‘ylardim.

Muddatli harbiy xizmat yakuniga yetib qolgan. Demobilizatsiya uchun hujjatlar allaqachon tayyor va u vatanga qaytishni orziqib kutmoqda edi. Kutilmaganda, demobilizatsiya biroz ortga surildi: hududni boshqarayotgan dushman guruhini yo‘q qilish haqida yangi buyruq olindi.

O‘shanda ham may oyi edi. Kunduzi bilan bo‘lgan otishma biroz tingan. Endigina o‘z pozitsiyalariga qaytayotgan askarlar ayovsiz o‘qqa tutildi. Qochishdan boshqa chora yo‘q edi. Ammo, atrof minalanganligini hech kim bilmasdi ...

Ermuhammad gospitalda ko‘zlarini ochdi. Chap oyog‘i yo‘q, o‘ng oyog‘i esa o‘q parchalari bilan qoplangan. Shundan so‘ng u ko‘p operatsiyalarni boshidan o‘tkazdi. Oyoq amputatsiyasi, ko‘plab o‘q parchalari va nerv tomirlarini olib tashlash... Yana 6 oy Toshkentdagi harbiylar gospitalida davolash muolajalari oldi. Va 1985-yil kech kuzda, 2,5 yildan so‘ng Andijondagi o‘z uyiga yetib keldi. Qo‘ltiqtayoqlarda!

-O‘zbek yigitlaridan tashqari O‘rta Osiyodan qancha navqiron yigitlar, qardoshlarimiz halok bo‘ldi, yana qanchasi umrbod nogiron bo‘lib qoldi. Kim va nima uchun shuncha qurbon berdik?, haligacha tushunolmayman. Bu achchiq xotira, bizning aybimiz esa o‘sha paytda “Vatan” oldidagi burchimizni ado etganimiz bo‘ldi, - deydi Ermuhammad.

Eslatma: Afg‘on urushi 1979-yil 25-dekabrda boshlanib 1989-yilning 15-fevraligacha, qariyb 10 yil davom etgan.

Janglarda jami 15 mingdan ortiq sovet jangchilari halok bo‘lgan, 416 ming kishi jarohatlangan.

O‘zbekistondan jami 64 500 nafar yigit Afg‘on urushida ishtirok etgan. Ulardan 1 522 nafari halok bo‘lgan, 2 500 dan ziyod askar butun umrga nogiron bo‘lib qolgan.

Andijon viloyati bo‘yicha esa 5 mingga yaqin yigit urushda ishtirok etgan, ulardan 150 nafari halok bo‘lgan, 600 ga yaqini nogiron bo‘lib qaytgan.

Hayotga qaytish

Vafosiz muhabbat, atrofdagi gap-so‘zlar, achinib qarashlar, o‘zingni keraksiz buyumday his qilish, hech ishga yaramaslik... Barchasi yigitni yeb bitirdi, ruhan sindirdi, deb aytishimni kutdingizmi? Yo‘q! Inson irodasi po‘latdan ham mustahkam ekan. Sport uning dardlariga malham bo‘ldi, oyoqqa turg‘azdi, chiniqtirdi, hayotga qo‘shdi. Bu yo‘lda ko‘p mashaqqatlarni, ibrat bo‘lishga arzirli voqealarni boshidan o‘tkazdi. Hikoya qilishicha, bir gal uni Toshkentga, oyog‘ini protezlash uchun yuborishadi. Kasalxona yonida sport zali bo‘lib, unda yoshlar og‘ir atletika bo‘yicha mashg‘ulot o‘tardilar. Qo‘ltiqtayoqli yigit murabbiydan vaqtincha shug‘ullanib turish uchun ruxsat so‘raydi.  Murabbiy kuladi, ammo, nogiron yigitga rahmi kelib, ruxsat beradi. Sun’iy oyoq tayyor bo‘lgunicha Ermuhammad mashg‘ulotlarga qatnab, tosh ko‘tarish bo‘yicha natijalarini yaxshilaydi. Bir gal 110 kilogramlik toshni ko‘targanida, murabbiy hayratda qoladi va o‘z sportchilarini noshudlikda ayblab, Ermuhammadni o‘rnak qilib ko‘rsatadi. Aslida, urushdan majruh bo‘lib qaytgan yigit hali ko‘p narsaga qodirligini eng avvalo, o‘ziga-o‘zi isbotlamoqchi edi.

Hayot asta-sekin o‘z iziga tusha boshladi. Ermuhammad qo‘shni qishloqlik Mukarramxon bilan oila rishtalarini bog‘ladi. Afg‘on urushida yo‘qotilgan oyog‘i uchun unga yer uchastkasi va avtomashina berildi, barcha afg‘on jangchilari singari qator imtiyozlarga ega bo‘ldi.

Sinovlar, muhojirlik

Yaratgan o‘z suygan bandalarigagina sinov yuboradi, deydilar. Harqalay, bu yupanch - o‘sha sinovlarni yengib o‘tishingda senga kuch beradi, barcha narsa o‘tkinchi ekanligini o‘ylab, taskin topasan kishi. Tojiboyevlar oilasi uchun ham yangi sinov davri boshlandi. Endi urushda emas, balki beqaror tinch hayotda.

Akasi vafot etdi, uch kundan so‘ng uyi yonib ketdi. Uni qayta tiklash uchun pul kerak edi. Afg‘on faxriylari hali ham ma’lum imtiyozlarga ega, ammo moddiy tomonlama emas. Nafaqa miqdori kam, bu bilan uy qurish, hatto ro‘zg‘or tebratish qiyin edi.  Buyoqda uch bola “yeyman-ichaman” deb turibdi. Rossiyada ishlaydigan jiyani tog‘asini Ryazanga, qurilishda ishlashga taklif qildi.

-Men nogironligimdan qo‘rqmasdim, o‘zimga ishonardim. Shu vaqt ichida protezga shunchalik ko‘nikdimki, o‘zimni sog‘lom odam deb bilardim. Axir, bir oyog‘im yo‘q bo‘lsa nima qipti?, bu – hayot tugadi, degani emas-ku! Muhimi – tirikman! Shuning uchun tavakkal qildim, - deydi qahramonimiz.

Ermuhammad Ryazanda avvaliga arralash sexida, so‘ng qurilishda ishladi. O‘zbeklar uchun muqobil tanlov yo‘q, bo‘sh ish o‘rinlari unchalik xilma-xil emas. U boshqa gasterbayterlar singari eng og‘ir va eng kam haq to‘lanadigan ishda, ular bilan bab-baravar ishladi.

G‘ayriinsoniy yuklamalarga protez bardosh bera olmadi. Po‘lat moslama po‘lat xarakterga qaraganda zaifroq bo‘lib chiqdi va yorilib ketdi. Inson va metall o‘rtasida jiddiy kurash boshlandi. Yangi protez sotib olishga moliyaviy jihatdan imkoni yo‘qligini bilgan yigit eskisini payvandladi, biroq u qayta-qayta yorilib ketardi. O‘nlab marta singan va payvandlangan moslamaning bironta sog‘ joyi qolmadi. Afg‘onchi jangchi birodarlar yordamga kelmaganida bu kurash hali uzoq davom etardi, balki.

- Bilasizmi, urush jangchilarining begonasi bo‘lmaydi. Qaysi davlatga bormang, Afg‘onda xizmat qilganmi?, u kim bo‘lishidan qat’i-nazar, bir-biriga birodar. Xizmatdoshlarim uzoq vaqt shu yaroqsiz protezda yurganimdan hayron bo‘lishdi, “xavotirlanma Misha, jang payti biz bir-birimizni tashlab ketmaganmiz, hozir ham tashlab qo‘ymaymiz”, deb menga yangi protez yasatib berishdi. Qulay, yengil moslamada men nafaqat yurardim, hatto, raqsga tushardim, yugurardim. Va harbiy kasalxonadagi keksa hamshiraning “Sinok, ti yeshyo begat budesh!” degan gaplarini eslab, kulardim.

Hozir Afg‘on jangchisining 3 ta protez moslamasi bor. Uchinchi moslamani unga Respublika “Veteran” jangchi-faxriy va nogironlar birlashmasi Kuba davlatida yasattirib bergan.

- Bir oyog‘im o‘rniga uchta oyoqli bo‘ldim. Qo‘ltiqtayoqlarim bilan hisoblasam yanada ko‘payib, sakkizoyoq bo‘pketaman! - deydi askiya qilib tabiatan hazilkash “Misha” aka.

Bitmas jarohat

Ermuxammad Tojiboyev hamisha do‘stlariga tayandi, hozir ham sog‘lom turmush tarzini davom ettirmoqda. Har tong yangi kunni mashqlar bilan boshlaydi, uyining burchagida o‘zi payvandlagan 10 kilogrammli gantellar bor.

Muhojirlikdan kelib, uyda bekor o‘tirolmadi. Qo‘li gul usta Andijon shahridagi “LYUKS MEX TAY” temir buyumlari ishlab chiqarish korxonasiga payvandchi bo‘lib ishga kirdi. Hovlisini ta’mirdan chiqardi, farzandlarini uylab-joyladi, hozir 6 nabiraning bobosi.

-Shukr, yurtimiz tinch, tonglarimiz sokin! – deydi sobiq jangchi. - Afsuski, bu ne’mat qadriga faqat urush ko‘rgan odamlar yetarkan. Mana men, otam ko‘rmagan urushni ko‘rdim. Uning asoratlarini haligacha tortyapman. Istagim, farzandlarim, nabiralarim, umuman kelajak avlod hech qachon urush nimaligini bilmasin. Nomini kitoblardan o‘qishsinu, o‘zini ko‘rishmasin.

Ermuhammad Tojiboyev taqdir yuborgan barcha sinovlarni yengib o‘tdi, bu urushda g‘alaba qozondi va tanlagan yo‘lidan bir daqiqa ham og‘ishmadi. U hamma narsa uning o‘z qo‘lida ekanligiga ishondi: hayot ham, sog‘liq ham. Ammo...

Hamon uning tushlariga afg‘ondagi ayovsiz janglar, halok bo‘layotgan quroldoshlari kirib turadi, xuddi 40 yil avvalgiday dahshatli otishma ovozlari eshitilib, bezovta qiladi.

- Bu tushlar balki, umrimning oxirigacha davom etar, chunki, u kunlarni bir dam bo‘lsada, unutmaganman. Tan jarohati bitishi aniq, ammo qalb jarohatlari hech qachon bitmas ekan, - deydi Ermuxammad Tojiboyev.

Muazzam Sobirjon qizi

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar